Breaking News

Afg'oniston muhokamada: O'zbekiston, Tolibon va xalqaro hamjamiyat


Tolibon Qatarda katta idoraga ega
Tolibon Qatarda katta idoraga ega

O‘zbekiston-Afg‘oniston-AQSh va Pokiston

12-avgust kuni O‘zbekiston, AQSh va Afg‘oniston orasida video-muloqot kechdi. Bu yil erishilgan uch tomonlama kelishuv doirasida Davlat xavfsizlik xizmati raisi o‘rinbosari Salimjon Xusanov, Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Furqat Sidiqov, AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha yetakchi diplomati Nensi Jekson, AQSh Mudofaa vazirligida region uchun mas'ul Tomas Krochi, Afg‘onistondan Milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchi o‘rinbosari Salom Shoh Ibrohimiy, Afg‘oniston Mudofaa vaziri o‘rinbosari Abdulhay Rauf va boshqa mutasaddilar qatnashgan.

Koronavirus bilan bog’liq masalalar va hamkorlik xususida gap ketgan. Narkotrafik va terrorizmga qarshi kurash, chegara xavfsizligi bo’yicha birga ishlash hamda axborot almashinuvini kengaytirish yuzasidan fikr almashilgan.

Xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, oilaviy zo’ravonlik, qizlarning sifatli ta’lim olishi uchun sharoit haqida ham so’z ketgan.

Bugun, shuningdek, O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Pokiston Tashqi ishlar vaziri Shoh Mahmud Qurayshiy bilan gaplashgan.

"Afg‘onistonda tinchlik jarayonini ilgari surish, transport-kommunikatsiya va energetika loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha ikki mamlakat hamkorligini kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi", - deya bildiradi vazirlik.

O'zbekiston va Pokiston afg'onlar o'z kelajagi yuzasidan bir to'xtamga kelishi kerak va bunday tinchlik asosiy maqsad, deya eslatib turibdi.

O'zbekiston va Pokiston bosh diplomatlari muloqotda, 12-avgust, 2020
O'zbekiston va Pokiston bosh diplomatlari muloqotda, 12-avgust, 2020

Tolibon tinchlik muzokaralaridan umidvor

Avgust oxirida Afg'oniston markaziy hukumati va Tolibon orasida keng ko'lamli tinchlik muzokaralari boshlanishi kutilar ekan, jangari harakat yetakchilariga ko'ra, ular mamlakatda barqarorlikka erishish uchun shaxdam qadam tashlashga tayyor.

Muzokaralar 2001-yilning kuzida Amerika bu zaminga kirganida boshlangan urushlarga barham berishi kerak, deydi toliblar.

Harakat so'zlovchisi Suhayl Shahinning "Amerika Ovozi"ga aytishicha, muzokaralarda sulh haqida kelishib olinishi kerak. Bu degani bunday bitimga qadar zo'ravonlik to'xtamasligi mumkin. Gaplashishning o'zi tinchlikdan darak emas, deydi Shahin.

Afg'onistonning siyosiy kelajagi muhokama qilinadi. Tinchlik bir tomonning qurol tashlashiga bog'liq masala emas, deydi Tolibon. Mamlakatdagi barcha kuchlar bir qarorga kelishi, hokimiyat va tuzum yuzasidan yakdillikka erishish lozim.

Kobul va Tolibon o'z qo'lidagi mahbuslarni qo'yib yuborish bo'yicha talabni qondirayotganini da'vo qilmoqda. Markaziy hukumat 5000, Tolibon esa 1000 asirni ozod qilishi shart.

Prezident Ashraf G'ani 400 tolibni o'ta og'ir jinoyatlar sodir etgan odamlar, deya qo'yib yuborishdan bosh tortayotgan edi, lekin yaqinda Loya Jirg'a bilan maslahatlashib bunga rozi bo'ldi.

Tolibon va Amerika orasidagi kelishuvga binoan xalqaro koalitsiya kuchlari 2021-yilning iyul oyiga qadar Afg'onistondan chiqib ketishi kerak. Buning evaziga Tolibon terroristlar bilan aloqani mutlaq to'xtatishi va boshqa siyosiy tomonlar bilan murosa qilishi shart.

Tolibonga ishonch past, deydi tahlilchilar. Inqirozlarga qarshi xalqaro tashkilot va boshqa kuzatuvchilar Amerika roli aslo pasaymasligi kerak, deya undamoqda.

Afg'onistonda shu kungacha erishilgan yutuqlarni qo'ldan boy bermagan holda jamiyatni erkinlashtirish va barqarorlashtirish uchun G'arb va butun dunyo hamjamiyati uzoq muddatli strategiya bilan chiqib, uning amaliyotini ta'minlashi zarur, deydi ekspertlar.

Bu yil boshida AQSh askarlari soni 13 mingdan 8600 ga tushdi. Yil oxirigacha, Oq uyga ko'ra, 4000-5000 orasida bo'ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG