Breaking News

Tolibon ayollar uchun imkoniyat va erkinlikni yanada cheklamoqda


Mozori-Sharif ko'chalarida
Mozori-Sharif ko'chalarida

Afg'onistonda Tolibon xotin-qizlarning harakatlanishini cheklar ekan, Amerika bu qarorlarni qoralab, Kobuldagi rahbarlarga inson huquqlarini eslatmoqda.

Hech bir ayol erkak hamrohsiz 72 kilometrdan uzoqqa bormasligi kerak. Taksiga chiqmoqchi bo'lsa, ayol kishi boshini o'ragan yoki hijob kiygan bo'lishi lozim. Hukumat mana shunday yangi qoidalar chiqargan.

Bu siyosatni amalga oshirishga mas'ullardan Sodiq Akif Muhojir deydiki, bu qoidalar - islomning uzviy shartlari, shariaga mos.

Jamoat transportida faqat erkaklar ishlaydi, ular soqol o'stirishi kerak va biror vositada musiqa tinglanmaydi.

Telekanallarda ayolarni ko'rsatish, xususan ular ijrosidagi serial yoki filmlarni qo'yish taqiqlangan. Boshlovchilar yopingan holda chiqadi.

Avgust oyida hokimiyatga kelgan Tolibon astalik bilan Afg'onistonni yana erkinlik eng cheklgangan jamiyatga aylantirmoqda, degan xavotir kuchli.

Bu yil qo'shinlarini bu mamlakatdan olib chiqib ketgan AQSh Tolibon boshqaruvini hukumat sifatida tan olmagan va u bilan biror masalani bevosita muhokama qilmayapti.

Vitse-prezident Kamala Harris deydiki, Tolibon bilan har qanday muloqot xotin-qizlar erkinligiga borib taqaladi va ularning huquqini ta'minlash asosiy shartlardan biridir.

"Tolibon xotin-qizlarga to'g'ri munosabatda emas ekan, biz buni inobatga olamiz va albatta ular uchun qayg'uramiz".

1996-2001 yillarda ham Afg'onistonda hukmronlik qilgan harakat bu safar ayollarni ezmaslikka, ular uchun imkoniyat va sharoitni cheklamaslikka so'z bergan edi, ammo bu hozircha quruq gap bo'lib qolmoqda, deydi afg'on faollar.

Qizlar maktabga bora olmaydi, o'qiy olmaydi. Ayollar ishidan, tirikchilikdan ayrilgan. Hukumat ularning bilim olishi va mehnat qilishi uchun yangidan-yangi qoidalar tanishtirish bilan band.

'Bu qoidalarga binoan ishlash va o'qish u yoqda tursin, yashash qiyin", deydi "Amerika Ovozi" bilan gaplashgan juvonlardan biri.

Xalqaro moliyaviy tashkilotlar, AQSh va uning hamkorlari va ittifoqchilari Afg'onistonga moliyaviy yordamni to'xtatgan va bu davlat bilan aloqani uzgan.

Natijada Afg'onistonda iqtisodiy inqiroz avj olib, BMTga ko'ra, qariyb 23 million odam ocharchilik xavfi bilan yuzlashmoqda. Qurg'oqchilik aholi hayotini yanada qiyinlashtirgan, qashshoqlik kuchaygan.

Tolibon Vashingtondan Afg'oniston markaziy bankiga tegishli 9,4 milliard dollarga yaqin mablag'ga qo'yilgan to'siqlarni olish tashlashni so'ramoqda. Harakatga ko'ra, yangi hukumat barcha afg'onlarni aks ettiradi va fuqarolarga xizmat qiladi. AQSh hukumatida bunga ishonch yo'q, deydi rasmiylar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG