Ukrainadagi urush Xitoyning Yevropa bilan temir yo’l aloqasini xavf ostiga qo’ymoqda, chunki aksar yo’nalishlar Rossiya orqali o’tadi. Xitoyning o’nlab mamlakatlarda infratuzilma qurishga mo’ljallangan “Kamar va yo’l” loyihasining taqdiri ham savol ostida.
Urush tez orada tugagan taqdirda ham, Ukrainada bunday loyihalarni boshlashdan Pekin ham, Kiyev ham manfaatdor emas, deydi tahlilchilar.
“Ukrainada “Kamar va yo’l” proyektlari bekor qilinishi turgan gap. Iqtisodiyoti jiddiy ziyon ko’rgan mamlakatda Xitoy sarmoya yotqizishda davom etishini tasavvur qilish qiyin”, - deydi tahlilchi Jeykob Mardell.
“Kamar va yo’l” – Yevropa, Osiyo va Afrikani o’z ichiga olgan, dunyodagi eng yirik infratuzilma dasturi. O’tgan yilning o’zida Xitoy bu loyihalarga 59,5 milliard dollar ajratgan, 2013-yildan beri esa 800 milliard dollar.
24-fevral kuni Ukrainada urush boshlanishidan bir hafta oldin Fransiya Xitoy bilan Afrika, Janubi-Sharqiy Osiyo va Sharqiy Yevropada 1,7 milliard dollarlik infratuzilma proyektlarini birgalikda amalga oshirishga kelishgan edi. Pekinni ba’zilar Moskvani quvvatlayotgan tomon deb ko’rar ekan, G’arbning g’azabi Xitoyga ham qaratilishi va bu rejaga ta’sir ko’rsatishi mumkin.
Xitoy-Yevropa temir yo’li Xitoy eksporti uchun tranzit marshrutdir. U orqali ozroq miqdorda Yevropadan Xitoy shaharlariga ham yuk yetkaziladi. Tarmoq Xitoyni Qozog’iston, Rossiya, Belarus, Polsha, Germaniya, Chexiya, Fransiya va Ispaniya bilan bog’laydigan 73 yo’nalishga ega.
Rasmiy manbalarga ko’ra, ushbu yo’nalishlarda yuk poyezdlari joriy yilning birinchi choragida 3630 marta qatnagan. Ekspertlarning aytishicha, Yevropa ushbu yo’nalishlar markazida joylashgan Rossiyani yakkalashda davom etsa, qatnov kamida ikki barobar kamayadi.
“Rossiya izolyatsiyasi Xitoyning Yevropa tomon temir yo’lini rivojlantirish rejasiga ta’sir qilishi ehtimoli yuqori, chunki aksar yo’llar Rossiya orqali o’tgan”, - deydi Atlantika Kengashi tahlil markazi xodimi Dekster Roberts.
Mavjud yo’nalishlardan tashqari, Xitoyning Yevropada qurayotgan temir yo’llari hamda hali boshlanmagan loyihalari bor.
“Xitoy temir yo’l aloqasiga ishtiyoqini hozircha jiddiy cheklashiga to’g’ri keladi. Uzoqroq muddatda esa Xitoy Rossiya-Belarus va balki Ukraina hududini chetlab o’tishi kerak”, - deydi Muhammadbag’ir Foro, Germaniyaning Global va hududiy tadqiqotlar instituti ilmiy xodimi.
Muqobil yo’nalishlar
Agar Yevropada to’siqlar bilan yuzlashsa, Xitoy “Kamar va yo’l” loyihasining Markaziy Osiyo – G’arbiy Osiyo koridoriga e’tiborini oshirishi mumkin. Ushbu koridor Xitoyni Qozog’iston, O’zbekiston, Turkiya va boshqa mamlakatlar bilan bog’laydi. Bu Xitoyga eksportini Markaziy Osiyo, Kaspiy dengizi mintaqasi, Eron va Turkiya orqali amalga oshirish imkonini beradi.
Ammo bu yo’nalishda ham muammolar mavjud.
“Turkiya orqali o’tadigan temir yo’l koridori Rossiyadagisiga nisbatan cheklangan o’tkazish qobiliyatga ega, – deydi Mardell. – Bundan tashqari, marshrutning bir qismi suvdan iborat. Umuman olganda, bu ko’proq vaqt talab qiladi va qimmatroq”.
Bir necha yildirki, Pekin Xitoy-Pokiston iqtisodiy koridori (XPIK), Arab dengizidagi Gvadar bandargohi bilan bog’langan tranzit yo’lini mustahkamlash harakatida. Biroq Pokiston yaqinda siyosiy to’ntarishni boshdan kechirdi, bosh vazir yangilandi. Yil oxirida mamlakatda saylov o’tkazilishi mumkin. Moliyaviy inqiroz sabab Pokiston, shuningdek, Xalqaro Valyuta Jamg’armasidan yordam so’ramoqda.
Kuzatuvchilar fikricha, Pokiston XPIK loyihalarini kechiktirishi yoki bekor qilishi mumkin, chunki Xitoydan yana qarz olishga qurbi yetmaydi. Bundan tashqari, jamg’arma qarz darajasi yuqori bo’lgan mamlakatga ko’mak ko’rsatmasligi ham mumkin.
Ayrim tahlilchilar vaziyatga boshqacha ko’z bilan qaraydi.
“[Yangi] Bosh vazir Shahboz Sharif geosiyosiy munosabatlarda mohir shaxs sifatida tanilgan. Garchi AQSh bilan yaqinlashishga harakat qilsa ham, Xitoy bilan aloqalarni saqlab qolishi yoki mustahkamlashi tayin”, - deydi Roberts.
Sharif XPIKni yana kuchaytirishga intilishi mumkin, chunki uning Musulmon Ligasi partiyasi 2013-yilda loyihani boshlab bergan, deydi u.
XPIK doirasida qurilish ishlari to’xtovsiz davom etsa ham, Gvadar porti ishga tushishi va Xitoy eksportchilari undan foydalanishni boshlashi uchun ancha vaqt kerak. Bu Xitoy yuzlashayotgan hozirgi, ya’ni mahsulotlarni Rossiya hududi orqali poyezdda olib o’tish muammosiga yechim bo’lolmaydi.
Facebook Forum