Breaking News

Afg’on yetakchilar birgalashib Tolibon bilan muzokara qilmoqchi


Abdul Rashid Do'stum
Abdul Rashid Do'stum

Bir guruh afg’on yetakchilar va mahalliy qo’mondonlar birgalashib Tolibon bilan uchrashish, Afg’onistonning yangi hukumatini tuzish bo’yicha muzokara olib borishni rejalamoqda.

Balx viloyatining qudratli sobiq hokimi Ato Muhammad Nurning o’g’li Xolid Nurning aytishicha, guruhga Afg’onistondagi o’zbeklar yetakchisi Abdul Rashid Do’stum va Tolibonga qarshi chiqayotgan boshqalar qo’shilgan.

“Birgalikda muzokara qilishni ma’qul topdik, chunki Afg’onistondagi muammolarni hech birimiz yakka hal qilolmaymiz”, - dedi Nur “Reyter” axborot agentligi bilan suhbatda.

Unga ko’ra, mamlakatning barcha siyosatchilari, ayniqsa an’anaviy liderlar va xalq quvvatloviga ega shaxslar bu jarayonga qo’shilishi lozim.

Ato Nur va Do’stum Tolibon shimoldagi Mozori Sharif shahrini bosib olgach, mamlakatni tark etgan. Ko’plab tuman va viloyatlarda harbiylar jangsiz taslim bo’lgan. 15-avgust kuni toliblar Kobulga kirishi bilan AQSh quvvatlagan afg’on hukumati quladi.

Parda ortidagi muzokaralar an’anaviy afg’on yetakchilar sahnaga qaytayotgani nishonasidir. Afg’onistondagi turli etnik guruhlar o’rtasida murosa qilmasdan turib hech bir tomon mamlakatni uzoq vaqt boshqara olmaydi, deydi tahlilchilar.

2001-yilgacha bo’lgan davrdan farqli o’laroq asosan pushtunlardan iborat Tolibon bu gal hujumga tayyorgarlik oldidan tojik, o’zbek va boshqa ozchilik guruhlardan yordam so’ragani ma’lum.

“Tolibon harbiy g’alabaga erishgani sababli hozir dimog’i baland. Ammo taxminimiz shuki, ular avvalgidek hukmronlik qilish xavfini tushunadi”, - deydi Nur. Bu bilan u toliblarning ilgarigi rejimi boshqa etnik guruhlarni chetlatganiga ishora qilmoqda.

Xolid Nur deydiki, muzokara hech qanday natija bermasligi ham mumkin. Bunday holatda, guruh Tolibonga qarshi qurol ko’tarishga tayyorgarlik ko’radi.

“Taslim bo’lish mumkin emas”, - deya ta’kidlaydi Qatarda afg’on hukumati delegatsiyasi tarkibida Tolibon bilan muzokarada qatnashgan Nur.

Panjsher vodiysida Tolibonga qarshi kurashayotgan jangchilar yetakchisi Ahmad Mas’ud ham toliblar bilan inklyuziv hukumat tuzish bo’yicha muloqot ish beradi degan umidda. Aks holda, Mas’ud boshchiligidagi kuchlar jang qilishga tayyor.

Korrupsiyada ayblangan Ato Muhammad Nur, qiynoqlar va vahshiy xatt-harakatlarda ayblangan Abdul Rashid Do’stum singari yetakchilarni xalq qanchalik qo’llab-quvvatlashi mavhum, deydi ekspertlar. Har ikkisi bunday da’volarni rad etadi.

Tolibon harbiy yutuqlari sharofati bilan taxminan 2000 zirhli harbiy texnika, 40 ga yaqin samolyot va askarlar tashlab ketgan qurollarga ega bo’ldi. Shunga qaramay, deydi Nur, toliblar xalq qo’zg’oloniga bas kelolmaydi.

“Tarixdan ma’lumki, Afg’onistonni hech kim kuch bilan boshqarolmaydi, buning imkoni yo’q. Ularni hatto xalqaro hamjamiyat qo’llab-quvvatlasa ham bunday boshqaruv barbod bo’ladi”, - deydi Nur.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG