Tolibon harakatining da’vo qilishicha, “Islomiy davlat” guruhi AQShning Afg’oniston bo’yicha maxsus elchisi Zalmay Halilzodga suiqasd qilmoqchi bo’lgan. Toliblar bu missiya uchun yollangani aytilayotgan ko’zi boylangan ikki asirning videosini jurnalistlarga havola etgan.
“AQSh hukumati amerikaliklarga qarshi har qanday tahdidga jiddiy yondashadi. Afg’oniston hukumati qatorida videoni biz ham tekshiryapmiz”, - dedi Davlat departamenti so’zlovchisi “Amerika Ovozi”ga.
Zalmay Halilzod fevral oyida Tolibon bilan kelishuv imzolanishiga olib kelgan muzokaralarga boshchilik qilgan. Undan maqsad 19 yillik afg’on urushiga yakun yasashdir.
Ikki asir AQSh elchisini o’ldirish rejasini amalga oshirishda Afg’oniston Milliy xavfsizlik boshqarmasi (MXB), ya’ni ushbu razvedka agentligining amaldagi va sobiq xodimlari ko’maklashganiga iqror bo’lgan.
Ular tilga olgan shaxslardan biri, MXBning sobiq rahbari Rahmatulla Nabil bu ishga aloqador ekanini rad etib, Tolibon havola etgan videoni soxta deya qoraladi.
“Vatandoshlarim o’zlari xulosa qilishlari uchun yaqin orada tasdiqlangan ma’lumotlarni taqdim etaman. Halollik men uchun doim asosiy tamoyil bo’gan”, - deya ta’kidladi Nabil.
Iqrornomaga ko’ra, Zalmay Halilzodga qarshi suiqasd jihodchilar yetakchisi Hamid G’aylanining uyi tashqarisida amalga oshirilishi rejalangan bo’lgan. Biroq elchi o’sha kuni u yerga bormagan va hujumchilarga Logar viloyatiga qaytish buyurilgan. Asirlar Tolibon tomonidan yo’ldagi nazorat punktida qo’lga olingani, ular yonida MXB guvohnomalari bo’lganini aytmoqda.
Afg’oniston qurolli kuchlarini treningdan o’tkazayotgan AQSh Mudofaa vazirligi Pentagon yuqoridagi da’volarni savolga tutmoqda.
“Afg’oniston hukumati AQSh-Tolibon kelishuvini barbod qilish uchun “Islomiy davlat” bilan ishlayotgani to’g’risida hozirda ishonchli razvedka ma’lumotlari mavjud emas”, deyiladi vazirlik bayonotida.
Pentagon rasmiylaridan biri, aksincha, Afg’oniston hukumati va armiyasining “Islomiy davlat”ga qarshi kurashini olqishlamoqda.
“Armiya olib borayotgan sa’y-harakatlar, uning “Islomiy davlat”ga qarshi erishgan yutuqlarini e’tibordan chetda qoldirmaylik”, - dedi ismi oshkor etilmasligi sharti bilan so’zlagan rasmiy.
Muzokaralar
Tolibonga ko’ra, amalga oshmagan suiqasd rejasining yagona maqsadi guruhning AQSh bilan imzolagan kelishuvini izdan chiqarish, uzoq yillik mojaroga siyosiy yechim topish harakatlarini yo’qqa chiqarish bo’lgan.
Halilzod bilan muntazam muloqotda bo’lgan Tolibon yetakchilari uni o’ldirishga qaratilgan fitna tafsilotlari bilan rasman bo’lishdimi, yo’qmi, bu hozircha ma’lum emas.
AQSh-Tolibon bitimi Amerika va koalitsiya qo’shinlarining 2021-yilning iyuligacha Afg’onistonni tark etishini taqozo etadi. Tolibon esa terrorchi guruhlarning afg’on tuprog’idan xalqaro hujumlar uchun foydalanishiga yo’l qo’ymasligi shart.
Shuningdek, toliblar doimiy sulh va hokimiyat taqsimoti bo’yicha Afg’onistondagi boshqa guruhlar bilan muzokarada qatnashishga rozi.
Agar Kobul va Tolibon o’rtasida mahbus almashish jarayoni nihoyasiga yetsa, Tolibon va hukumat muzokarachilari shu oy Qatarda dastlabki uchrashuvni o’tkazishi kutilmoqda.
Facebook Forum