Afg'onistonda Tolibon Kobulni egallashiga qadar ham iqtisodiy ahvol og'ir edi. Endi esa vaziyat yanada murakkablashmoqda, deydi mutaxassislar. Tolibon Markaziy bank rahbari etib Muhammad Idrisni tayinlagan. Lekin bu shaxs moliyani qanchalik tushunishi mavhum.
Bankning oldingi raisi Ajmal Ahmadiy chet elga qochgan. "Bloomberg" telekanali bilan gaplashar ekan, Ahmadiy Tolibonni iqtisodiy no'noqlikda aybladi.
"Shu kungacha biror marta iqtisodni muhokama qilishmadi. Makroiqtisod haqida, masalan, qanday fikrda? Nima qilishmoqchi, bilmaymiz", - deydi Ahmadiy.
"O'zi ularning ichida iqtisodchi yoki moliyachi bormi?"
Afg'onistonning sobiq moliya vaziri Gul Maqsud Sobit hozirda Kaliforniyada dars beradi. Uning nazarida ham Afg'onistonda iqtisod va banklar bilimsiz va malakali odamlarga topshirilmoqda.
"Vaziyat yanayam izdan chiqib, Afg'oniston xalqining hayoti hozirgidan ham qiyinlashishi mumkin", - deydi Sobit.
Afg'onistonda byudjetning 75 foizi tashqi yordamga to'g'ri keladi. Bu hafta Xalqaro Valyuta fondi 440 million dollar o'tkazishi kerak edi, ammo Tolibon qo'liga buncha mablag' berishni ma'qul topmadi.
Har yili chetdagi afg'onlar mamlakatga o'rtacha 800 million dollarga yaqin yuborayotgan edi. Biroq endilikda "Western Union" va "MoneyGram International" singari pul o'tkazish tizimlari Afg'onistondagi faoliyatini to'xtatgan.
Minglab afg'onlar ishlagan xalqaro tashkilotlar, kompaniyalar va agentliklar chiqib ketdi va ketmoqda. Ulardan endi daromad yo'q.
Tolibon kelganida yopilib qolgan banklar astalik bilan ochilmoqda. Afg'onlar navbatda turib, qo'lidagi afg'oniyni AQSh dollariga o'girmoqda. Xalq milliy pulning qadri yanayam pasayadi deya xavotirda.
Yillar davomida markaziy bank afg'oniy qiymatini bir amallab ushlab turgan edi. Har hafta bank 20 million dollarni auksion orqali sotar edi. Bu bilan afg'onlarda milliy pulga nisbatan ishonch va uni qadrlash hissini targ'ib qilar edi. Odamlar banklar tayana boshlagan edi.
Savdo ham ancha kengayib, global tijorat tizimlari bilan munosabatlar joyiga tusha boshlagan edi. Biznes ahli afg'oniyda ham, dollarda ham ish yuritishga o'rganib qolgan edi.
Afg'oniston Amerika chiqib ketishi bilan daromadning asosiy qismidan ayrilar ekan, omma vahimada.
Yaqin oylarda dollar talash bo'ladi, deydi mutaxassislar, chunki tijoratchilar uni katta miqdorda sotib olishga harakat qiladi.
Toliblar buni qanchalik idora eta oladi? Banklar ilojsiz qoladi, deya ogohlantirmoqda soha egalari.
Tolibon hukmronligi ostida daromadning asosiy qismi soliq va bojdan kelishi kutilmoqda. Lekin iqtisod susayar ekan, soliq va boj miqdori ham tushadi.
Inflyatsiya ko'tariladi, import ko'lami tushadi, deydi sobiq moliya vaziri Gul Maqsud Sobit.
Yangi hukumat qanday bo'ladi? Agar unda oldingi boshqaruvdan ham odamlar bo'lsa va Tolibon xalqaro hamjamiyatni global me'yorlarga rioya qilishiga ishontira olsa, boshqa davlatlar va moliyaviy institutlar, bizneslar va kompaniyalar Afg'oniston bilan qisman bo'lsa-da ishlashi mumkin.
Iqtisodiy yordam oqimi to'xtamasa, xorijiy banklar ham afg'on moliyaviy tizimi bilan aloqani tiklashi mumkin.
"Umid shuki, Tolibon bularni anglab, o'ylab ish ko'radi", - deydi Darril Makleod, amerikalik ekspert.
"Global tizimlar bilan aloqa naqadar muhimligini tushunsa, Tolibon ijobiy yo'ldan borishi kerak, aks holda Afg'oniston jar yoqasiga boradi".
Gul Maqsud Sobit kabi sobiq rasmiylar fikricha G'arb Tolibonni jazolashga qaror qilsa, qanchalik haq bo'lmasin, azobni oddiy xalq tortadi.
"Tolibonga bosim ko'rsatamiz deb, odamlarning hayotini yanayam og'irlashtirish mumkin".
Facebook Forum