AQSh kuchlari Afg’onistonni tark etar ekan, Vashington 20 yil qo’llab-quvvatlagan hukumat quladi. Hokimiyatni egallagan Tolibon esa AQSh Afg’oniston sobiq hukumatiga yetkazib bergan 7 milliard dollarlik harbiy texnika va qurolga ega chiqdi.
Joriy haftada Pentagon AQSh Kongressiga taqdim etgan hisobotda Vashington Afg’oniston hukumatiga ko’rsatgan harbiy yordam qiymatiga oydinlik kiritilgan. Pentagon hujjatda Afg’onistonga qaytib, qurol va texnikani qaytarib olish yoki ularni texnik yaroqsiz holga keltirish rejasi yo’qligini bildirgan.
Kobulga yetkazib berilgan harbiy yordam Afg’oniston Milliy mudofaa va Xavfsizlik kuchlarining Tolibon hamda boshqa terrorchi guruhlar, xususan, Al-Qoida va IshID-Xuroson guruhlariga qarshi kurashda ustunlikka ega bo’lishini ta’minlashga qaratilgan edi.
Pentagon hisobotida qayd etilishicha, Vashington 2005-2016-yillar oralig’ida Afg’onistonga jami 18,6 milliard dollarlik qurol va texnika yetkazib bergan. Shundan qolgan qiymati 7,12 milliard dollarga teng harbiy mulk Tolibon qo’liga o’tgan. Ular samolyot, vertolyot, zirhli mashina va tanklar, o’q-dori, qurol va kommunikatsiya vositalaridan iborat.
“Mudofaa vazirligining Kongressga hisobotida qayd etilgan 7,12 milliard dollarlik qurol va texnika Afg’oniston Milliy mudofaa va Xavfsizlik kuchlarining mulkidir. Ular Afg’onistonda xizmat qilgan AQSh kuchlariniki emas. AQSh kuchlariga tegishli qurol va texnikalarning deyarli barchasi harbiylar mamlakatdan chiqib ketgunga qadar yaroqsiz holga keltirilgan yoki yo’q qilingan”, - deydi Mudofaa vazirligi vakili mayor Rob Lodvik.
Prezident va Mudofaa vazirligi rasmiylari Afg’onistondan AQSh kuchlarini qaytarish missiyasi ijrosi va Vashington dastaklagan hukumatning qulashi borasida nufuzli qonunchilarning keskin tanqidlariga uchramoqda.
“Biz prezident o’zi yaratgan vaziyat dahshatlariga guvoh bo’ldik. Bo’lib o’tgan voqealarni oldindan ko’ra olgan edik. Prezident Bayden va uning maslahatchilari harbiy qo’mondonga quloq solmadi. U Kongressni ham eshitmadi. Natijada, biz muqarrar sodir bo’lishini bilgan holatni prezident ko’ra bilmadi”, - deya fikr bildirdi Senatning Qurolli kuchlar bo’yicha qo’mitasi raisi, respublikachi senator Jim Inxof o’tgan yil sentabrida Mudofaa vaziri Lloyd Ostin bilan kechgan muhokamada.
Mudofaa vazirligi rasmiylari 28-aprel kuni izoh berar ekan, Afg’onistonda qolib ketgan qurol va texnika eskirganiga urg’u berdi.
Shaxsini ma’lum qilmaslik sharti bilan “Amerika Ovozi”ga xabar bergan Pentagon mulozimiga ko’ra, Tolibon qo’lidagi harbiy vositalar AQSh va uning ittifoqchilaridagi qurollar bilan bir xil qudratga ega emas.
“Hatto yuksak sifatli texnika, samolyotlar, dronlar, havo hujumlariga mo’ljallangan yuqori aniqlikdagi qurollar … barchasi texnik ko’rik va xizmatga qaram. AQSh kuchlari va pudratchilari Afg’onistonda bo’lgan paytda ham ularning shaylik darajasi yuqori bo’lmagan. Aksariyati qisqa fursatda ishdan chiqishi mumkin”, - dedi Pentagon vakili.
Facebook Forum