Breaking News

Afg'onistonda "jang mavsumi", yangi guruhlar paydo bo'lmoqda


Afg’onistonda “jang mavsumi” boshlanishi bilan mamlakatning ko’pgina qismlarida Tolibonga qarshilik ko’rsatayotgan kichik guruhlar paydo bo’lmoqda. “Islomiy davlat” terror guruhining halokatli hujumlari ham inobatga olinsa, bunday o’zgarish Afg’onistonni sakkiz oydan beri boshqarayotgan Tolibon hokimiyatiga tahdid solishi mumkin.

O’tgan haftalar mobaynida o’nlab guruhlar Milliy qarshilik fronti (MQF) qatorida toliblar bilan kurashishini e’lon qildi. Frontga Ahmad Mas’ud boshchilik qiladi.

Tadqiqotchilarning aytishicha, bu guruhlarning bayon qilgan maqsadi Tolibon hukumatini ag’darish, lekin ular bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilayotgani kuzatilmaydi.

“Tolibon boshqaruviga jiddiy ta’sir ko’rsatish sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishni taqozo etadi”, - deydi Urushlarni o’rganish institutida Afg’oniston bo’yicha tadqiqotchi, yangi guruhlar bo’yicha izlangan Piter Mills.

Natijada Tolibonga nisbatan kengroq qarshilik harakati shakllanmayapti, alohida guruhlarning kuchi va salohiyati esa past, deydi harbiy tahlilchi Jonatan Shroden.

O’zaro koordinatsiya yo’qligi ularning samarali jangovar kuchga aylanishiga to’sqinlik qilayotgan yagona muammo emas. Isyonchi guruhlar tashqi yordamga ham muhtoj. Ammo 1990-yillarda Rossiya, Eron va Hindiston Shimoliy Alyansni qo’llab-quvvatlagan bo’lsa, hozirda hech bir davlat yordamga shoshmayapti.

Shu bois qisqa muddatda, deydi Shroden, bu mayda guruhlar ancha yaxshi qurollangan va son jihatdan ustun bo’lgan Tolibonni bezovta qilmaydi. Biroq ekspertlarga ko’ra, isyonchilik ko’p yillar davom etishi, bugun to’liq shakllanmagan guruhlar kattalashib, qonli isyonga aylanishi ham mumkin.

Jonatan Shroden fikricha, istiqbolda bu guruhlar muvaffaqiyat qozonishi “homiy” davlatni topa olishiga, “umumiy bayroq” ostida birlasha olishiga, xalqning toliblardan noroziligi ortib borishiga bog’liq.

Tolibonga qarshi chiqayotgan guruhlarga nazar tashlasak:

Afg’oniston Milliy qarshilik fronti (MQF)

Shimoliy Alyansning marhum qo’mondoni Ahmad Shoh Mas’udning o’g’li Ahmad Mas’ud boshchiligidagi Milliy frontning bir necha ming jangchisi bor, deydi tadqiqotchi Piter Mills.

Front Kobul shimolidagi Panjsher vodiysidan tashqari Andarob vodiysida ham faoliyat olib boradi. Andarob qarshilik fronti nomi ostida Mas’udga sodiq bir qancha mahalliy qo’mondonlar birlashgan va undan ko'rsatmalar oladi.

MQF Afg’onistonning o’nlab viloyatlarda, jumladan Pansher va Bag’londa faoliyat olib borishini da’vo qiladi. Front vakili Ali Maysar Nazariy Londonda joylashgan Afg’oniston xalqaro radiosi bilan intervyuda “Tolibon Panjsher, Andarob va Hindikush tog’larining boshqa qismlarida bir necha bor mag’lubiyatga uchraganini” ta’kidlagan.

Ushbu da’vo mustaqil ravishda tasdiqlanmagan. Ammo Mills so’zlariga ko’ra, MQF “olis qishloq va vodiylarda, Bag’lon, Taxor, Panjsher va Badaxshonning ba’zi qismlaridagi tog’li joylarni o’z nazoratida ushlab turishga qodir ekanini namoyish etgan”.

Afg’oniston Ozodlik fronti (AOF)

Bu guruh 11-mart kuni Tvitter va Feysbukda o’zi haqida e’lon qilib, “mamlakatni ishg’oldan ozod etish uchun kurashish” maqsadida faoliyat boshlaganini bildirdi.

Rahbariyati noma’lum, ammo so’nggi xabarlarga ko’ra, sobiq mudofaa vaziri va bosh shtab qo’mondoni Yasin Ziyo uning yetakchilaridan biri hisoblanadi. 1990-yillarda Ahmad Shoh Mas’udning yordamchilaridan biri bo’lgan Ziyo bilan bog’lanishning iloji bo’lmadi.

Mart oyidagi e’londan beri AOF bir necha viloyatlarda, jumladan Badaxshon va Qandahorda Tolibonga hujumlar uyushtirganini ma’lum qilgan, tungi janglar videosini isbot sifatida taqdim etgan.

Qorong’ida olingan videolarni tekshirish oson emas, “lekin ushbu hujumlarning ba’zilari haqiqatan ham ro’y berganini bilamiz”, deydi Mills. Masalan, 8-aprelda Qandahordagi politsiya uchastkasiga granata uloqtirilgan.

Afg’oniston milliy ozodlik islom harakati (MOIH)

Bu pushtunlarning Tolibonga qarshi kurashayotgan yagona yirik guruhi sanaladi. Afg’on maxsus kuchlari sobiq qo’mondoni Abdul Matin Sulaymonxayl boshchiligidagi MOIH 16-fevralda tuzilgan. Sulaymonxayl uni Tolibonning sobiq harbiylarni o’ldirganiga javoban tuzganini aytadi. Unga ko’ra, Tolibon e’lon qilgan amnistiya “yolg’ondir”.

Afg’oniston xalqaro telekanali bilan suhbatda Sulaymonxayl uning guruhi 34 viloyatdan 26 tasida “harbiy va siyosiy faoliyat” olib borayotganini aytgan. Tadqiqotchilar bu bayonotni shubha bilan qarshi olgan. U xavfsizlik nuqtai nazaridan MOIH a’zolari sonini aytishdan bosh tortgan.

MOIH o’z qarorgohi Nangarhor va bir qancha boshqa viloyatlardagi hujumlar uchun mas’uliyatni o’z zimmasiga olgan, biroq dalillar taqdim etmagan. Feysbukdagi videolarida qurollangan niqobli odamlar Tolibonga qarshi jang qilishini ta’kidlaydi xolos.

MOIH yaqinda Hilmandda Tolibon qo’mondonini o’ldirgani haqidagi da’vosi ishonchli bo’lib tuyulsa-da, Mills deydiki, aslida guruhning “salohiyati cheklangan”.

Boshqa guruhlar

So’nggi haftalarda Afg’oniston shimolida suratga olingani aytilayotgan videolarda tojik harbiy qo’mondoni general Ato Muhammad Nurga aloqador jangchilarni ko’rish mumkin.

Masalan, bir videoda qurollangan niqobli shaxslar o’zlarini Balx viloyati sobiq hokimi Nur boshchiligidagi “oliy qarshilik kengashi” a’zolari deya tanishtiradi. Undan buyruq kelishi bilanoq hujumlarni boshlaymiz, deydi biri. Nur hozirda Birlashgan Arab Amirliklarida yashayotgani taxmin qilinadi.

Uning jiyani Suxayl Zimaray, politsiya ma’lumotiga ko’ra, yaqinda Mozori Sharifda Tolibon kuchlari bilan otishmada halok bo’lgan.

“Nur partizanlari” Afg’oniston shimolidagi har bir viloyatda faoliyat olib borayotganini da’vo qilsa-da, “ularning biror hujum uyushtirganini yoki biror hujumni o’z zimmasiga olganini ko’rmadim”, deydi Mills.

O’zi haqida e’lon qilgan boshqa guruhlar ham bor: Ozodlik korpusi, Afg’onistonni Ozod qilish fronti, Hazoriston askarlari hamda Ozodlik va demokratiya fronti. Ularning yetakchilari va salohiyati haqida ma’lumot deyarli yo’q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG