Breaking News

Afg'oniston: Tinchlik jarayonini joyidan qo'zg'atish harakatlari davom etmoqda


(Chapdan) AQShning Afg'oniston bo'yicha maxsus elchisi Zalmay Halilzod, Afg'onistonning Tinchlik bo’yicha oliy kengashi raisi Abdulla Abdulla va Prezident Ashraf G'ani
(Chapdan) AQShning Afg'oniston bo'yicha maxsus elchisi Zalmay Halilzod, Afg'onistonning Tinchlik bo’yicha oliy kengashi raisi Abdulla Abdulla va Prezident Ashraf G'ani

AQShning Afg’oniston bo’yicha maxsus elchisi Tolibon bilan tinchlik kelishuvining iqtisodiy foydasiga urg’u bermoqda. Zalmay Halilzod O’zbekiston, Pokiston va Tolibon idorasi joylashgan Qatarga bir haftalik safarini yakunladi. Unga ilk bor AQSh Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasi rahbari Adam Boler hamrohlik qildi.

Korrupsiyaga botgan va 75 foizi xalqaro donorlar tomonidan moliyalanadigan Afg’oniston iqtisodiyotini oyoqqa turg’azish uchun qanday loyihalar ko’zlanayotgani haqida hozircha ma’lumot yo’q. Halilzod Qatar va Pokiston ishtirokida qo’shma iqtisodiy proyektlar bo’lishini taklif qildi, ehtimol infrastruktura va savdo sohasida.

Afg’onistondagi 19 yillik urushga chek qo’yish uchun Vashington Tolibon bilan joriy yilning fevralida tinchlik bitimi imzolagan edi.

Biroq ayni paytda Vashingtonda muhokama qilinayotgani bosh mavzu – Rossiya AQSh va NATO askarlarini o’ldirish uchun Tolibonga aloqador isyonchilarga pul to’lagani haqidagi razvedka ma’lumotlari.

Pul kimga to’langani noma’lum, biroq giyohvand moddalar savdogari, afg’onistonlik Rahmatulla Aziziyning to’lovlarga aloqasi borligi aniqlangan. U Moskvada yashayotgani aytiladi. Afg’on rasmiylarining aytishicha, AQSh zobitlarini o’ldirishni buyurganlar va hujumchilar orasida Aziziyning akasi Vohidulla vositachi bo’lgan.

Al-Qoida bilan aloqalar

Buning ustiga, Pentagon o’tgan hafta chiqargan hisobotda Tolibonning al-Qoida bilan aloqani uzish va’dasi shubha ostiga olinadi. Tinchlik kelishuvi bo’yicha toliblar terrorchi tashkilotlarga qarshi kurashishi, Afg’oniston zamini AQShga qarshi hujumlar uchun qo’llanilmasligini ta’minlashi lozim. Tandiqchilar nazarida jangarilarga ishonch yo’q.

AQShning Afg’oniston bo’yicha maxsus elchisi Zalmay Halilzod AQShda koronavirus sur’ati oshib borayotgan, mamlakalar qayta ochilish xavfi bilan yuzlashayotgan bir paytda safar qildi. U pandemiya sabab Afg’onistonga bormasdan, Prezident Ashraf G’ani va uning sherigi Abdulla Abdulla bilan videokonferensiya orqali bog’landi.

Pokiston Tashqi ishlar vaziri Mahmud Qurayshiyda Halilzod bilan uchrashuvidan 48 soat o’tmay COVID-19 aniqlangan. Ikki rasmiy Islomobodda yuzida niqob bilan muloqot qilgan edi.

Pokiston Tashqi ishlar vaziri Mahmud Qurayshiy (o'ngda) koronavirusni yuqtirgan
Pokiston Tashqi ishlar vaziri Mahmud Qurayshiy (o'ngda) koronavirusni yuqtirgan

Halilzodning navbatdagi diplomatik safari yakunlangan bo’lsa-da, Tolibon, Afg’oniston hukumati va boshqa guruhlar o’rtasida o’zaro dialog qachon boshlanishi hanuz belgilanmagan.

Eng katta to’siq – mahbuslarning ozod etilishi. Tinchlik kelishuviga binoan Kobul 5000 tolibni, Tolibon esa asirda saqlayotgan 1000 kishini, jumladan, askarlarni ozod etishi kerak. Hukumat shu kungacha 4 015 tolibni, jangarilar esa 669 kishini qo’yib yuborgan.

Prezident G’ani Tolibon ro’yxatidagi ayrim shaxslarni ozod eta olmasligini bildirgan.

“Soxta bahonalar”

Tolibonning Qatardagi vakili Suhayl Shahin mahbus ayirboshlash “soxta bahonalar” bilan kechiktirilayotganini, dialog shu sababdan boshlanmayotganini aytmoqda.

5-iyul holatiga ko’ra Afg’onistonda koronavirus yuqtirganlar 33 000 ga yaqinlashmoqda. Xalqaro tashkilotlarga ko’ra, bu ko’rsatkich aslida bundanda yuqori va mamlakat sog’liqni saqlash tizimi inqirozga dosh bera olmasligi mumkin.

Afg’oniston prezidentining iqtisodiy taraqqiyot bo’yicha vakili Yusuf G’aznafar virusni yuqtirib, davolanish uchun Turkiyaga borgan edi. Prezident idorasi ma’lumotiga ko’ra, 3-iyul kuni u vafot etgan. Mamlakatda virusdan o’lganlar 850 dan oshdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG