Rossiya Tashqi ishlar vazirligi 25-aprel kuni Germaniyaning 40 nafar diplomatlarini "persona non-grata" deb e'lon qildi, ya'ni ular bundan keyin Rossiyaga kira olmaydi.
Rus qo'shinlari Ukrainada tinch aholini qatl etayotgani, xususan, Bucha qirg'inini amalga oshirgani haqidagi da'volar ortidan Berlin 4-aprel kuni Rossiyaning 40 nafar diplomatini mamlakatdan chiqarib yuborgan edi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Berlin qarorini adolatsiz deb baholagan va o'xshash tarzda javob qaytargan.
Germaniya Tashqi ishlar vazirasi Annalena Berbokning ta'kidlashicha, rus diplomatlari Berlinda diplomatik missiya bilan emas, mamlakat ozodligi va birdamligiga qarshi tizimli faoliyat bilan band bo'lgan.
Vazirga ko'ra, Germaniya elchilari, qaltis vaziyatga qaramay, Moskvada o'zaro aloqalarni muvofiqlashtirishga xizmat qilib kelgan. Diplomatlarni chiqarib yuborish bilan Rossiya o'ziga o'zi ziyon yetkazmoqda.
Ukrainaning da'vo qilishicha, rus qo'shinlari Bucha shahrida mahalliy aholini qiynoqqa solib, zo’rlagan, qatl etilgan. Shundan so'ng Germaniya rus diplomatlarini chiqarib yuborgan Yevropaning kam sonli mamlakatlari qatoriga qo'shildi.
Rossiya joriy yilning 24-fevralidan beri Ukrainada maxsus harbiy amaliyot o'tkazib kelayotganini bildiradi. Kiyevning bildirishicha esa, neonatsistlarni yo’q qilish bahonasida Rossiyaning o’zi fashizmga teng zulmni amalga oshirib kelmoqda.
Ukraina kuchlari G’arb va AQShning harbiy ko’mak va dastagi bilan ikki oydan oshiq vaqt mobaynida Rossiya bosqiniga qarshi kurashmoqda. Ekspertlar va G’arb liderlari nazdida, Rossiya Ukrainada o’zi istagan harbiy zafardan benasib qolmoqda. Ukrainani vayron qilish bilan birga Rossiyaning o’zi ham mislsiz yo’qotishlarga uchrab, zaiflashib borayotgani aytilmoqda.
Facebook Forum