Tolibon afg’on muxolifati yetakchilari bilan Eronda uchrashuv o’tganini tasdiqlamoqda. Tolibon delegatsiyasi Tehronda Milliy qarshilik fronti rahbari (MQF) Ahmad Mas’ud hamda sobiq vazir va gubernator Ismoil Xon bilan muloqot qilgan.
Tashqi ishlar vaziri Amir Xon Muttaqiy toliblar barcha afg’onlarning kelajagi uchun harakat qilayotgani, qarshilik ko’rsatishga sabab yo’qligini ta’kidlagan.
“Qo’mondon Ismoil Xon, Ahmad Mas’ud va u yerdagi boshqa afg’onlar bilan uchrashdik. Ular qaytishsa, Afg’onistonda erkin va xavfsiz yashay olishlariga ishontirdik. Biz hech kim uchun hech qanday muammo yaratmaymiz”, - deydi vazir.
Etnik tojik yetakchilar bo’lmish Mas’ud va Xon uchrashuvlar yuzasidan izoh bermagan. Tolibon asosan pushtunlardan iborat.
Xalqaro hamjamiyatga ko’ra, Tolibon tan olinishni istasa, siyosiy murosaga borishi, barcha afg’onlarning huquqini hurmat qiluvchi inklyuziv hukumat tuzishi darkor.
Tolibon Afg’onistonda boshqaruvni 2021-yilning avgustida qo’lga oldi. Shundan buyon Kobul shimolida, Panjsher vodiysida MQF kuchlari va toliblar o’rtasida shiddatli to’qnashuvlar yuz bergan.
Sobiq afg’on rasmiysi Tariq Farhodiy Eron mezbonlik qilgan muzokarani olqishlaydi.
“Afg’onistondagi ichki ziddiyatlarni muzokara yo’Ii bilan hal qilishimiz kerak. Ikkinchi eng muhim narsa - Tolibon boshqa guruhlarning ham siyosatga kirishi uchun eshikni ochsin. Bu Afg’onistonda uzoq muddatli barqarorlikni ta’minlaydi”, - deydi Farhodiy.
Ayrimlar Tolibon berayotgan xavfsizlik kafolatiga ishonmaydi. Ular ayollar huquqi toptalayotgani, tanqidchilar bosimga uchrashi, amnistiya e’lon qilinganiga qaramay sobiq rasmiylar o’ldirilgani haqidagi xabarlarga ishora qiladi.
“Menimcha, raqiblari Tolibon kafolatlariga ishonmaydi. Guruhning so’zi va ishi boshqa", - deydi terrorizm masalalari bo’yicha ekspert Jonatan Shroden.
2021-yilning noyabrida MQF Amerikada lobbichilik faoliyatini olib borish uchun AQSh Adliya vazirligida ro’yxatdan o’tgan. Davlat departamenti so’zlovchisiga ko’ra, qarorni registratsiya qiladigan shaxs qabul qilgan, vazirlik yoki boshqa biror organning ruxsati talab etilmagan.
Toliblar o’z siyosatiga nisbatan tanqidlarni rad etib, hukumat inklyuziv ekanini ta’kidlab kelmoqda. Guruh o’tgan 20 yil ichida afg’on hukumatlarida ishlagan siyosiy arboblarni Vazirlar mahkamasiga kiritish taklifini ham qabul qilmaydi.
Hech bir davlat hozirgacha Tolibon hukumatini tan olmagan. Islomiy guruh hokimiyatga qaytishi bilan AQSh va boshqa G’arb davlatlari zudlik bilan nogumanitar yordamni to’xtatdi, Afg’onistonning 9,5 milliard dollarlik zaxiralarini muzlatib qo’ydi.
Tolibon rahbarlariga nisbatan jazo choralari va uzoq yillik xalqaro sanksiyalar mamlakat iqtisodiyotini tanazzul yoqasiga olib kelgan. Ko’p yillik urushlar, tabiiy ofatlar va qashshoqlik ham bunga hissa qo’shmoqda.
Xorijiy hukumatlar Tolibonni tan olmasdan turib, iqtisodiy yordam miqdorini oshirish yo’llarini izlamoqda. Muzokaralar Eronda o’tgani Tolibonni tan olish degani emas, deya qayd etadi Tashqi ishlar vazirligi.
Biroq Eron axborot vositalariga ko’ra, Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon Vashingtonning afg’onlar pulini muzlatish qarorini tanqid qilgan. Vazir fikricha, ushbu mablag’ Afg’onistonda gumanitar ahvolni yaxshilash uchun qaytarilishi lozim.
Facebook Forum