Breaking News

Afg'onistonda Pokiston yutdimi?


Zabul viloyati ko'chalarida yurgan toliblar, 19-avgust, 2021
Zabul viloyati ko'chalarida yurgan toliblar, 19-avgust, 2021

Pokiston Bosh vaziri Imron Xon Tolibonning Afg'onistonda 20 yil o'tib, hokimiyatga qaytganini maqtab chiqqani G'arbda unga qarshi tanqidlarni kuchaytirgan. Tolibonni aslida Pokiston razvedka xizmatlari yetishtirgan va hamon quvvatlaydi, degan ma'lumotlar asosli, deya eslatmoqda AQSh va Yevropa xavfsizlik organlari.

Bir paytlar AQShning Guantanamo qamog'ida otirgan Abdul Qayum Zokir endilikda Afg'onistonning muvaqqat mudofaa vaziri. Zokir Pokistonda shakllangan Haqqoniy tarmog'i bilan maslakdosh. Bu tarmoq esa terrorizmda gumon qilinadi. Zokir Tolibonning Ashraf G'ani hukumati bilan muzokaralariga qarshi bo'lgan va boshidan Kobulga kuch bilan bostirib borishga undagan.

2010-yilda Pokistonda boshqa toliblar bilan qamoqqa olinganida Zokir sheriklari bilan maxfiy xizmatlari yordamida tez kunlarda ozodlikka chiqqan. G'arb manbalariga ko'ra, u asosan Hilmand viloyatida faoliyat olib borgan va Pokistonga bemalol kirib-chiqqan. NATO harbiylariga qarshi hujumlar uyushtirgan.

Afg'on-Pokiston chegarasida
Afg'on-Pokiston chegarasida

Pokiston hukumati chegaradagi ayrim hududlarga xalqaro koalitsiyaning kirishiga yo'l qo'ymay, toliblarni u yerda o'zi kuzatayotganini da'vo qilar edi.

Amerika hukumati va uning ittifoqchilari Pokiston razvedka idorasini ikki yoqlama o'yinlarda ayblaydi. Tolibonga munosabat buning yaqqol isboti, deydi Vashington rasmiylari.

Aynan shu sabab ham Prezident Barak Obama 2011-yilda Osama bin Ladenni o'ldirish operatsiyasida Pokistonni aralashtirmagan, chunki Islomobod bilsa, amaliyotga zarar yetadi deb hisoblagan.

2018-yilda Tramp ma'muriyati Pokistonga ishonmasligini aytib, harbiy yordamni to'xtatgan. Islomobod terrorchilarni quvvatlamasligini qayd etadi, ammo G'arb hukumatlari xulosa qilishicha, bu tuzum terroristlardan o'z ta'sir kuchi sifatida foydalanadi, xususan qo'shni Hindistonga nisbatan.

Hindistonning Kobuldagi sobiq elchisi Gautam Muhopadaya nazarida Tolibon tizgini Pokiston qo'lida.

“Islomobod o'zini AQShning kuchli hamkori qilib ko'rsatishga urinadi, ammo parda ortida murakkab o'yinlar bilan band. Tolibonni AQShga qarshi xurujlarda moylagan ham Pokistondir", - deydi Muhopadaya.

Imron Xon, Pokiston Bosh vaziri
Imron Xon, Pokiston Bosh vaziri

Uning tahlilicha, Afg'onistonda sovet qo'shiniga qarshi urushda Pokiston Amerika yordami bilan jihodchilarni quvvatlagan. 2001-yildan keyin esa AQShdan olgan harbiy madadining bir qismini Islomobod Tolibonga sarflagan. Ya'ni, deydi Muhopadaya, AQSh puli hamisha qo'l kelgan va pirovardida unga qarshi ishlatilgan.

Pokiston o'z strategik rolini shunda ko'radi, deydi boshqa ekspertlar. Ular talqinida Afg'onistonda uning homiyligidagi hukumat bo'lishi Islomobod uchun mintaqaviy va xalqaro qudratdir.

AQSh sobiq razvedkachisi va hozirda Vashingtondagi Brukings aql markazi ekspertt Brus Raydel fikricha esa Pokiston Tolibonni quvvatlab, o'z oyog'iga bolta urmoqda. Pokiston ahlining qonini to'kib keayotgan Tahriki-Tolibon guruhi, jiihodchilardan iborat to'da nafaqat fuqarolar, balki qurolli kuchlari ham nishonga olib keladi. Guruh Tolibonning sherigi.

Tahriki-Tolibonning afg'on qamoqxonalaridagi a'zolari hozirda ozodlikka chiqmoqda va ular Pokiston hukumatidan o'ch olishni istaydi, deydi Raydel. Faqir Muhammad bu to'daning sobiq yetakchilaridan va u ham hozir erkinlikda.

"Pokiston Tolibon tamoman bizning iznimizda deb o'ylayotgan bo'lsa, adashadi", - deydi Raydel. "Bu harakat va'dasida turmaydi va kutilmagan qarorlar qilishga moyil. Afg'onistondagi Tolibon va Pokistondagi Tolibon hamkorlikda ishlayveradi va boshqa hukumatlarga ular o'ylaganidek bo'ysunmaydi".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG