Vashington rasmiylarining tasdiqlashicha Afg’onistonda Tolibon hukumatiga qarshi tuzilgan qurolli guruh AQSh Adliya vazirligi ro’yxatidan o’tgan. Ushbu qarshilik guruhi AQSh hududida siyosiy tashviqot bilan shug’ullanishni maqsad qilgan.
Ma’lum qilinishicha, Tolibonga qarshilik ko’rsatish fronti “AQSh hududida o’zining xalqaro idorasini yuritish uchun rasman ruxsat olgan”.
Frontning xalqaro aloqalarga mas’ul vakili Ali Maysam Nazariyning “Twitter”da yozishicha, “qarshilik harakati o’z faoliyatini qisqa fursatda dunyo bo’ylab kengaytiradi”.
“O’zini Milliy qarshilik fronti deb nomlagan guruh Xorijiy agentlarni ro’yxatga olish to’g’risidagi qonunga muvofiq 26-oktabr kuni ro’yxatdan o’tgan”, - deya ta’kidladi AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Prays.
Uning tushuntirishicha, bu qaror qarshilik fronti tomonidan berilgan va AQSh Adliya vazirligi yoki biror davlat idorasidan arizani alohida ko’rib chiqish va tasdiqlashni talab etmaydi.
“Umuman olganda, bunday tashkilotlar Davlat departamentining aralashuvisiz AQSh hududida ofis ochish huquqiga ega”, - dedi Prays.
Aksariyati etnik pushtunlardan iborat Tolibon Afg’onistonda nazorat o’rnatgach, sobiq hukumat xizmatchilariga yalpi amnistiya e’lon qilgan edi. Biroq amalda Tolibon Afg’oniston Xavfsizlik xizmati xodimlarini qatl etayotgani haqida xabarlar tinmayapti.
Milliy qarshilik fronti poytaxt Kobuldan qariyb 100 kilometr shimoli-sharqda joylashgan, aholisining katta qismi etnik tojiklardan iborat bo’lgan Panjsher vodiysining tog’li hududlarida o’z bazalarini tuzganini ma’lum qilgan.
Front tarkibiga AQSh treninglaridan o’tgan Afg’oniston Xavfsizlik kuchlarining sobiq xizmatchilari va mahalliy otryadlar vakillari kirgan. Ularning aniq soni haqida ma’lumot yo’q. Frontga 1990-yillarda Tolibonga qarshi shiddatli hujumlari bilan tanilgan Ahmad Shoh Mas’udning o’g’li Ahmad Mas’ud boshchilik qilmoqda.
“AQSh bayonoti naqadar ishonchli ekani borasida ma’lumotim yo’q. Bizning isyon shiori ostida bosh ko’tarayotganlarga aytadigan gapimiz shuki, Afg’onistonga tinchlik va barqarorlik kerak, aslo urush emas”, - deya munosabat bildirdi Tolibon so’zlovchisi Zabihulla Mujohid Kobulda o’tgan matbuot anjumanida.
Mujohidning ta’kidlashicha, qarshilik harakati faoliyatiga Afg’oniston zaminida faoliyat yuritishga hech qanday imkon berilmaydi.
1990-yillarda Ahmad Shoh Mas’udning Tolibonga qarshi harakatini qo’llab-quvvatlagan Rossiya ayni damda Tolibonni dastaklamoqda. Qarshilik fronti tuzilishini qoralagan Moskva barcha etnik guruhlarni milliy birdamlikka chaqirmoqda.
Facebook Forum