Breaking News

Afg'on ayollari BMTda o'z taqdiri haqida so'zladi


BMTda Afg’onistondagi vaziyat bo’yicha ma’lumot bergan afg’onistonlik ayollar a’zo mamlakatlardan Tolibonga bosim qo’yib, xotin-qizlarga o’qish va ishlashga ruxsat berishga ko’ndirishni so’radi.

Xalqaro hayot – 25-oktabr, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:32 0:00

“Bir oydan oshibdiki, afg’on qizlari o’rta maktabga chiqa olgani yo’q. Sudsiz qotilliklar, jamoat joylarida qatl etishlar, etnik tozalashlar, ayollarni sunnat qilish, ommaviy qotilliklar Afg’onistonda ro’y bermoqda”, - dedi Afg’oniston parlamenti sobiq qonunchisi Nahid Farid.

Tolibon avgust oxirida mamlakatda hokimiyatni egallaganidan beri ayollar ko’chada namoyish qilib, ularga ishlashga va o’qishga ruxsat berishni talab qilmoqda.

Tolibon oz sonli ayollarga, jumladan akusher va hamshiralarga, ishlashga ruxsat bergan, qizlar esa o’qishga shariat ahkomlari doirasida qaytishini bildirgan.

O’tgan hafta Birlashgan Millatlar Tashkilotida o’tgan maxsus majlisda Britaniyaning BMT masalalari bo’yicha vaziri Tariq Ahmad Tolibonga murojaat qildi.

“Islom dini ayollar huquqlarini ta’minlaydi, inkor etmaydi. Islom dini hammaga ta’lim olishni buyuradi, yolg’iz o’g’il bolalarga emas. Islom dini barcha jamoalar imkoniyatlarini kengaytirishni, ozchilikdagi guruhlarni ezish emas, himoya qilishni tayinlaydi”, - dedi britaniyalik musulmon rasmiy.

“Afg’on ayollari tarmog’i” tashkiloti vakili Osila Vardakning aytishicha, ayollar ham mamlakat hayotida faol bo’lishni istaydi.

"Majlislarda ayollar haqida gapirmang, ularning o’zini gapirtiring. Rahbar ayollar Tolibon bilan bevosita muloqot qilish imkoniga ega bo’lsin. Shundagina ayollarni tinchlik va xavfsizlik jarayoniga, gumanitar yordam loyihalariga qo’shgan bo’lasiz. Biz ham stol atrofida o’tiraylik, korridorda emas”, - dedi Vardak.

BMT majlisida so’zga chiqqan afg’on ayollari vatanidagi og’ir gumanitar vaziyat haqida ogohlantirib, yordam ayollarga berilibgina qolmay, ayollar ham uni tarqatishda faol bo’lsin, dedi.

"Birlashgan Millatlar Tashkiloti ayollarni gumanitar yordamni olish va taqsimlash jarayonining har bir bosqichida himoya qilishni va jarayonga qo’shishni talab qilsin”, - dedi yana bir sobiq qonunchi Favziya Kufiy.

Hozircha boshlang’ich maktablardagina afg’on qizlariga o’qishga ruxsat bor. Ko’p hollarda o’qituvchilar maoshsiz ishlamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG