Joriy yil oxirigacha AQSh Afg'onistondagi askarlari sonini to'rt mingga tushirishni ko'zlamoqda. Kecha Davlat kotibi Mayk Pompeo Tolibon bilan muloqot qilgan.
“Bu allaqachon rejada. Yaqin orada qo'shinimiz soni 8000, keyin esa 4000 ga tushadi. Muzokara ketmoqda. 19 yildan beri Afg'onistondamiz, yetadi", - deydi Prezident Donald Tramp.
Pompeo video muloqotni Tolibon bosh muzokarachisi Mulla Baradar Axund bilan qilgan.
Tolibonga ko'ra, Afg'oniston hukumati qo'lidagi toliblarni ozod qilmas ekan, tinchlik haqida gaplashilmaydi.
Davlat departamenti hozircha kechagi muloqot haqida lom-mim demagan.
"Tomonlar Afg'onistonda barqarorlikka erishish uchun nima qilmoq zarurligi xususida fikr almashdi. Mahbuslarning ozod etilishi asosiy talablardan biri", - deya bildiradi Tolibon vakili, 3-avgustdagi onlayn uchrashuvni izohlar ekan.
Kuni kecha Jalolobodagi qamoqxonaga hujum qilinganida yuzlab mahbuslar qochib ketgan. Ular orasida Tolibon ozod etilishini talab qilgan odamlar bo'lganmi, degan savolga javob yo'q.
Shu yilning 29-fevralida AQSh va Tolibon erishgan kelishuvga asosan tinchlik muzokaralari aslida 10-martgacha boshlanishi kerak edi. Kobul 5000 ga yaqin tolibni, Tolibon esa 1000 ga yaqin asirni qo'yib yuborishi kerak edi.
Tolibon va'dasini bajarganini aytmoqda, ya'ni qariyb 1000 mahbusni ozod etgan. Markaziy hukumat esa AQSh undovi bilan qariyb 4600 asirni chiqargan.
Prezident Ashraf G'ani qolgan 400 tolibga erkinlik bermoqchi emas. Bu insonlar o'ta og'ir jinoyatlarni amalga oshirgan, deydi G'ani. Ular orasida 2017-yilda Germaniya elchixonasini portlatgan va boshqa qonli xurujlar qilganlar bor, deydi prezident.
Bu toliblar o'rniga G'ani boshqa 500 mahbusni ozod etmoqchi. Shuningdek, prezident Loya Jirg'a, qabilaviy oqsoqollarning an'anaviy kengashi bilan maslahatlashmoqchi. Kengash avgust oyi oxirida yig'ilishi kutilmoqda.
Facebook Forum