Xitoy va Pokiston orasidagi qator yangi moliyaviy kelishuvlar mintaqada siyosiy manzara o’zgarayotganidan darak bermoqda.
Ikki davlat rahbarlari Si Zinpin va Imron Xonning Pekindagi uchrashuvi ketidan qo’shma bayonot e’lon qilindi. Iqtisodiy va texnik sohada, sanoat, investitsiyalar, infratuzilma, fazo, vaksina, raqamlashtirish, standartlashtirish, tabiiy ofatlarni boshqarish, madaniyat, sport va kasb-hunar dasturlari bo’yicha ikki tomonlama hamkorlikka kelishilgan.
G’arb davlatlari Xitoyni Shinjonda inson huquqlarini toptayotganlikda ayblab, Olimpiya o’yinlarining ochilish marosimiga delegatsiya jo’natmadi.
Yuqori darajadagi uchrashuv, deydi tahlilchilar, ana shunday diplomatik keskinlik davrida Pekinni qo’llab-quvvatlash uchun uyushtirilgan.
“Nazarimda, Imron Xonning tashrifi, Pekinga vazirlar bilan borgani, haqiqatan ham boykot fonida Pokistonning Xitoyni quvvatlayotganini ko’rsatadi”, - deydi siyosatshunos Madiha Afzal.
Iqtisodiy aloqalar
Pekin va Islomobod 1951-yilda diplomatik munosabatlar o’rnatgan. Umumiy raqib Hindiston ekani tan olinib, ikki davlat o’rtasida ittifoqchilik mustahkamlanib borgan.
1963-yilda Pokiston va Xitoy ilk savdo bitimini imzoladi. 2013-yilda Xitoy-Pokiston Iqtisodiy Koridori tashkil etilgach, iqtisodiy aloqalar yanada jadallashdi. Pekinning “Kamar va yo’l” tashabbusi doirasida ushbu lohiya Pokiston infrastrukturasini yangilashni ko’zlaydi.
Xitoy Pokistonning eng yirik kreditorlaridan biri hamdir. Pokiston qarzining 27 foizi Xitoydan keladi.
“Xitoyning do’stlari va ittifoqchilari yo’q, unga qarz bo’lgan davlatlar bor xolos”, - deydi Xadson instituti tadqiqotchisi Aparna Pande.
Qarz tuzog’i
Pandemiya davrida Pokistonda ishsizlik va qashshoqlik ko’lami oshdi, yalpi ichki mahsulot 2020-yilning ikkinchi choragida 26,4 foizga qisqardi. Milliy valyuta qadrsizlanishi va inflyatsiya ham muammo. Xalqaro valyuta jamg’armasining (XVJ) Pokistonga muayyan shartlar asosida 6 milliard dollarlik ko’mak berishi bo’yicha muzokaralar 2021-yilda qayta boshlandi.
Ayrim tahlilchilarning qayd etishicha, mamlakatning jiddiy islohotlarga moyil emasligi iqtisodiyot yomonlashishiga hissa qo’shmoqda.
“Valyuta zaxiralari yetarli emas, iqtisodiyoti yetarlicha tez o’smayapti. Mamlakat strukturaviy islohotlarga rozi bo’lsagina XVJ kreditining ikkinchi va uchinchi transhi beriladi, boshqa investorlar ham kelishi mumkin”, - deydi Pande.
Hindistonning “The Print” onlayn nashrida Pokistonning Xitoy va XVJdan qarz olishi, foiz to’lashi, to’lovlarni kechiktirish evaziga Saudiya Arabistoni kabi davlatlardan mahsulot olishi tasvirlab berilgan.
“Bu klassik qarz tuzog’i. Pokiston yillardan buyon qarz ketidan qarz olib yashamoqda. Ahvol bankrotlikdan ham yomonroq”, - deya yozadi maqola muallifi Tara Karta.
Ammo Madiha Afzal fikricha, Xitoy kreditlari Pokistonga zarar keltirmoqda, deb xulosa qilishga shoshmaslik lozim.
“Kredit qanday shartlar bilan berilishiga bog’liq. Xitoy - shartlarga qat’iyan amal qilishni so’raydigan kreditor. Shunday ekan, Pokiston to’lovlarni xohlasa ham kechiktira olmaydi”, - deydi u.
Geosiyosiy oqibatlar
Ayrim tahlilchilarga ko’ra, Xitoy-Pokiston qo’shma bayonoti ittifoqchilik kuchayib borayotganini ramziy ma’noda tasdiqlaydi, lekin bu Pokiston va AQSh o’rtasidagi sovuq munosabatlarga ta’sir ko’rsatmaydi.
AQShning Pokiston terrorchi guruhlarga qo’llab-quvvatlashi va homiylik qilishi haqidagi da’volari, Pokiston hududida dron hujumlarini amalga oshirishi bir paytlar iliq bo’lgan aloqalarni taranglashtirgan.
“Islomobod ham, Vashington ham ochiq aytib kelmoqdaki, Xitoy-Pokiston aloqalari muloqotga to’siq bo’lmasligi kerak. [AQSh-Pokiston munosabatlarida] keskinlik bor, lekin tuzatib bo’lmas darajada emas”, - deydi Afzal.
“Hech bir davlat faqat AQShni yoki faqat Xitoyni tanlamasligi kerak, deb anchadan buyon aytib kelmoqdamiz”, - deydi AQSh Davlat departamenti so’zlovchisi Ned Prays.
Xitoy-Pokiston hamkorligi haqida izoh berish so’ralganda, Pokiston elchixonasi qo’shma bayonotga ishora qildi. Xitoy elchixonasi savollarga javob bermadi.
Lekin qo’shma bayonot Hindistonning xavotirlarini oshiradi, deydi Pande.
“Bu Hindison uchun ikki tomonlama tahdid - ham quruqlikda, ham dengizda. Xitoy Hindistonga muammo yaratish uchun Pokistondan foydalanyapti, degan qarashlar kuchaygan”.
Facebook Forum