Afg’onistondagi vaziyatni yaqindan kuzatib kelayotgan va mintaqada o’z ta’sirini oshirishga urinayotgan davlatlardan biri bu Rossiya.
Tolibonni rasman terrorchi guruh deb tamg’alagan bo’lsa-da, Rossiya guruh yetakchilari bilan uzoq yillardan beri muloqot olib boradi; hatto ularni Moskvaga ham taklif qilgan.
AQSh va G’arb davlatlari xavotiriga ko’ra, Tolibon hukmronligi o’rnatilsa, shu paytgacha inson huquqlari masalasida Afg’onistonda erishilgan yutuqlar boy beriladi. Moskva qarashlari esa yumshoqroq ohangda yangramoqda.
“Vahimaga asos yo’q”, - deydi Rossiyaning BMTdagi elchisi Vasiliy Nebenzya. Uning aytishicha, Kobuldagi Moskva elchixonasi odatdagi ish faoliyatini davom ettiradi.
Afg’oniston bilan bog’liq og’riqli xotiralar Moskva uchun begona emas.
1979-yil sobiq Sovet ittifoqi kuchlari Afg’onistonni ishg’ol qilib, Kobulda kommunist rejimini o’rnatgan edi. Ammo sovet kuchlariga qarshi davom etgan muhojidlar qarshiligida ko’lab sovet askarlari va mol-mulki boy berildi. Oradan o’n yil o’tib, Moskva mamlakatni tark etishga majbur bo’ldi.
Rossiyaning bugungi xavotirlari ekstremist va radikal diniy g’oyalarning Markaziy Osiyo davlatlariga yoyilishi ehtimoli bilan bog’liq.
“Shuni ta’kidlashni istardikki, Rossiya Federatsiyasi Afg’onistonda terrorchilarga, xususan, IShID, Al-Qoida va uning tarafdorlariga aloqador bo’lmagan siyosiy kuchlar bilangina ishlaydi”, - dedi Nebenzya.
Kreml Afg’onisgtondagi iqtisodiy va xavfsizlikka doir manfaatlarini saqlab qolishga urinmoqda. Bu ishda u Tilibon bilan muloqot qilishga tayyor.
“Tolibon hozir Afg’onistonda hukmron, - deydi Xalqaro inqiroz guruhining Yevropa va Markaziy Osiyo dasturi rahbari Olga Oliker. – Agar savdo qilishni, Markaziy Osiyoga nisbatan xavfsizlik kafolati bo’lishini istasangiz yoki konlarni qazishda qatnashishni xohlasangiz, Tolibon bilan gaplashishingiz kerak”.
Tolibon Markaziy Osiyo davlatlari chegarasidagi viloyatlarni qo’lga kiritayotgan bir paytda Moskva mintaqada O’zbekiston va Tojikiston askarlari bilan harbiy mashg’ulotlar o’tkazdi.
Rossiya ayni paytda Ukraina va Venesuela kabi davlatlarda Vashington ta’sirini kamaytirish maqsadida AQShning Afg’onistondan chekinishini propaganda vositasi sifatida ishlatishga urinmoqda.
“Hozir Rossiyaning maqsadi mavjud bo’shliqni o’z ta’siri bilan to’ldirish hamda bu ishda uzoq yillardan beri Tolibon bilan o’rnatilgan aloqalardan foydalanish. Ular Tolibon g’alabasini AQShning global qudrati zaiflashgani belgisi sifatida ko’rsatib, Vashingtonning dunyodagi ta’sirini yanada kamaytirishga urinadi”, - deydi Vashingtondagi Atlantika kengashi tadqiqotchisi Mark Simakovskiy.
Shuningdek, Moskvaning umid qilishicha, Vashingtonning mintaqadan ketishi Rossiya nufuzini oshirishga xizmat qiladi.
Facebook Forum