Breaking News

O'zbekiston afg'onistonlik qochoqlarni qabul qiladimi?


Afg'onistonlik qochoqlar
Afg'onistonlik qochoqlar

Rasmiy Toshkent afg’onistonlik qochoqlar bo’yicha sukut saqlashda davom etar ekan, mahalliy matbuotda chegara yaqinida tiklangan qochqinlar lageriga doir dastlabki suratlar paydo bo’ldi.

“Gazeta.uz” nashri Surxondaryoda tiklangani ta’kidlangan qochqinlar lageri suratini e’lon qilgan. Unda 100 nafar atrofidagi afg’on qochqinlari joylashtirilgani xabar qilinmoqda.

Shuningdek, avvalroq O’zbekiston tomoniga o’tgani xabar qilingan bir necha yuz afg’on harbiylari Surxondaryodagi kovid markazida saqlanayotgani aytilmoqda.

Rasmiy Toshkent afg’onistonlik qochqinlar qabul qilinayotganiga doir bu xabarlarga hozircha munosabat bildirgani yo’q.

Ammo O’zbekiston Afg’onistondan o’z fuqarolarini, shuningdek, qochqinlarini olib chiqayotgan Yevropa davlatlari uchun asosiy tranzit hududga aylanib borayotgani kuzatiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Germaniya Prezidenti Frank-Valter Shtayenmayer, Kansler Angela Merkel bilan qochqinlarga ko’mak ko’rsatish bo’yicha muzokara o’tkazishi ortidan hukumat Toshkent va Navoiydagi aeroportlarni afg’onistonliklar evakuatsiyasi uchun ajratdi.

Afg’onistondan nemis harbiylariga ko’maklashgan mahalliy aholini ham olib chiqarayotgan Germaniya hukumati 10 ming atrofidagi afg’onlarga boshpana berishini ma’lum qilgan.

Ayni paytda Germaniyaga ko’chirilayotgan afg’onlar uchun “Toshkent-3” mahalliy aeroporti ajratilgan. O’z fuqarolarini Afg’onistondan olib chiqayotgan Polsha Navoiydagi aeroportdan foydalanayotgani xabar qilinadi.

O’zbekistondagi afg’on harbiylari, shuningdek, Surxondaryodagi lagerga joylashtirilgan qochqinlar taqdiri yuzasidan biror rasmiy tasdiq mavjud emas.

Avvalroq O’zbekiston bosh prokuraturasi o’nlab harbiy samolyot va vertolyotlarda chegarani noqonuniy kesib o’tgan 700 atrofidagi afg’on harbiylariga nisbatan jinoyat ishi ochilgani haqida bayonot bergan, keyinroq esa prokuratura o’z bayonotini rad etib chiqqan edi.

Afg’onlarni uchinchi mamlakatga ko’chirishga ko’maklashayotgan Toshkent qochqinlar tranzit hududdan chiqarilmasligini qayd etgan, cheragani noqonuniy kesib o’tganlarga nisbatan jiddiy chora ko’rilishidan ogohlantirib kelmoqda.

Ammo bu ogohlantirishlardan qat’i nazar, Afg’onistondan daryo orqali O’zbekistonga o’tishga urinayotgan qochqinlar soni ko’payib borayotgani xabar qilinadi.

Afg'onistonning qochoq o'zbeklari
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:16 0:00

Matbuotda daryo kechib O’zbekistonga o’tishga urinayotgan afg’onlar buning uchun plastik idishlardan yasalgan qayiqlardan foydalanayotganiga doir ma’lumotlar mavjud.

O’zbekiston tomonining qochqinlarga munosabati ancha keskinligi bilan ko’zga tashlanadi.

100 minggacha bo’lgan afg’on qochqinlarini qabul qilishga tayyor ekanligini bildirgan qo’shni Tojikistondan farqli O’zbekiston tomoni chegarani noqonuniy kesib o’tganlarga nisbatan jiddiy chora ko’rilishi, chegaradagi vaziyat yuzasidan “Tolibon” harakati bilan muttasil aloqada ekanligidan ogohlantirib keladi.

Sharhlovchilarga ko’ra, Afg’onistondagi etnik tojiklarga ko’mak berish, qochqinlarni qabul qilishga doir xalqaro chaqiriqlarga amal qilishga intilayotgan Tojikistondan farqli O’zbekiston hukumati uchun xavfsizlik asosiy masala bo’lib qolmoqda.

“Tojikiston qochqinlarni qabul qilish masalasida o’z manfaatlaridan kelib chiqib ish tutmoqda. O’zbekistonning bu boradagi pozitsiyasi ancha keskin. Bu pozitsiya avvaldan shunday bo’lib kelgan. Eslasak, Karimov davrida chegara mutlaqo berkitib tashlangan edi, hozir bu pozitsiya nisbatan yumshagan, ammo tugal o’zgarmagan. Afg’onlar har holda O’zbekiston tomoniga o’tyapti, bu borada biror rasmiy munosabatlar yo’q, ammo baribir ayrim qochqinlar, xususan chegarani kesib o’tgan afg’on harbiylari mamlakatda qolayotganiga doir ma’lumotlar bor. Chegara va qochqinlarni qabul qilish masalasida O’zbekiston uchun asosiy o’rinda xavfsizlik turibdi, shuning uchun ham hukumat xalqaro chaqiriqlarga qaramasdan chegarani ochishga shoshayotgani yo’q”, - deydi bu borada siyosatshunos Farhod Tolipov.

Markaziy Osiyo davlatlarini afg’on qochqinlariga nisbatan munosabati turlicha. Tojikiston BMT ko’magida 100 minggacha bo’lgan qochqinlarni qabul qilish imkoniyati haqida bayonot qilgan, Qirg’iziston 500 nafar afg’on talabalarini o’zida o’qitishi mumkinligini, etnik qirg’izlarni olib chiqishga tayyorligini aytdi.

Qozog’iston, Turkmaniston va O’zbekiston afg’onistonlik qochqinlarni vaqtincha ham, doimiy ham mamlakatda qabul qilish qarorida emas, har holda bu borada biror rasmiy munosabat bildirilmagan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG