Pokiston hukumati o'tgan yili Afg'onistonda Tolibon boshqaruvni qo'lga olganida bayram qilgan edi, chunki oldingi rahbariyat davruda Kobul bilan aloqalar nihoyatda sovuqlashgan edi. Ammo bugunga kelib, Islomobod Tolibon bilan hamkorlik qilishga qiynalmoqda.
Bosh vazir Imron Xon toliblarning hokimiyatga qaytishini "uyg'onish" deb atab, afg'on xalqi endi hech kimga bo'ysunmaydi, deya bong urgan edi.
Pokiston siyosatchilari Hindiston bilan yaqin Ashraf G'ani ma'muriyati "sharmandali qulagani" qo'shniga salmoqli zarba, deb ham baholagan.
Islomobod Tolibonga yordamlashishini bildirib, diplomatik tashabbuslar bilan chiqqan. Afg'on xalqiga madad berish ham jonbozlik ko'rsata boshlagan.
Pokiston hatto ilk bor Hindistonga o'z hududidan o'tib, gumanitar ko'mak yetkazishi uchun imkoniyat yaratgan.
Ikki oy oldin Islomobod Islomiy hamkorlik tashkilotining 56 a'zosini bir davraga to'plab, Afg'oniston va Tolibon bilan yaqindan ishlashga undagan edi.
Endilikda esa Pokiston hukumatiga ko'ra, qo'shni davlatdan terroristlar mamlakatda qonli xurujlar rejalab, aholi tinchligini buzmoqda.
Bunday tahdidlar yangi emas. Noaniq chegarani noqonuniy kesish hollari azaldan ko'p uchraydi va ikki davlat orasidagi hududlar hamisha beqaror.
Pokiston razvedkasi"Tahrik-i-Tolibon" to'dasini o'tgan oylarda xavfsizlik xodimlarini o'ldirganlikda ayblamoqda.
"Tahrik-i-Tolibon" Pokiston toliblaridir. Bu jangarilar afg'on sarhadiga kirib yashirinib, u yerdan chegarachilarni va boshqa zobitlarni nishonga olmoqda. Rasmiylarning bu iddaosini "Tahrik-i-Tolibon" tan olib, hujumlar uning ishi ekanini tasdiqlagan.
"Pokistonning asosiy xavotiri Afg'onistondan chiqayotgan terroristlar", - deydi Rauf Hasan, bosh vazir maslahatchisi.
Islomobod yillar davomida shunday shikoyatlar qilgan.
"Afg'oniston hukumati bilan bu muammoni muhokama qilayapmiz. Biz bu terroristlarga toqat qilmaymiz", - deydi Hasan.
Pokiston nazarida Amerika qo'shinlari chiqib ketganidan beri "Tahrik-i-Tolibon" erkin nafas olib, haddidan oshmoqda. AQSh Afg'onistonda bo'lgan paytda ular yurgan hududlar doimiy bosim ostida edi. Dronlar orqali hujumlar qilinar edi.
BMT hisobicha, Afg'onistonda pokistonlik 3000-5000 tolib bor.
Pokiston nazarida Tolibon bularga e'tibor bermayapti yoki o'zini ko'rmaganga olmoqda. Islomobod jangarlarga qarshi operatsiyalar olib borar ekan, Kobul hozir uning harbiylariga Afg'oniston chegaralaridan o'tishga izn bermayapti.
Chegara yuzasidan ziddiyat yana bir og'ir masala. 19-asrda Britaniya mustamlakasi davrida belgilangan chiziqlar ikki davlat tomonidan ham tan olinmaydi.
Tahlilchilar esa Tolibon ataylab Islomobod bilan bu borada murosa qilmayotganini aytadi. Chunki, deydi ular, Tolibon afg'on xalqiga harakat ortida Pokiston turmaydi, deya ko'rsatmoqchi. Afg'onistonda toliblarni aslida qo'shni davlat quvvatlaydi, degan qarash keng. Islomobodga yo'q deb, hozirgi rahbariyat o'zini mustaqil kuch sifatida namoyon etmoqchi.
Shu kunlarda Afg'oniston Mudofaa vazirligi Pokistonni chegarani hech qanday kelishuvsiz belgilashga uringanlikda ayblab chiqdi.
Tolibonga ko'ra, afg'on hududi hech bir qo'shniga qarshi hujum uchun qo'llanmaydi. Kobul Pokistonning terrorchilar Afg'onistondan kelmoqda, degan da'volarini rad etadi.
Afg'onistonning oldingi rahbarlari va AQSh Pokistonni Tolibonni quvvatlashda ayblar edi. "Tahrik-i-Tolibon" afg'on toliblarni Pokistonda o'z panohiga olgan.
Shu bois bugun Tolibon bu to'dani himoya qilayotgan bo'lishi mumkin. Kobul Islomobodga "Tahrik-i-Tolibon" bilan muzokara qilishni tavsiya etgan. Guruh xalqaro hamjamiyat tomonidan terrorist tashkilot deb qaraladi. Islomobod uchun ham shunday.
Pokiston Ichki ishlar vazirligining tasdiqlashicha, Tolibon "Tahrik-i-Tolibon" bilan 20 yil yonma-yon jang qilganini ochiq bildirib, bu to'daga qarshi bormasligini ayon qilgan.
Islomobod shundan keyin "Tahrik-i-Tolibon" ga qarshi maxsus amaliyotlarga, jumladan dron hujumlarga zo'r berib, o'tgan kunlar ichida uning qator a'zolarini yo'q qilgan.
Pokiston Tolibon rahbariyatini Afg'onistonning yangi hukumati deb tan olish borasida ham o'ylanmoqda. Kobul bilan muzokaalarda Islomobod rasmiylari "oldin boshqalar tan olsin" deyilgan. "Tahrik-i-Tolibon" ga qarshi turish Pokistonning asosiy sharti, deya qayd etiladi.
Pokiston va Xitoy Tolibonni Afg'onistonda biror terror guruhi faoliyat yurita olmasligini kafolatlovchi xalqaro dastur ishlab chiqish, uni xalqaro jamoatchilik bilan muhokama qilishga undamoqda. Islomobod va Pekin Kobulga bu borada yordamlashishga bel bog'lagan.
BMT tahlilicha, Tolibon hukmronligi ostida Afg'onistonda terrorchilar bemalol harakat qilmoqda va qanchalik va'da bermasin, yangi rahbarlar zarur choralarni ko'rmayapti.
Facebook Forum