Breaking News

Abdulla Abdulla Pokiston bilan kelishib olmoqchi


Abdulla Abdulla (o'ngda) Afg'onistonning Milliy birdamlik oliy kengashi raisi
Abdulla Abdulla (o'ngda) Afg'onistonning Milliy birdamlik oliy kengashi raisi

Pokiston hukumati Afg'onistonning Milliy birdamlik oliy kengashi raisi Abdulla Abdullani Islomobodga taklif qilib, u bilan muloqot qilmoqchi. Maqsad, deydi rasmiylar, Kobuldagi yangi rahbariyat bilan kelishib olish.

“Pokiston-Afg'oniston aloqalarida yangi sahifa ochilmoqda", - deydi Pokiston Bosh vazirining Afg'oniston bo'yicha vakili Muhammad Sodiq.

Abdulla Abdulla Tolibon bilan ko'zlanayotgan muzokaralarda Afg'onistonning bosh muzokarachisi bo'ladi. Islomobod taklifidan mamnun lekin qachon boradi, noma'lum.

Afg'on-Pokiston chegarasida
Afg'on-Pokiston chegarasida

Pokiston yaqinda Afg'oniston bilan chegaradagi uch punktni qayta ochgan. Savdo va tranzit jonlanmoqda.

Ikki davlat orasidagi hamkorik va transport harakati mart oyidan beri to'xtab qolgan edi.

12-iyuldan yana ikki punkt ochiladi.

“Chegara yopiq turishi hayotni qiyinlashtirdi va qayta ochilishdan har ikki tomon manfaatdor", - deydi Atif Mash'al, Afg'onistonning Islomoboddagi elchisi.

"Amerika Ovozi" bilan muloqotda har ikki davlat vakillari aloqa iliqmoqda, deya qayd etadi.

2600 kilometr chegaraga ega Pokiston va Afg'oniston hukumatlari azaldan bir-biriga ishonmay, o'zaro dushman sifatida qaraydi.

Islomoboddan siyosiy tahlilchi Rauf Hasan nazarida taklifning o'zi yutuq emas. Muloqot nimani o'zgartadi? Gap mana shunda, deydi u.

Afg'on va AQSh harbiy qo'mondonlari Pokiston qurolli kuchlari va razvedka xizmatlarini Tolibon bilan apoq-chapoqlikda, ularni zimdan quvvatlayotganlikda, ularga boshpana berib, jangarilarning afg'on xalqi qonini to'kishiga ko'z yumayotganlikda ayblab keladi.

Islomobod ko'chalarida
Islomobod ko'chalarida

Islomobodga ko'ra, bu ayblov asossiz. Millionlab afg'onlar Pokistonda yashaydi, buning ustiga ega Afg'oniston hukumati Pokistonga qarshi guruhlarga o'z hududidan joy bergan, deya iddao qiladi rasmiylar.

Tramp ma'muriyati shu yilning fevral oyida Tolibon bilan dastlabki kelishuvga erishganida Pokiston yordamini e'tirof etdi. Islomobod Afg'oniston hukumati va Tolibon kelishib olishida ham madadkor bo'ladi, degan umid bor.

Abdulla Abdulla tashrifi shu borada til topishib olish uchun nihoyatda muhim, deydi diplomatlar. Kobul va Islomobod bir to'xtamga kelmaguncha, Tolibon bilan murosaga erishib bo'lmaydi, degan qarash keng tarqalgan.

Amerika bilan kelishuvga ko'ra, uning qo'shini afg'on zaminini 2021-yilning iyuligacha tark etadi. Tolibon esa Afg'onistonning markaziy hukumati bilan murosa qilishi, hujumlarni butkul to'xtatib, Afg'onistonda hokimiyatni demokratik tarzda bo'lishish yo'lga qo'yilmog'i lozim.

Kobuldan asirdagi toliblarni ozod etishi kerak, Tolibon ham o'z qo'lidagi mahbuslarni chiqarishi kerak. Bu jarayon shu oy yakunlanib, muzokara boshlanishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG