Tolibonning g’alabasi O’zbekistondagi ayrim jamoatchilik vakillari tomonidan olqishlar bilan kutib olinayotgani aytilmoqda.
Bu olqish toliblar nazaridan chetda qolmagan ko’rinadi. Tolibon O’zbekistonni mustaqillik bayrami bilan ikki bor muborakbod etdi.
O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Afg’oniston Islom Amirligi matbuot kotibi Zabihulloh Mujohid nomidan kelgan tabrikni e’lon qildi.
“Biz qoʻshni doʻst Oʻzbekiston hukumati va xalqini mustaqillikning 30 yilligi bilan tabriklaymiz va bizning eng samimiy tilaklarimizni bildiramiz. Biz Qodir Ollohdan Oʻzbekiston xalqi va hukumatining yuksak qadr-qimmati va gʻururini asrashini tilab qolamiz”, deyiladi tabrikda.
Vazirlik avvalroq Tolibon siyosiy idorasi vakili Muhammad Suhayl Shahin Tolibon rahbariyati nomidan O’zbekiston xalqini mustaqillik bayrami bilan tabriklaganini ma’lum qilgan edi.
Toshkent Tolibon hokimiyatini tan olish yoki olmaslik yuzasidan hali rasmiy pozitsiyasini bildirmagan, ammo Afg’onistonda inklyuziv hukumat shakllanishi tarafdori ekanligini ta’kidlab keladi.
Tashqi ishlar vazirligi o’z saytida Afg’oniston Islom Amirligini rasmiy maqomda taqdim etayotganidan kelib chiqilsa, Toshkent toliblar hukumatini u qanday shaklda bo’lishidan qat’i nazar tan olishga tayyordek.
Ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlardan Tolibonning Afg’onistondagi shiddatli g’alabasi o’zbek jamoatchiligida jiddiy aks-sado berganini kuzatish mumkin.
Turli qutblarni aks ettiruvchi bu qarashlar ayrimlarni xavotirga solayotgan bo’lsa, ayrim guruhlarni jiddiy ruhlantirgani seziladi.
Xorijda yashayotgan o’zbeklardan biri Muhammadsolih Abutov ijtimoiy tarmoqlardagi bu boradagi chiqishlarni kuzatib keladi. U toliblarning shiddatli g’alabasi musulmonlardan iborat o’zbek jamoatchiligini ruhlantirganini tabiiy deb baholaydi.
Toliblarning bu g’alabasi musulmonlarni ruhlantirgani bor gap. O’zbek jamoatchiligi ham bundan xoli emas.
“Toliblarning bu g’alabasi musulmonlarni ruhlantirgani bor gap. O’zbek jamoatchiligi ham bundan xoli emas. Ularning Afg’onistondagi g’alabasi, hokimiyatni bu tariqa qayta qo’lga olishi O’zbekiston musulmonlari ruhiyatini ko’tardi. Chunki toliblar bilan nafaqat bitta dindamiz, balki bitta mazhabdamiz. Qolaversa, ular bizning yon qo’shnimiz. Qo’shni tanlanmaydi, u bilan birga yashashimiz kerak. Toliblar mana O’zbekistonni mustaqillik bilan tabrikladi, mayli bizni hukumat ularni tabriklamasa ham. Xullas, Tolibon O’zbekiston musulmonlarini ruhiyatini ko’targani bor gap. Muhimi, hukumat bundan xavotirga tushmasligi, musulmonlarga nisbatan tazyiqlarni boshlamasligi kerak. Agar so’nggi vaziyatga diqqat qilsak, noqonuniy diniy guruhlarga a’zolikda ayblanib qamalayotgan dindorlar soni yana ortib bo‘rayapti. Bu ta’qiblar yana sobiq hukumat davridagi xatolarga olib kelishi mumkin”, - degan fikrda Abutov.
Toshkentlik sharhlovchi Anvar Nazir Tolibon g’alabasi jamoatchilikda olqishlanayotganini o’ta xavotirli ishora sifatida baholaydi.
O’zbekiston hukumatini o’zi jamoatchilikda toliblarga nisbatan bir moyillik yuzaga chiqishiga muhit yaratayotgandek. Bu esa ancha xavotirli oqibatlarga olib kelishi mumkin
“Terrorchi guruhning hukumatga kelishi o’zbek jamoatchiligida ochiq olqishlanishi xavotirli signal. Tolibonning o’zi Afg’onistonda, ammo uning mafkurasi allaqachon O’zbekistonga kirib keldi. Jamoatchilikda bu mafkurani tashuvchi qatlam ham shaklanib bormoqda. Yaqinda Telegramda “Tolibon yangiliklari” sahifasi ochildi, bu sahifa allaqachon 10 mingga yaqin obunachilar to’plagan. Ijtimoiy tarmoqlarda toliblar siyosatini targ’ib qilayotgan guruhlar ko’payib borayapti. Bunday guruhlar, shuningdek, O’zbekiston hukumati uchun Afg’oniston shimolidagi millionlab o’zbeklar taqdiri muhim emasdek. Yaqinda rasmiy Toshkent Afg’oniston shimolida o’zbek tili o‘qitilishi taqiqlanmagani haqida toliblarga asoslanib bayonot berdi. Lekin nega Toliboning o’zi bu haqda bayonot bermadi? Qolaversa, Toshkent bu bayonot berishi barobarida ijtimoiy tarmoqlarda Afg’oniston shimolida hazrat Navoiy haykali buzib tashlangani aks etgan suratlar tarqaldi. Nega rasmiy Toshkent jim? Umuman, O’zbekiston hukumatini o’zi jamoatchilikda toliblarga nisbatan bir moyillik yuzaga chiqishiga muhit yaratayotgandek. Bu esa ancha xavotirli oqibatlarga olib kelishi mumkin”, - deydi Anvar Nazir.
Prezident Shavkat Mirziyoyev mustaqillik munosabati bilan qilgan chiqishida Tolibon harakati bilan muloqot muntazamligini, O’zbekiston jafokash afg’on xalqiga yordam ko‘rsatishda davom etishini ta’kidladi.
Facebook Forum