Xalqaro qo'shinlar chiqib ketar ekan, Tolibonga qarshi kurashda Afg'oniston hukumati yana mahalliy, etnik va qabilaviy qo'mondonlarga tayanmoqda.
Prezident Ashraf G'ani shu tariqa mamlakatda tinchlikni ta'minlashga urinmoqda, ammo bu qo'mondonlar va ularning qo'shinlarining maydonga kirib kelishi vaziyati yanada murakkablashtirib, 1990-yillarda sovet kuchlari ketganidan keyin hukm surgan ichki urushlar singari mojarolarga yo'l ochishi mumkin.
G'arbda ayrim keksa harbiylar AQSh va koalitsiyaning ketishi "strategik xato" deya xulosa qilmoqda.
O'zbeklar lideri, marshall Abdul Rashid Do'stum Kobul yuzlangan qo'mondonlardan biri. 10 dan oshiq shahar Tolibon qamalida ekan, uning ko'magiga ulkan umidlar bog'langan.
Tolibon o'tgan hafta hukumat obyektlariga ham ketma-ket hujumlar qildi. Mudofaa vazirligi va boshqa organlarga tegishlar makonlar zarba yegan.
Hirotda qattiq janglar kuzatilmoqda. 70 yoshli Muhamad Ismoil Xon, bir paytlar sovetlar va toliblarga qarshi kurashgan tojik lider 6000 ga yaqin jangariga ega. Kobul undan ham najot kutmoqda.
Prezident G'ani qabilaviy yetakchilarni keskin tanqid qilib kelgan. Ammo o'tgan hafta u Do'stum bilan ko'rishib, Turkiyadan qaytgan qo'mondonni hamkorlikka undagan. Do'stum o'z vaqtida AQShning ham harbiy sherigi bo'lgan.
Hozirda u biror rasmiy lavozimda emas. Turkiyada tibbiy muolaja uchun borganini aytadi. 1990-yillarda toliblarga qarshi jang qilgan, shuningdek, terrorga qarshi urushning ilk bosqichida uning kuchlari Amerikaga yordamlashgan Do'stum inson huquqlarini poymol etganlikda ham gumon qilinadi va xalqaro tashkilotlar tomonidan qoralanadi.
Do'stum ham, Ismoil Xon ham oldin hukumatda ishlagan. Afg'oniston bo'yicha tahlilchilar nazarida qabilaviy liderlarning faollashishi tinchlikni ta'minlash uchun yetmaydi. Tolibonga aslida davlat armiyasi zarba berishi kerak.
Vashingtondan ekspert Vanda Felbab-Braun qayd etishicha, Tolibon hozir bosib olgan hududlarda mahalliy jangarilar allaqachon unga qarshi kurashda, ammo samarasiz.
Afg'on qurolli kuchlariga madad kerak. Qabilaviy qo'mondonlar markaziy hukumat so'ramasa ham yordam bermoqda va harakatlarni davom ettiradi, deydi siyosatdonlar.
Amerikada Afg'oniston bilan ishlagan sobiq arboblarga ko'ra esa qabilaviy kuchlarning faollashishi markaziy hukumat naqadar zaif ekanidan dalolat beradi. Bu guruhlar kimning qo'li baland kelsa, o'sha tomonga o'tib ketishga o'rgangan, deydi Davlat departamentida ishlagan Enni Forzaymer.
Afg'onistondagi siyosiy xatolar haqida kitob yozgan Romen Malejak ta'biricha, markaziy hukumat o'zi yoki qabilabiy qo'mondonlar yordamida Tolibonga qarshi qanchalik kurashmasin, kelgusi yillar mamlakat uchun nihoyatda beqaror kechishi tayin.
Zaif davlatchilik, qurolli muxolifat, davlatga tegishli bo'lmagan qurolli guruhlar va ularning bir ko'payib, bir ozayadigan yordamchilari. 30 yil oldingi Afg'onistonga o'xshash manzara, deya taxmin qiladi Malejak.
Facebook Forum