Afg'onistonning AQShdagi elchixonasi oldingi hukumatdan qolgan bo'lsa-da, diplomatlar shu kungacha ishlab turibdi. Lekin endilikda ularning bank hisoblari muzlatilgan.
Elchixona xodimlarining "Amerika Ovozi"ga bildirishicha, masala AQSh hukumati bilan muhokamada. "Citibank" elchixona hisoblarini, xususan Vashington, Nyu-York va Los-Anjelesdagi vakolatxonalari bilan bog'liq moliyaviy faoliyatni bekor qilib, har qanday transaksiyani to'xtatgan.
Missiya hozirda Kobuldan moliya olmaydi, chunki Tolibonni tan olmaydi. Uchala ofis ham konsullik xizmatlaridan tushgan mablag'ga tayanadi.
Konsulliklar hozirda yangi pasport bermaydi, chunkii yangilari vatandan kelmay qo'ygan. Muddati bitgan pasportlarni uzaytirib berishi mumkin.
Elchixona banklar bilan aloqa qila olmayotgani sabab diplomatlar o'z shaxsiy hisobini ishlata boshlagan.
"Davlat departamenti muammodan xabardor, biroq hal etilmadi", - deydi afg'on diplomatlaridan biri.
Amerika rasmiylari, deydi u, masalani ochiq muhokama qilmaslikni maslahat bergan.
AQShda hozirda Afg'onistonning 90 nafarga yaqin diplomati bor. Ularga BMTdagi doimiy vakil va uning qo'lida ishlaydiganlar ham kiradi.
Bank hisoblarining muzlatilishi bu insonlarning maoshi, ijara va tibbiy sug'urta to'lovlariga jiddiy ta'sir qilmoqda.
Davlat departamentining "Amerika Ovozi"ga tasdiqlashicha, afg'on diplomatlarining maqomi o'zgarmagan, ular hamon Afg'onistonning AQShdagi rasmiy vakillaridir. Biroq bank hisoblari xususida departament lom-mim demayapti. "Citibank" ham bu borada og'iz ochmayapti, savollarga javob bermayapti.
AQSh Tolibon hukumatini tan olmasa-da, uning a'zolari bilan turli diplomatik doiralarda muloqotda.
"Afg'onistonga insonparvarlik yordami ko'rsatish uchun ittifoqchilar, hamkorlar va xalqaro tashkilotlar bilan maslahatlashar ekanmiz, Tolibon bilan ham gaplashayapmiz", - deydi Tomas Uest, AQShning bu mamlakat bo'yicha maxsus vakili.
"Maqsad - Tolibonga o'z talablarimiz va xavotirlarimizni tushuntirish. Afg'oniston barqaror, huquq hurmat qilinadigan va inklyuziv davlat bo'lishidan manfaatdormiz".
Ekspertlar nazarida Vashingtonning hozirgi pozitsiyasi tushunarsiz va ko'plarni, ayniqsa afg'onlarni adashtirmoqda. Bir tomondan Tolibon bilan aloqada, ikkinchi tomondan eski hukumatning diplomatlari hamon amalda.
"Ikki parallel tizimdan chiqadigan muammolar bilan kim shug'ullanadi? Amerika shu kungacha bir qarorga kelib olishi lozim edi", - deydi Kendis Rondo, Yangi Amerika aql markazi tahlilchisi.
"AQSh anchadan beri Afg'onistonga nisbatan noaniq harakatda", - deydi Karnegi fondidan tadqiqotchi Jennifer Murtazashvili.
Olima deydiki, o'tgan oylarda minglab afg'onlarni Amerikaga olib kelgan hukumat uchun effektiv konsulliklar lozim, chunki fuqarolarga xizmat zarur. Shunday ekan, afg'on vakolatxonlari nega bu ahvolda?
Diplomatik missiyalar Tolibon hukumatga kelishidan oldin ham moliyaviy qiyinchiliklar domida edi. Hozirga kelib, vaziyat nihoyatda qiyinlashgan. Diplomatlar maoshsiz, ko'ngilli ravishda xizmatda.
Tolibon hukumatini hali biror davlat tan olmagan.
Ayni damda kamida uch afg'on diplomati Kanadadan siyosiy boshpana so'ragan. Boshqalar ham shu singari qadamlar tashlashi mumkin.
"Afg'onistonga qayta olmaymiz, bu aniq", - deydi vizasi bitayotgan diplomatlardan biri. "Hammamizning masalamiz ko'ndalang".
AQSh Fuqarolik, immigratsiya va bojxona agentligi afg'onlarga quyidagi imkoniyatlarni taklif qilmoqda: Amerikaga A-1, A-2, G-1 yoki G-2 noimmigrantsion vizalar bilan kelib, 2021-yilning 14-iyuligacha diplomatik va qisman-diplomatik faoliyat yuritgan shaxs grin-karta uchun, ya'ni doimiy yashash va ishlash huquqi uchun hujjat topshirishi mumkin.
Facebook Forum