Breaking News

Iqtisodiy taraqqiyot AQShda populizmni jilovlay oladimi?


Indiana shtati
Indiana shtati

Yangi izlanish xulosasiga ko’ra, Amerikaning ishlab chiqarish sanoati bilan tanilgan markaziy shtatlarida iqtisodiy farovonlikni oshirish anti-demokratik populizmni kamaytirishi mumkin.

Populist deganda odatda ijtimoiy-iqtisodiy, etnik yoki jamoaviy jihatdan jamiyatni ikkiga ajratuvchi, “oddiy xalqni” “buzuq elitadan” himoya qilishini da’vo qiluvchi siyosiy harakatlar tushuniladi.

“Jamoa tanazzulga yut tutsa, aholi o’zi va farzandlari kelajagidan xavotirga tushsa, yosh avlod hududni tark etsa, bu o’zgarishlardan umidsizlik hissi paydo bo’ladi. Populistlar bundan foydalanadi”, - deydi izlanish muallifi Jon Ostin.

Amerikaning markaziy shtatlari bir vaqtlar po’lat, neft, aviatsiya va avtomobil sanoatlari bilan mashhur edi. Globalizatsiya va texnologik o’zgarishlar aksar zavodlar yopilishiga, yuqori maoshli mehnat o’rinlari kamayib ketishiga olib kelgan.

Ba’zi tadqiqotlarga ko’ra, AQShda populizm qanot yozishiga aynan daromad va turmush darajasi yemirilishidan kelib chiqadigan norozilik sababchidir.

“O’ngchi va so’lchi populistlar aholi noroziligi va xavotiridan birdek foydalanadi. Lekin so’lchi populistlar yechimlar taklif qiladi: boylarga katta soliq solish, aholini bepul tibbiy sug’urta va bepul kollej bilan ta’minlash, maoshlarni ko’tarish, – deydi Ostin. – O’ngchi populistlar esa “madaniyat urushini” olg’a suradi, ya’ni “sizdan imkoniyat va imtiyozlarni o’g’irlayotgan hukumatga, muhojirlarga ishonmang”. O’ngchilar shuningdek, anti-demokratik xatti-harakatlarga undaydi: matbuotga ishonmang, hukumatga ishonmang”.

Nyu-Yorkdagi Sara Lorens kolleji professori Samuel Abrams vaziyatni boshqara ko’radi.

“Fikrimcha, o’ngchi populizm institutlarimizni saqlash qolishga, bu institutlar ilgari qanday bo’lganini eslatishga intiladi. So’lchilarning bayonotlarida esa, aksincha, institutlarimizni yo’q qilish harakatini ko’raman”, - deydi u.

Bugungi kunda markaziy shtatlardagi ayrim shaharlar mahalliy aktivlardan foydalanib, o’zini tiklamoqda.

“Zavod oching deb sarmoyachilarga yolvorish, shaharga odamlarni jalb qilish uchun ularga soliq imtiyozlari berish haqida gap ketmayapti. Keyingi iqtisodiy taraqqiyot strategiyasi barcha mavjud aktivlardan foydalangan holda tiklanishga asoslanadi”, - deydi izlanish muallifi.

Bu degani, mahalliy universitetlar va ilmiy muassasalarni ko’paytirish, shahar markazlarini piyoda yurish va qulay yashash uchun qayta loyihalash, maktablar, san’at va dam olish maskanlariga sarmoya qilish.

“Hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan sarmoya mehnat o’rinlarini ko’paytirish va aholi sonini oshirishga an’anaviy biznes choralarga qaraganda ko’proq ta’sir ko’rsatadi. Odatda soliqlarni pasaytirish, tartib-qoidalarni susaytirish orqali kompaniyalarni jalb qilishga harakat qilishadi”, - deydi Ostin.

Tashlandiq uy, Klivlend, Ogayo shtati. Ogayo - o'nlab yil oldingi moliyaviy inqirozdan eng ko'p zarar ko'rgan shtatlardan biri.
Tashlandiq uy, Klivlend, Ogayo shtati. Ogayo - o'nlab yil oldingi moliyaviy inqirozdan eng ko'p zarar ko'rgan shtatlardan biri.

Muammo shundaki, deydi professor Samuel Abrams, saylovchilar nima kerakligi borasida ko’pincha ratsional fikrlamaydi, balki siyosiy mafkurasi bilan hamohang takliflarga yon bosadi.

“Albatta, markaziy shtatlardagi bu shaharlarni butkul o’zgartirish, tiklashga harakat qilish mumkin. Biroq mafkuraviy qutblashuv o’z-o’zidan yo’qolmaydi. Populist guruhlarning immigratsiya, mudofaa haqidagi ritorikasi, ksenofobiya ruhidagi bayonotlarini tinglasangiz, odamlarni o'ziga to'q, boyroq qilish haqida gapirishadi. Lekin bu hech narsani o’zgartirmaydi”, - deydi Abrams.

Donald Tramp va Jo Bayden o’zaro kurashgan 2020-yilgi prezidentlik sayloviga oid ma’lumotlar shuni ko’rsatadiki, markaziy shtatlarda iqtisodiy o’sishni boshdan kechirgan ayrim shahar va okruglar demokratlarga ovoz bergan, ya’ni populizmning Tramp olg’a surgan ko’rinishini ular rad etgan.

Lekin Abrams nazarida iqtisodiy tiklanish qisman yechim xolos.

“Iqtisodiy barqarorlikni kuchaytira olsak, qandaydir o’zgarishlar bo’ladi. Ammo ko’plab boshqa misollar borki, Tramp tarafdorlari va boshqa populistlar uchun pul hech qanday rol o’ynamaydi, ularning qarorlari faqat mafkura bilan bog’liq”, - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG