Breaking News

Izlanish: "Bir kamar, bir yo'l" loyihasi taraqqiyotni emas, daromadni ko'zlaydi


Xitoy 2000-2017 yillarda amalga oshirgan xalqaro taraqqiyot loyihalari haqidagi yangi izlanish shuni ko’rsatmoqdaki, Xitoy banklari tomonidan berilgan yuqori foizli kreditlar ko’plab rivojlanayotgan mamlakatlarni qarzga botirgan. Bu loyihalarning bir qismi esa hali ishga tushmasdan katta muammolarga duch kelmoqda.

Izlanishni Virjiniyadagi Vilyam va Meri kolleji qoshidagi “AirData” tadqiqot markazi o’tkazdi. Undan Xitoy ulkan valyuta zaxiralarining qay qismini rivojlanayotgan davlatlarga qarz shaklida sarmoya qilgani oydinlashadi.

G’arb mamlakatlari ajratadigan mablag’lardan farqli o’laroq, Xitoy kreditlari avvalo bu davlatning o’ziga foyda kelitirishga mo’ljallangan, deydi Bred Parks, “AirData” markazi rahbari.

“Bir kamar, bir yo’l” tashabbusi orqali Prezident Si Zinpin o’z mamlakatining global iqtisodiyotdagi mavqeini oshirishni maqsad qilmoqda. Tashabbus nafaqat savdo aloqalarini mustahkamlash, balki Xitoyni tabiiy zaxiralar va o’zi ishlab chiqarmaydigan boshqa tovarlar bilan ta’minlashga qaratilgan, deyiladi izlanishda.

To’rt yil davomida 135 tadqiqotchi Xitoyning 165 mamlakatdagi 13 427 ta loyihasi bo’yicha hujjatlarni, jumladan past va o’rta daromadli davlatlarga bergan 843 milliard dollarga teng kreditlarini o’rganib chiqdi.

Hozirda 42 davlatning Xitoy oldidagi qarzi yalpi ichki mahsulotining kamida 10 foiziga teng.

Saxovatpesha emas, bankir

Bred Parksning aytishicha, ma’lumotlar shuni ko’rsatmoqdaki, Pekinning rivojlanayotgan mamlakatlardagi loyihalarni moliyalashtirish yuzasidan yondashuvi, masalan, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotiga (IHTT) a’zo davlatlarnikidan “tubdan farq qiladi”.

“Xitoy – bankir, saxovatpesha emas”, - deydi “AirData” rahbari.

2000-yildan buyon IHTT a’zolari rivojlanayotgan davlatlarga grantlar va past foizli kreditlar berishga o’tgan.

Ular qarz bergan taqdirda ham asosiy e’tibor mezbon davlatning iqtisodiy rivojlanishiga qaratiladi. Xitoy esa, aksincha, iqtisodiy daromad olish uchun ssudalar ajratadi, deydi Parks.

“IHTTga a’zo davlatdan o’rtacha kredit bir foizli stavka bilan beriladi, Xitoyniki esa to’rt foizdan oshiq. Qaytarish ham xuddiy shunday. O’rtacha qaytarish muddati G’arb davlatlari uchun 28 yil, Xitoy ssudasi uchun 10 yil”, - deydi Parks.

“Xitoy davlat banklari - mamlakat daromadini maksimallashtirish uchun qo’llaniladigan vositalar. Ular foyda keltiradigan, daromadbop loyihalarni qidiradi. Qabul qilayotgan davlat uchun iqtisodiy rivojlanish yoki farovonlik bobida qandaydir ikkilamchi foydasi bo’lishi mumkin, lekin Xitoy uchun bu asosiy omil emas”, - deya qo’shadi Parks.

Haddan ziyod qarz

So’nggi yillarda Xitoydan qarz olishni istagan mamlakatlar o’zi kutganidan ham ko’proq qarzga botgan.

“AirData” tadqiqotchilariga ko’ra, 2013-yilda “Bir kamar, bir yo’l” tashabbusi boshlanganidan buyon Xitoyning kredit berish amaliyoti o’zgargan. Bir paytlar to’g’ridan-to’g’ri hukumatlarga uzatilgan qarz endi davlat kompaniyalari, davlat banklari, qo’shma korxonalar va boshqalarga tasimlanib berilmoqda.

Natijada qarz olayotgan hukumatlarning o’zi ham ko’pincha Xitoyga qancha qarzdorligini aniq bilmaydi. Demak, muayyan hukumatning haqiqiy qarzdorlik yuki Jahon banki va boshqa global kredit agentliklariga beriladigan hisobotlarda o’z aksini topmaydi.

Hisob-kitoblarga qaraganda, Xitoy oldida qarz bo’lgan past va o’rta daromadli mamlakatlar uni yalpi ichki mahsulotining 5,8 foizigacha bo’lgan miqdorda kamaytirib ko’rsatadi.

Afrika

Xitoy ssudalarini butun dunyo bo’ylab tarqatsa-da, loyihalar soni bo’yicha Afrika birinchi o’rinda turadi. Xitoy moliyalashtirgan 207 milliard dollarga teng individual taraqqiyot loyihalarining 47 foizi aynan shu qit’ada. Loyihalarning atigi 26 foizi Osiyoga to’g’ri keladi, lekin ularning qiymati 247 milliard dollarga teng.

Ayrim davlatlarning Xitoyga qarzi o’ta yuqori. Izlanishga ko’ra, Laos, Angola, Qirg’iziston, Jibuti, Surinam, Maldiv orollari, Kongo va Ekvatorial Gvineyaning Xitoy oldidagi qarzi yalpi ichki mahsulotining 30 foizdan ko’prog’ini tashkil qiladi.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligining “The Wall Street Journal” nashriga bildirishicha, Xitoy "Bir kamar, bir yo’l" loyihasini birga qurayotgan mamlakatlarning qarz barqarorligi masalasiga katta ahamiyat qaratadi”.

Vazirlik ta’rifiga ko’ra, “Bir kamar, bir yo’l” dunyodagi eng yirik xalqaro hamkorlik platformasidir.

“Qarz tuzog’i”

Bred Parks deydiki, Xitoy qashshoq davlatlarni ataylab “qarz tuzog’iga” tushirarayotgani to’g’risidagi keng tarqalgan qarash alsida to’g’ri emas. Ushbu nazariyaga ko’ra, Pekin qarzdor hukumatlar ustidan diplomatik richagga ega bo’lish uchun yoki to’lanmagan infrastruktura proyektlarini egallab olish uchun, to’lay olmaydigan taraflarga ataylab kredit beradi.

Xitoy, deydi Parks, bergan qarzlarini jismoniy infratuzilma bilan emas, balki likvidli aktivlar bilan kafolatlash istagini namoyish etib kelmoqda.

“Pekin likvidsiz aktivlar ko’rinishida kafolat olishi juda kam uchraydi. Ular bundan-da aqlli. Pul mablag’larini, to’liq likvidli, olib ketsa bo’ladigan aktivlarni afzal ko’rishadi”, - deydi Parks.

Qarzni qaytarishning bir usuli tabiiy zaxiralarni yetkazib berish bo’yicha shartnomalarni o’z ichiga oladi. Kredit berayotib, Pekin mamlakatning resurslarini doimiy ravishda sotib olish to’g’risida bitim ham imzolaydi.

Pushaymonlik

2013-yilda “Bir kamar, bir yo’l” tashabbusi paydo bo’lishi bilan Xitoyning kreditlash strategiyasida ro’y bergan o’zgarishlar muvaffaqiyatli loyihalar kamayishiga olib kelgan ko’rinadi.

Masalan, bu tashabbus doirasidagi loyihalarning 35 foizi jiddiy muammolarga yo’liqqani ma’lum, jumladan korryupsiya bilan bog’liq mojarolar, mehnat qonunlarining buzilishi, ekologik muammolar va norozilik namoyishlari. Xitoyga aloqasi bo’lmagan proyektlarning esa 21 foizi bunday muammolarga uchragan.

Izlanish xulosasiga ko’ra, “Bir kamar, bir yo’l” loyihalarini amalga oshirish 36 foiz ko’proq vaqt oladi va ularning yopilish ehtimoli yuqoriroq. Bunga sabab “korrupsiya va narx-navoni oshirib ko’rsatish yuzasidan xavotirlar, omma kayfiyatidagi o’zgarishlar bois Xitoy bilan yaqin aloqalarni saqlash qiyinligidir”.

Raqobat

AQSh va boshqa G’arb davlatlari norozilik kayfiyatidan foydalanib, o’z takliflari bilan chiqmoqda. Masalan, Bayden ma’muriyatining “Yaxshiroq dunyoni qayta quraylik” (B3W) yoki Yevropa Ittifoqining “Global Gateway” dasturi.

O’tgan oy BMTda so’zlar ekan, Prezident Jo Bayden “Bir kamar, bir yo’l” loyihasiga ishora qilib shunday dedi:

“Sifati past, korrupsiyani rag’batlantiruvchi, ekologiyani buzuvchi infratuzilma vaqt o’tishi bilan mamlakatlar uchun katta muammolar olib kelishi mumkin”.

Qarz oluvchilar orasidagi norozilik va G’arbdan raqobat “Bir kamar, bir yo’l”ga qanday ta’sir ko’rsatishi hozircha noma’lum.

“Pekin ishtirokchi davlatlar orasidagi norozilikni bartaraf etish uchun tez va qat’iyat bilan harakat qilishi kerak. Chunki yaqin orada infratuzilmani moliyalashtirish bozorida tanlov kattaroq bo’ladi”, - deydi Parks.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG