Dunyo xaritasida O’zbekiston nisbatan yirik hududni band etmaydi, ammo tabiiy resurslarga ancha boy. Mamlakat oltin, uran, gaz, neft, metall va boshqa ko’plab qazilma boyliklarga ega va ishlab chiqaradi.
Ushbu boylik uzoq yillar aksariyati gazsiz, chiroqsiz yashashga mahkum o’zbekistonliklar hayotiga o’zgarish, farovonlik olib kirmadi.
Istiqbolda qanday o’zgarishlar kutilayotgani ham noma’lum. AQSh Davlat departamentiga ko’ra, O’zbekiston iqtisodida shaffoflik lozim sanalgan sohalardan biri aynan tabiiy boyliklar bilan bog’liq.
Bu soha daromadi qanday taqsimlanayotgani, sarflanayotgani, zaxiralarni topish, qazish, o’zlashtirish va sotishga kimlar, qanday shartlar, majburiyatlar asosida jalb qilinayotganiga doir ma’lumotlar ancha yopiq.
Ekspertlar sohada shaffoflik yetishmasligi bois ham tabiiy zaxiralar bo’yicha erishilgan bitimlar O’zbekiston manfaatlariga qanchalik javob berishini bilish qiyin ekanligini ta’kidlashmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev birmuncha muqaddam gaz eksporti bo’yicha imzolangan bitimlar O’zbekiston manfaatiga javob bermasligini ham aytib chiqqan edi.
O’zbekistonning gaz-neft, qazilma boyliklar sohasida asosiy hamkori Rossiya sanaladi. Yaqindan O’zbekistonda ishlayotgan “Gazprom”, “Lukoil” kabi yirik shirkatlar safiga Rossiyaga qarashli davlat shirkati “Rosgeologiya” ham qo’shildi.
Shirkatning O’zbekistonda ochilgan bo’limiga iqtisodiyot va sanoat vazirligining sobiq boshlig’i Botir Xo’jayev rahbarlikka tayinlangan. Hukumat qaroriga ko’ra, “Rosgeologiya” Orol dengizi, unga tutash hududlarda uglevodorod zaxiralarini aniqlashtirish dasturi ijrochisi qilib belgilangan. Tabiiy resurslarga doxil navbatdagi bitim tafsilotlari ham aniq emas.
“Amerika Ovozi” iqtisodchi ekspert Abdulla Abduqodirov bilan tabiiy boyliklar, zaxiralarga doir shaffoflik masalasida suhbatlashdi:
Facebook Forum