Rossiyani harbiy salohiyatdan ayirish uchun G’arb uning mudofaa sanoatini moliyalovchi manbalarga bolta urishga, neft va gaz importlarini to’xtatishga chaqirmoqda.
Moliyaviy sanksiyalar oqibatida yoqilg’i resurslari uchun yevro va dollarda savdo qilish imkoniyatidan mahrum bo’lgan Moskva Yevropadagi xaridorlarga rublda to’lash talabini qo’ygan. Yevropa Ittifoqining a’zo davlatlarni ogohlantirishicha, Rossiya gazi uchun rublda to’lash ham sanksiyalarga xilofdir.
Moskva rublda savdo qilishdan bosh tortgan Polsha va Bolgariya uchun gaz ta’minotini to’xtatib qo’ydi, biroq bir necha mamlakat Rossiya talabiga bo’yin egishga majbur bo’ldi.
“Shu kuzdan boshlab Polshada Rossiya gaziga umuman ehtiyoj bo’lmaydi”, - deydi Polsha Bosh vaziri Mateush Moravetskiy.
Payshanba kuni Ukrainaga safar qilgan Bolgariya bosh vaziri ham “rus gazisiz amallarmiz” deb aytdi.
“Norvegiyadan yaqinda Polshaga quvur uzatiladi. Ikkinchi quvur esa Ozarbayjon gazini Gretsiya va Bolgariya orqali yetkazadi”, - deydi Londonda asoslangan ICIS tashkiloti (Independent Commodity Intelligence Services) tahlilchisi Tom Marsek-Manzer.
Biroq Yevropaning boshqa mamlakatlari Rossiyadan gaz xarid qilishda davom etadi. Germaniya, Avstriya, Vengriya va Slovakiyadagi gaz kompaniyalari “Gazprombank”ning Shveysariyadagi bo’limida rubl hisob raqamlarini ochgan. Ular bankka o’tkazgan yevro darhol rublga aylantiriladi.
Germaniya kansleri qisqa muddatda Rossiya gazisiz mamlakat iqtisodiyoti zarar ko’rishini aytadi.
“Har qanday uzilish salbiy oqibatlarga olib keladi. Bu hammamizga ravshan”, - deydi Olaf Shols.
Yevropa Ittifoqi a’zo davlatlarni Rossiya shantajiga bo’yin egmaslikka chaqirdi. Tashkilot rublda savdo qilishga o’tgan Yevropa gaz kompaniyalarini jazolaydimi, yo’q, hozircha ma’lum emas.
Qo’shma Shtatlar Yevropadagi ittifoqchilarga gaz ta’minotini diversifikatsiyalashtirishda yordam va’da qildi.
“Rossiyaga do’q-po’pisa va shantaj orqali sanksiyani aylanib o’tishiga imkon bermaymiz”, - dedi Bayden.
Yevropa mamlakatlari Rossiya gazni butunlay to’xtatib qo’yishidan xavotirda ekan, ehtiyot choralarini ko’rmoqda, biroq tahlilchilar nazarida, shunday bo’lgan taqdirda, Kreml ham milliardlab dollar yo’qotishi mumkin.
Yevropa Ittifoqi rus energiya manbalariga tobelikdan qutulishga chaqirayotgan bir paytda Finlyandiyada asoslangan “Energetika va toza havoni tadqiq qilish markazi” deb nomlanuvchi nodavlat tashkilot (Center for Research on Energy and Clean Air) hisobiga ko’ra, ittifoqqa a’zo davlatlar 24-fevraldan 24-aprelgacha bo’lgan davr mobaynida Rossiyadan 44 milliard dollarlik yoqilg’i sotib olgan.
Tashkilot tahlilchisi Lauri Millivirtaning aytishicha, Ukrainada urush boshlanganidan beri Yevropa mamlakatlari o’tgan yilgi shu davrga qiyoslaganda so’nggi ikki oyda Rossiyadan ikki baravardan ko’p yoqilg’i import qilgan.
Yevropa Ittifoqi gazning salkam 40 foizini, neftning 30 foizini Rossiyadan oladi. Eng yirik xaridor Germaniya bo’lib, Berlin ortib qolgan gazni boshqa mamlakatlarga sotadi.
Facebook Forum