Breaking News

Xitoyning moliyaviy diplomatiyasi Markaziy Osiyoda ta’sirini o’rnatishga yordam bermoqda


Xitoy Markaziy Osiyoning besh mamlakati bilan diplomatik aloqalar o’rnatganiga 30 yil to’lmoqda. 1991-yilda Sovet Ittifoqi qulashi bilan O’zbekiston, Qozog’iston, Qirg’iziston, Tojikiston va Turkmaniston mustaqillikka erishdi.

30 yil o’tib, 2022-yil yanvarining birinchi haftasida besh respublika prezidenti Xitoy rahbari bilan tabrik almashdi.

“Bu respublikalar infratuzilma loyihalaridan tortib ta’lim dasturlarigacha barcha narsa uchun Xitoy moliyaviy yordamiga muhtoj ekan, so’nggi yillarda Pekinning Markaziy Osiyoda ta’siri bir necha karra oshgan”, - deydi AQShning Virjiniya shtatidagi Uilyam va Meri kollejida siyosiy tahlil markazi direktori Samanta Kaster.

Mutaxassisning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Xitoy moliyaviy diplomatiyasining mintaqadagi asosiy maqsadi – energiya manbalaridan foydalanish va tranzit yo’nalishlariga strategik joylashuvni qo’lga kiritish imkoniyatiga ega bo’lish.

Kasterga ko’ra, mintaqadagi har bir mamlakat Xitoy uchun ikkita sababga ko’ra muhimdir. Birinchisi, Xitoyga jug’rofiy jihatdan yaqin bo’lgan bu o’lkalar neft, tabiiy gaz, gidroenergetika kabi resurslarga ega. Ikkinchisi, Xitoyning “Kamar va yo’l” tashabbusi orqali Pekinni Yevropa va Yaqin Sharqqa bog’lovchi savdo yo’nalishlari mana shu mamlakatlar orqali o’tadi.

“Mazkur strategiyaga muvofiq Xitoy moliyaviy diplomatiyasining katta qismi energetika va transport sektorlariga urg’u beradi”, - deydi tahlilchi.

Kaster hammuallifligida o’tgan oy chop etilgan “Hokimiyat koridorlari” deb ataluvchi yangi hisobotda Xitoyning yirik moliyaviy yordam orqali Markaziy va Janubiy Osiyoda do’st va ittifoqchi orttirish siyosati tahlil etilgan.

Unda aytilishicha, Xitoy hukumati so’nggi salkam 20 yilda mintaqadagi 13 mamlakatga jami 127 milliard dollarlik moliyaviy yordam ko’rsatgan. Markaziy Osiyoning besh mamlakati yordamni eng ko’p olganlar qatorida.

“Yolg’iz Qozog’iston ushbu yordam miqdorining 26 foizini (33 milliard dollar) jalb etishga muvaffaq bo’ldi. 9 milliard dollar olgan Turkmaniston ikkinchi o’rinda”, - deydi Kaster.

Yumshoq kuch sarmoyalari

Pekin Markaziy Osiyoda iqtisodiyotni yumshoq kuchdan ustun qo’ysa-da, har ikkisini birga ishlatganda natija kattaroq bo’lishini tan oladi, deydi hisobot muallifi.

“Xitoy rahbarlari so’nggi 20 yilda ta’lim, madaniyat, almashinuv dasturlari, matbuotga e’tiborni kuchaytirib markaziy osiyolik talabalar va professionallar bilan aloqalarni o’rnatishga muvaffaq bo’ldi. Bunday harakatlar Markaziy Osiyoda kelajakda Xitoy mahsulotlari, xizmatlari va kapitali uchun bozorlarni ochishda muhim qadamlardir”, - deydi Kaster.

“Hokimiyat koridorlari” hisobotiga ko’ra, markaziy osiyolik talabalar uchun xorijdagi asosiy ta’lim maskani bo’lish maqsadida Xitoy raqib mamlakatlarga qaraganda osonroq viza tizimini va ta’lim uchun moliyaviy yordam dasturlarini taklif etadi.

“Xitoy hukumati moliyalovchi ta’lim grantlarining katta qismi qozoq va qirg’iz talabalariga nasib etdi. Qozog’iston va Qirg’iziston universitetlarida Konfutsiy institutlari, boshlang’ich va o’rta maktablarida esa Konfutsiy sinfxonalarining ochilishi mahalliy talaba va o’quvchilar orasida xitoy tili va madaniyatini targ’ib qilish imkonini berdi”, - deydi Kaster.

Unga ko’ra, mahalliy darajada davlat va xususiy sektorlar bilan aloqalarni kuchaytirish maqsadida Xitoy rahbarlari shahar darajasidagi diplomatiyani ham ishga soldi.

“Misol uchun so’nggi 20 yildan oshiq davr mobaynida Turkmanistonning Marv viloyatiga Janubiy va Markaziy Osiyoning 13 mamlakatidan 7 tasiga berilgan puldan ko’p moliya ajratilgan. Qozog’istonning Atirau viloyati uchun esa 5 milliard dollar ajratilgan. Bu butun boshli mintaqada Xitoy viloyat darajasida bergan moliyaviy yordam miqdori bo’yicha ikkinchi ko’rsatkichdir”, - deydi Kaster.

Xavfsizlikka sarmoya

Xitoy Markaziy Osiyo xavfsizligiga ham sarmoya kiritmoqda, deydi Gruziyaning “Geocase” (Geokeys) siyosiy-tahlil markazida Yaqin Sharq tadqiqotlari bo’limi direktori Emil Avdaliani.

“Oldin mintaqada xavfsizlik kafolati sifatida yolg’iz Rossiya ko’rilardi. Uning Tojikistonda harbiy bazasi bor, u yerda yana bir yangi yarim harbiy inshootni moliyalamoqda, mintaqaning boshqa mamlakatlari bilan qo’shma harbiy mashg’ulotlar o’tkazib turadi”, - deydi siyosatshunos.

Avdalianining aytishicha, Xitoyning Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi pozitsiyasi vaqt o’tishi bilan ancha yaxshilanganiga qaramay, Pekin bu davlatlarda millatchilik va siyosiy elitalarning Xitoyga nisbatan ishonchsizligi kabi to’siqlar bilan yuzlashmoqda.

Shu bilan birga, deydi Avdaliani, bu elita besh respublikaga Xitoy zarurligini tushunadi.

“Ularga uzoq muddatda sarmoya kerak, Xitoyni Rossiyaga nisbatan muvozanatlovchi kuch deb ko’rishadi va Pekin bu imkoniyatdan o’ta samarali foydalanmoqda”, - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG