Xitoy-Markaziy Osiyo shaklidagi dastlabki sammit mintaqa bo'ylab o’ta yirik energetik inqiroz bilan kuzatildi. O'zbekiston Energetika vazirligiga ko'ra, ta'minot viloyatma-viloyat, tumanma-tuman tiklanmoqda. Lekin aholi nafaqat elektr tokisiz, balki gaz bosimi pastligidan ham aziyat chekmoqda.
Qozog’iston, Qirg’izistonni qisman, O’zbekistonda deyarli butun mamlakatni elektrsiz qoldirgan muammo sabablari o’rganilmoqda. O’zbekiston hukumati maxsus komissiya tashkil qilgan.
O’zbekistonning aksariyat qismi kunni toksiz o'tkazar ekan, Prezident Shavkat Mirziyoyev Xitoy-Markaziy Osiyo sammitida qatnashgan. Anjuman yakunida prezidentlar qo’shma bayonot imzolagan.
Unda Markaziy Osiyo va Xitoy o’rtasidagi munosabatlarda o’zaro ishonchga asoslangan, strategik hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan yangi davr boshlanayotgani ta’kidlanadi.
Sammit Xitoy tomonidan, mintaqa davlatlari bilan diplomatik aloqalar o’rnatilishining 30 yilligi munosabati bilan tashkil qilingan.
Anjumanda Xitoy, Qozog’iston, Qirg’iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O’zbekiston prezidentlari ishtirok etgan.
O’zbekiston prezidenti matbuot xizmatiga ko’ra, Mirziyoyev sammitda Xitoy bilan hamkorlikda rivojlantirish mumkin bo’lgan bir qator sohalarni sanab o’tgan, jumladan qishloq xo‘jaligi, ishlab chiqarish, muqobil energetikani rivojlantirish.
Mirziyoyev qator tashabbuslarni ham olg'a surgan, xususan “Ekologik toza rivojlanish” bo’yicha yo’l xaritasi ishlab chiqish, shuningdek, kelgusi yilni “Markaziy Osiyo va Xitoy xalqlari madaniyati va san’ati yili” sifatida e’lon qilish.
Boshqa hukumatlarning bayon qilishicha ham mintaqa Xitoy bilan hamkorlikka, uning sarmoyasiga iqtisodiy rivojlanishning asosiy tirgagi sifatida qaraydi.
Yaqinda o’z mamlakatidagi noroziliklarni keskin bostirgan Qozog’iston rahbari Qosim-Jo’mart To’qayevning sammitda ta’kidlashicha, Xitoy tomonidan Markaziy Osiyoga yo’naltirilgan sarmoya miqdori 40 milliard dollardan oshgan. Buning yarmi Qozog’iston hisobiga to’g’ri keladi. Mamlakat Xitoy sarmoyasi uchun qulay sharoit yaratishda davom etadi, deydi To'qayev.
To’qayev sammitda Qozog’istondagi noroziliklarga ham to’xtalib, “terrorchilarning bu xurujidan jiddiy saboq” chiqarganini, BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a’zosi bo’lgan Xitoy terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashda muhim o’rin tutayotganini bildirgan.
Qirg’iziston, Tojikiston, Turkmaniston ham Xitoy bilan hamkorlikka ustuvor yo’nalish sifatida qaraydi. Ular iqtisodidagi asosiy ulush ham Xitoyga to’g’ri keladi, ayniqsa Qirg’iziston va Tojikiston hozirdanoq Pekin iqtisodiy ekspansiyasi ta’siridan chiqishi qiyin bo’lgan mamlakatlar safida.
O’zbekiston Xitoy ekspansiyasidan bir qadar chetda edi, ammo Mirziyoyev boshqaruvida kechgan so’nggi besh yillik Pekin sarmoyasi uchun eshiklarni keng ochdi. Xitoyning mamlakatdagi iqtisodiy ishtiroki keskin oshib, O’zbekiston “Kamar va yo'l” loyihasi ishtirokchilaridan biriga aylandi.
Xitoyda inson huquqlari, xususan Pekin tasarrufidagi Shinjon-uyg’ur o’lkasida turkiy xalqlar va musulmonlarga nisbatan tazyiqlar kuchaygani G'arbda qizg'in muhokamada. Bu tazyiqlar bois xorijga qochib chiqqan uyg’urlar Xitoy siyosatiga qarshi noroziliklarini bildirib keladi.
Ammo Markaziy Osiyo hukumatlari bu borada lom-mim demaydi. Bugungi sammitda ham nafaqat uyg’urlar, balki Xitoyda bosimga uchrayotgan qozoqlar, qirg’izlar va o’zbeklar taqdiriga doir biror muammo ko’tarilmagan.
Qozoq muxolifatchisi Aydos Sodiqovning ta’kidlashicha, Qozog’istonda aksilxitoy kayfiyati kuchaygan, bunga nafaqat iqtisodiy ekspansiya, balki Xitoydagi elatdoshlar va uyg’urlarga nisbatan tazyiqlar oshgani ham sababdir.
Sodiqov fikricha, Prezident To’qayev ekstremizmga qarshi kurashda Xitoyni o’rnak qilib ko’rsatish bilan u yerda minglab musulmonlar ekstremizm va ayirmachilikda ayblanib qamoqqa tashlanayotgani, qayta tarbiyalash lagerlarida jazolanayotganini quvvatlaydi.
Xitoy-Markaziy Osiyo shaklidagi bunday sammit ilk bor o’tdi. Mintaqa va Xitoy liderlari asosan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti yig'inlarida uchrashadi.
Facebook Forum