Breaking News

Afg'onistonda erkak faollar ayollar ta'limi uchun kurashmoqda


Afg'onistonlik ta'lim huquqlari faoli Matiulloh Vesa ochiq maydonda bolalarga dars o'tmoqda.
Afg'onistonlik ta'lim huquqlari faoli Matiulloh Vesa ochiq maydonda bolalarga dars o'tmoqda.

Afg‘onistonning Qandahor viloyati Maruf tumanidagi maktab toliblar tomonidan yoqib yuborilganda Matiulloh Vesa 9 yoshda edi. Bundan dahshatga tushgan va hafsalasi pir bo'lgan Vesa ta’lim olishdan umidini uzgan edi, chunki uning urushdan vayron bo'lgan qishlog'ida boshqa maktab yo'q edi.

Maktabni qayta qurishga bel bog‘lagan Vesaning otasini Tolibon zo‘ravonligidan qo‘rqqan qishloq aholisi ko’chib ketishga majbur qildi. Bu aslida Vesa uchun xayrli bo’lib chiqdi.

“Biz Kobulga ko‘chib o‘tdik, men o‘rta maktabni o‘sha yerda tugatdim”, - dedi “Amerika Ovozi” bilan suhbatda hozir Afg‘onistondagi jamoat ta’limini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “PenPath” tarmog‘i asoschisi Vesa.

Vesaning ta'limga bo'lgan ishtiyoqi uni Hindistonga olib bordi. U yerda u inson huquqlari bo'yicha oliy ma'lumotga ega bo'lib qaytgach, o'z ona yurtida qizlarning ta'lim olish huquqi uchun kurash boshladi.

Jahon banki ma'lumotiga ko'ra, Afg'oniston ayollarining 70 foizdan ortig'i o'qish va yozishni bilmaydi. Afg'oniston Osiyoda ayollar ta'limi bo'yicha eng yomon ko'rsatkichga ega.

Keng tarqalgan savodsizlik bilan kurashishga urinib, Vesa so'nggi o'n yil ichida Afg'onistonning barcha 360 tumaniga bordi, dengizga chiqish imkoni bo'lmagan mamlakatining eng chekka va o'ta konservativ qismlarida ta'limni targ'ib qildi.

“Mamlakat boʻylab 110 mingdan ortiq oʻquvchi tahsil olayotgan oʻnlab maktablar ochdik”, - dedi u va bu ish oson boʻlmaganini qoʻshimcha qildi.

"Ikki marta qishloq joylarida sayohat qilganimizda mashinamizga to'g'ridan-to'g'ri o'q uzishdi va qochib qutuldik… Har doim mening nomimni aytib, o'ldirish bilan tahdid qiladiganlar bo'lgan", - deydi u.

“PenPath” tarmog'ida hozir butun mamlakat bo'ylab 2400 dan ortiq ko'ngillilar mavjud bo'lib, ular mahalliy sinfxonalar tashkil etish, o'qituvchilarni topish, kitoblar va kanselyariya buyumlarini tarqatish hamda o'g'il bolalar va qizlar uchun ta'limni qo'llab-quvvatlash uchun jamoat yig'ilishlarini tashkil etish kabi ishlarda yordam beradi.

"Bizning ishimiz butunlay siyosatdan xoli va biz hech qachon hech qanday siyosiy rejimga qarshi chiqmaymiz yoki ularni qo'llab-quvvatlamaymiz", - dedi Vesa.

Muhim ish

Nobel mukofoti sovrindori Malala Yusufzayning otasi va ta’lim faoli Ziyauddin Yusufzayning aytishicha, ayollar ta’limi va umumiy taraqqiyoti kam bo’lgan Afg’oniston qishloqlarida Vesaning ishi nihoyatda muhim.

Vashington choyxonasi: Tolibon va xalqaro hamjamiyat
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:23:44 0:00

"Tolibon qizlarning o’rta ta'lim olishini taqiqlaganiga 216 kun bo'ldi va bu vaqt davomida Matiulloh Vesa qizlarning ta'limi uchun kurashib kelmoqda. Bu uning qo'rqmas, charchamaydigan va ta'lim uchun cheksiz chempion ekanligini isbotlaydi", - dedi oqsoqol Yusufzay “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar agentligi UNICEF ma'lumotiga ko'ra, Tolibon taqiqi 1,1 milliondan ortiq afg'on qizlarini o'rta ta'lim olish huquqidan mahrum etdi.

“Jamoalarga barcha bolalar uchun ta’lim qadrini yaxshiroq tushunishga yordam beradigan har qanday boshlang‘ich tashabbuslar ta’limga bo‘lgan talabni oshirish va ko‘proq qizlarni maktabga o‘qishga jalb etishda juda qimmatlidir”, - dedi “Amerika Ovozi” bilan suhbatda UNICEFning Afg‘onistondagi vakili Samanta Mort.

Afg'oniston qishloqlarida o'n minglab bolalar o'qish va yozishni o'rganayotgan yuzlab jamoat maktablari, asosan, masjidlar yoki vaqtinchalik chodirlarda joylashgan. O'sha vaqtinchalik maktablardagi o'quvchilarning yarmi qizlardir, dedi Mort.

"PenPath” Afg'onistondagi o'ta muhim harakatni o’zida ifodalaydi, - deydi Afg'oniston parlamentining sobiq deputati va ayollar huquqlari faoli Shinkay Karoxail "Amerika Ovozi" bilan suhbatda. - Oʻzini-oʻzi taʼminlovchi, mustaqil va gullab-yashnagan Afgʻoniston uchun taʼlimdan koʻra koʻproq narsa kerak emas va bu harakat bunga erishmoqchi”.

Afg'oniston o'zbeklari: Temur bobomiz yurtidan yordam kutyapmiz
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:00 0:00

Resurslar yetishmayapti

So‘nggi yigirma yil ichida AQSh hukumati Afg‘onistonda ta’lim dasturlari uchun 1,2 milliard dollardan ortiq mablag‘ sarflagan. Yevropa Ittifoqi va boshqa donorlar ham mamlakatdagi taʼlimni qoʻllab-quvvatlash uchun nodavlat tashkilotlarga yuzlab million dollar mablagʻ yoʻnaltirdi.

“PenPath” tarmog'i keng qamrovli bo'lishiga qaramay, xorijiy donorlardan mablag' olmaganini aytadi.

"Men shaxsan bu ishga hamma narsamni bag'ishladim, - deydi Vesa, - Men oilam, do'stlarim va o'zim xizmat qilayotgan jamoalar yordamiga tayandim".

Afg'onistonda qashshoqlik chuqurlashib borar ekan, “PenPath” asoschisi uchun sinf xonalarini qo'llab-quvvatlash, kitoblar va ish yuritish buyumlarini tarqatish yanada qiyinlashmoqda.

"Bolalar ta'limi jamiyatimizdagi qashshoqlikning birinchi qurboni", - deydi Vesa va tobora ko'proq oilalar farzandlarini boqishga qiynalayotganini qo'shimcha qiladi.

Afg'onistonda qashshoqlik va ocharchilik so'nggi yigirma yildagi urushdan ko'ra ko'proq odamlarning hayotiga zomin bo'lishi mumkin, deya ogohlantirmoqda yordam agentliklari.

O'z ishi oldida turgan xavf va qiyinchiliklarga qaramay, Vesa umidsizlikka tushgani yo’q.

"Men odamlarning xotin-qizlar ta'limiga bo'lgan munosabati o'zgarganini ko'rmoqdaman. Ilgari odamlar xotin-qizlar ta'limi haqida gapirmas edi. Endi ular buni talab qilmoqdalar, chunki ularga ayol shifokorlar, o'qituvchilar, yozuvchilar kerakligini bilishadi", - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG