Breaking News

O'zbek va pushtun toliblari o'rtasida nifoq chiqdi


Maymana, Faryob viloyati
Maymana, Faryob viloyati

Afg'onistonda Faryob viloyatining ma'muriy markazi hisoblangan Maymana shahrida o'zbek qo'mondonining qo'lga olinishi ortidan isyon ko'tarilgan. O'zbek va pushtun toliblari o'rtasida kechgan qurolli to'qnashuvlarda pushtunlar o'z punktlarini tashlab qochgan.

O'zbek toliblari Maymanada nazorat o'rnatgan. Maymana hokimi va mahalliy liderlari ham shahardan qochgani ma'lum qilingan.

Nifoq 12-yanvar kuni Tolibonning etnik o'zbek qo'mondoni Mahdum Olimning Mozori Sharifda qo'lga olinishi sababi bilan yuzaga kelgan.

Xabarlarga ko'ra, Faryob, Juzjon, Saripul va Samangan hokimlari hamda qo'mondon Otaulloh Umariy Mahdum Olimni ozod etish bo'yicha muzokara o'tkazish maqsadida Balxda yig'ilgan.

Tolibon matbuot kotibi o'rinbosari Bilol Karimiy 14-yanvar kuni isyon va to'qnashuvlar yuz berganini tasdiqlagan. Vaziyat nazoratga olinganini ma'lum qilgan. Biroq mahalliy manbalar to'qnashuv va ziddiyatlar hanuz davom etayotganini bildirmoqda.

Mahdum Olim o'zbek toliblarining eng nufuzli qo'mondoni bo'lib, Faryob, Juzjon va Saripul viloyatlarida guruh kuchlarini boshqarib kelgan.

2021-yilning dekabrida Olim yetakchiligidagi o'zbek toliblari va guruhning boshqa otryadlari o'rtasida kechgan to'qnashuvlari ichki nizoni kuchaytirgan edi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarga ko’ra, o'zbek namoyishchilar 13-yanvar kuni Maymana shahridagi pushtun toliblarga qarshi hujum qilgan. Videolarda aks etishicha, Maymanadagi pushtun toliblar harbiy texnika va qurol-yaroqlarini tashlab qochgan.

Ushbu e’tirozlarga sobiq hukumat rasmiylari ham munosabat bildirmoqda.

Sobiq vitse-prezident Amrulloh Solih “Tolibon xalq istaklarini inobatga olmagan taqdirda, nobud bo’ladi”, deya ta’kidladi.

Faryobning sobiq hokimi Naqibulloh Foiq Tolibon guruhi taniqli o’zbek qo’mondonlari adolatsizlikka qarshi isyon ko’tarishidan xavotirda ekaniga urg’u beradi.

“Men doim aytganman, Tolibonning o’zbek qo’mondonlari birin-ketin o’ldiriladi”,- deydi u.

Tolibon so'zlovchilaridan bo’lgan Inomulloh Samangoniy sobiq hukumat rasmiylarini xalq orasida nifoq urug’ini sochayotganlikda ayblagan.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG