Breaking News

Putin Markaziy Osiyoda qochqinlar qabulini taqiqlamoqdami?


Rossiya rahbari Vladimir Putin Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti videoanjumanida, Moskva, 23-avgust, 2021
Rossiya rahbari Vladimir Putin Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti videoanjumanida, Moskva, 23-avgust, 2021

Prezident Shavkat Mirziyoyev Rossiya yetakchiligidagi harbiy ittifoqning virtual sammitida ishtirok etgan. Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga (KXShT) kirgan davlat rahbarlari Afg’onistondagi vaziyatni, xususan qochqinlar masalasini muhokama qilgan.

O’zbekiston bu harbiy ittifoqning a’zosi emas, shu bois Mirziyoyevning virtual ishtiroki Afg’onistondagi keskinlik bilan izohlanmoqda.

O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga ko’ra, qo'shni mamlakatdagi ahvol tahdidlarga tayyor turish nuqtai nazaridan Mirziyoyev mehmon maqomida videokonferensiya shaklida qatnashgan.

Navbatdan tashqari o’tkazilgan bu yig’in, xususan unda qochqinlar masalasi muhokama qilinishi Vladimir Putinning afg’onlarni Markaziy Osiyoga kiritmaslikka doir chaqirig’i ortidan o’tgan.

Putin 22- avgust kuni Moskvadagi yig’ilishda qochqinlarni evakuatsiya qilayotgan ayrim davlatlarning o’zi ularni vizasiz qabul qilmayotgani, mintaqa davlatlaridan qochqinlarni vizasiz qabul qilishni so’rash haqoratli, degan mazmunda bayonot qilgan edi.

Prezident Mirziyoyev
Prezident Mirziyoyev

KXShT uchrashuvida tomonlar qochqinlar masalasida umumiy pozitsiya ishlab chiqishga kelishgan. Ta’kidlanishicha, KXShT a’zolari va O’zbekistonning muvofiqlashgan siyosati tashkilotning 16-sentabrda Dushanbeda rejalangan sammitida taqdim etilishi kutilmoqda.

KXShT a’zolarining afg’on qochqinlari masalasidagi pozitsiyasida jiddiy farqlar mavjud deyish qiyin. Qozog’iston va Qirg’iziston qochqinlarni qabul qilayotgani yo’q.

Bevosita Afg’oniston bilan chegaradosh Tojikistonda vaziyat boshqacharoq. Dushanbe bungacha BMT homiyligida afg’on qochqinlarini qabul qilishga tayyorlik bildirib kelayotgan edi.

Ayni paytda Tojikistonda yuzlab afg’on qochqinlari bor. Hukumat qochqinlarning mamlakatga kirishini keskin cheklayotganiga doir ma’lumotlar kuzatilmagan. Ammo Putin yetakchiligida o’tgan KXShT uchrashuvidan so’ng bu vaziyat o’zgarishi mumkin. Rossiya tomoni qochqinlarning mintaqada joylashtirilishiga jiddiy qarshilik bildirmoqda.

O’zbekiston, bu tashkilotga a’zo bo’lmasa-da, qochqinlar masalasida tutgan pozitsiyasi Rossiyanikiga yaqin.

O’zbekiston o'tgan hafta 150 nafar afg’onni Tolibon bilan o’tkazilgan muzokaralar ortidan, harakatning qochqinlar xavfsizligi ta’minlashi haqidagi va’dasiga muvofiq Afg’onistonga topshirganini ma’lum qilgan edi.

Prezident Putin
Prezident Putin

Putinning afg’on qochqinlari bo’yicha ochiqlangan pozitsiyasiga, qochqinlarning Markaziy Osiyoda paydo bo’lishi Rossiya uchun bevosita xavf tug’dirishiga doir qarashlari inobatga olinsa, KXShTning navbatdan tashqari yig’inidan asosiy maqsadi qochqinlarning mintaqaga joylashtirilishini taqiqlash bo’lib ko’rinadi.

Bu Putining Markaziy Osiyo taqdirini hal qilayotgan birinchi qarori emas. Avvalroq xalqaro matbuotda Putin va AQSh rahbari Jo Baydenning Jenevadagi muzokaralari tafsilotlari ochiqlangan edi.

"The Wall Street Journal" gazetasi bergan ma'lumotlarga ko'ra, iyun oyidagi muzokarada prezidentlar xalqaro qo‘shinlar Afg’onistondan chiqishidan keyingi tahdidlarni muhokama qilgan. Unda Bayden terrorizmga qarshi chora sifatida Markaziy Osiyo davlatlarida AQSh harbiylari va dronlarini vaqtincha joylashtirish mumkinligi haqida gapirgan. Putin esa bunga Rossiya, shuningdek, Xitoy ham qarshi bo'lishini ta’kidlagan.

Ammo Vashington rasmiylariga ko'ra, shu paytgacha Markaziy Osiyodagi biror mamlakatdan bu haqida rasman so'ralmagan, bunday taklif bilan chiqilmagan.

O’zbekiston Mudofaa vazirligi ham bu gaplar asossiz deya, milliy qonunchilik xorij harbiy bazalarini mamlakatda joylashishiga va harbiy ittifoqlarga qo’shilishga izn bermasligi haqida bayonot bergan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG