Tolibon o'tgan yilning avgustida undan qochgan afg‘on harbiylari tomonidan Tojikistonga keltirilgan havo vositalarining qaytarilishini talab qilar ekan, Dushanbe hozircha javob bergani yo‘q. Ammo bu mavzu jamoatchilik orasida qizg'in bahslarga sabab bo‘lmoqda. Ayniqsa, AQSh Mudofaa vazirligi unga tegishli vositalar Tolibonga qaytarmasligi kerak, degan bayonotidan keyin.
Tolibon matbuot xizmatidan Inomullo Samangoniy iddaolariga ko'ra, “qo‘shni davlatlarga, asosan, Tojikiston va O‘zbekistonga 40 dan ortiq harbiy samolyot va vertolyotlar olib qochilgan”.
Oldinroq Tolibon Afg‘oniston uchuvchilari mamlakat harbiy samolyot va vertolyotlarining 25 foizini mamlakatdan olib chiqib ketgan, deya da'vo qilgan edi.
Bu texnikalar ichida "A-29 Super Tucano" rusumli harbiy qiruvchi samolyotlar va “Mi-17”, “MD-530” va "UH-60 Black Hawk" rusumli vertolyotlar borligi ham aytilgan.
Tolibon harakati asoschisi Mullo Umarning o‘g‘li, ayni paytda harakatning mudofaa masalalari bo‘yicha mas’uli Mavlavӣ Muhammad Yoqub 11-yanvar kuni “Dushanbe va Toshkent bu masalada toliblarning sabrini sinamasligi kerak”, deb ogohlantirdi.
Tojikiston hukumati avgust oyida Afg‘onistondan 143 nafar uchuvchi kelgani va bir muddat Dushanbe shahri yaqinidagi sanatoriyda joylashganini ma’lum qilgan edi. 2021-yilning 10-noyabr kuni ular Dushanbedan Birlashgan Arab Amirliklarining Abu-Dabi shahriga uchib ketishgan, shu tariqa AQSh tomonidan evakuatsiya qilingan edi.
Ular Afg‘onistondan uchib kelgan vositalar esa Tojikistonda qolgan. Pentagonning Tolibon iddaolariga nisbatan bayonotiga ko'ra, agar ular ichida AQSh Afg‘oniston havo kuchlariga bergan texnikalar bo‘lsa, Tolibon ularni qaytarib olishga umid qilmasligi kerak.
Tojikiston rasmiylari bu texnikalarning soni, rusumi yoki kimga tegishli bo‘lganligi haqida biror ma’lumot bergani yo‘q.
Jamoatchi faol Baxtiyor Nasrulloyevning fikricha, “bu texnikalar Tojikiston va O‘zbekiston hududida va ularni toliblarga berish yoki bermaslik Tojikiston va O‘zbekistonning ichki ishi. Unga hatto AQSh ham aralashmasligi kerak”.
Ammo tojik jurnalisti Bobojon Shafe’ deydiki, “Bu samolyot va vertolyotlar AQShga tegishli texnikalar. AQSh qo‘shinlari Afg‘onistondan chiqib ketishida bu texnikalarni olib ketmadi va afg‘on zobitlari ularga o‘tirib, qo‘shni davlatlar, jumladan, Tojikistonu O‘zbekistonga qochib keldi. Shu yo‘l bilan bu texnikalar Tojikiston va O‘zbekistonga kelib qoldi, ammo ularning haqiqiy egasi AQSh bo‘lganligi uchun ham bu texnikalarning kelgusi taqdirini asmiy Vashington hal qilishi kerak”.
Tojikiston vertolyotlar yoki boshqa texnikalarni Tolibonga bermaslikka haqli, deydi Baxtiyor Nasrulloyev. "Lekin bu holatda ularni saqlashi kerak va ulardan foydalanishga ham haqli emas. Afg‘onistonda xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilgan qonuniy davlat paydo bo‘lgach, bu texnikalarni ana shu davlat ixtiyoriga qaytarishi kerak. Tojikiston AQSh maslahatlariga quloq solib, bu texnikalarni ular istagan davlatga berishi mumkin. Ammo boshqa tarafdan Afg‘oniston qo‘shni davlat va erta yo kech, Tolibon bo‘ladimi yo boshqa, bu tuproqda qonuniy davlat paydo bo‘ladi va ana o‘shanda Tojikiston qo‘shnilarning mulkini qaytarishga majbur bo‘ladi. Texnikalar uchinchi mamlakatga berib yuborilgan bo‘lsa, orada munosabatlar murakkablashishi mumkin. Shuning uchun ham bu texnikalar Afg‘onistonda yangi hukumat shakllangunga qadar Tojikistonda saqlanib qolgani to‘g‘riroq bo‘ladi”.
Timur Porsiyev ismli "Feysbuk" foydalanuvchisi nazarida, “Tojikiston va O‘zbekiston hech qanday holatda bu texnikalarni Tolibonga topshirmasligi kerak. Chunki ular bu harbiy texnikalarni qo‘lga kiritsa, erta yo kech qayta Tojikiston va O‘zbekistonning o‘ziga nisbatan ishlatadi”.
Yana bir tojikistonlik Shahina Tojiboyeva: “Bu harbiy texnikalar bilan Tojikiston chegarasini buzib kirishdi va ular davlat tomonidan musodara qilinishi kerak va ularning kelgusi taqdiri ham Tojikiston ixtiyorida”.
Jamoatchi faol Azamshoh Boboyev: “Bu texnikalar sobiq Afg‘oniston davlatiga tegishli edi va ularni Tolibon terroristik guruhiga berish terroristlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘ladi. Bu holatda eng to‘g‘ri yo‘l, texnikalarni Afg‘onistonning Dushanbe shahridagi Elchixonasi ixtiyoriga topshirish kerak”.
2021-yilning dekabrida Tolibon Afg‘oniston Islom Respublikasining Dushanbe shahridagi elchixonasiga murojaat qilib, Ashraf G‘ani hukumati qulashi oldidan Kobuldan bu vakolatxona hisob raqamiga yuborilgan 786 ming dollarni qaytarishni talab qilgan edi. Elchi Muhammad Zahir Ag‘bar aslo bu mablag' aslo qaytarilmaydi, degan qabilda javob bergan. Diplomat elchixona odatdagidek faoliyat ko'rsatayotgani va bu pul uning chiqimlari uchun ishlatilishini aytgan.
Facebook Forum