BMT ekspertlari tahlilicha, Afg'onistonni boshqarayotgan Tolibon xotin-qizlarni inson qatoridan chiqarib, ularni jamoatchilikdan tamoman uzoqlashtirmoqda.
Tolibon ayollarni jinsiy tahqirlagan tarzda, ularga nisbatan zo'ravonlikni tizimlashtirib, bu fuqarolarni keng ko'lamda har qanday faoliyatdan chetlashrtirmoqda, deydi mutaxassislar.
BMT Inson huquqlari bo'yicha bosh komissariatiga ko'ra, "Tolibon har qanday jabhada harakat qilgan xotin-qizlarni kamsitib, hatto jamoatchilikni ko'ringani uchun jazolashga bel bog'lagan".
Aksariyat hollarda ayollar Tolibon hukumatga kelganidan beri ishlaridan ayrilgan. Tashqariga chiqish cheklangan. Xotin-qizlar hamisha o'ranib yurishi shart. 72 kilometrdan uzoqqa borsa, erkak hamrohi bo'lishi kerak.
"Harakat, fikr va so'z hamda uyushish erkinliklarini cheklash xotin-qizlarni jamoatchilik va siyosatdan uzoqlashtirgan. Shu bilan birga ular ishlash huquqidan ham mahrum. Bu esa ayollarni qashshoqlik girdobiga otmoqda", - deyiladi BMT hisobotida.
Qizlar aksariyat hollarda maktabga bora olmayapti. Tolibon bilim olish, kasb-hunar o'rganish va mehnat qilish xotin-qizlar uchun emas, degan targ'ibot olib bormoqda.
Tolibon esa mart oyidan yangi o'quv yili boshlanadi va qizlar ham o'qishga chiqadi, deya va'da bergan.
'Biz ayollar huquqlarini hurmat qilamiz, faqat ular yopinib yurishi kerak", - deydi Suhayl Shahin, Tolibonning BMT uchun maxsus vakili.
Lekin xalqaro hamjamiyat hali Tolibonni tan olmagan.
“Tolibon uning nazarida tartibni buzgan ayollarni do'pposlab, ularga tahdid qilib, qamab va asossiz hibsda saqlayotgan hollar ko'p", - deyiladi BMT tahlilnomasida.
Xotin-qizlar shunga qaramay norozilik namoyishlariga chiqib turibdi. Tolibon ularga bosim ko'rsatib, namyishchilarga qarshi kuch ishlatmoqda.
16-yanvar kuni Kobulda ayollar burqa yoqib, Tolibonga qarshi ekanini bildirgan. Ularni taraqtib yuborish uchun Tolibon ko'zni achitadigan modda sepgan.
Tolibon xotin-qizlar islomga ko'ra o'ranib yurishi shart, degan siyosat yuritmoqda. Hukumatga ko'ra, bunga qarshi chiqish Qur'onni qoralash demakdir. Toliblar hijobga qarshi chiqayotganlarni xorijiy ta'sir ostidagi odamlar deb biladi.
"Human Rights Watch" inson huquqlari tashkilotidan Hezer Barr deydiki, aslida toliblar ayollar hayotining har bir jabhasini nazorat qilishni istaydi.
“Tolibon o'zini xuddi ulargina bu dunyoda islomni biladigan va hurmat qiladigan yagona tizimdek tutmoqda", - deydi Barr.
Fundamentalist harakat, deydi ekspert, shu tariqa xotin-qizlarni insonlar qatoridan chiqarib, ularni ko'rinmaydigan, eshitilmaydigan, jamiyatda biror faoliyat yuritmaydigan zaif va nochor qatlamga aylantirmoqchi. Ayollar o'zi azaldan bu jamiyatda qashshoqlik va imkonsizlikdan qiynaladi.
Tolibon o'zgarmas ekan, Afg'onistonga moliya qirqilgan; xalqaro tashkilotlar va yirik davlatlar u bilan aloqada emas.
Natijada mamlakat iqtisodi qulab, gumanitar inqiroz boshlangan.
BMT dunyo ahlini afg'on xalqiga yordam berishga undamoqda. Tolibonga bosimni oshirish kerak, deydi mutaxassislar, aks holda Afg'onistonda vaziyat tamoman izdan chiqib, millionlab insonlar hayoti tamoman barbod bo'ladi.
Facebook Forum