Afg'oniston sobiq prezidenti Ashraf G'ani xalqaro matbuotga bergan intervyusida Kobuldan nega qochganini tushuntirdi. Uning aytishicha, ketishdan boshqa yo'l bo'lmagan. Bu gaplar Afg'onistonning boshqa sobiq rasmiylari va Amerika diplomatlari qilgan bayonotlardan farq qiladi.
G'ani, shuningdek, taxmin qilinganidek, mllionlab dollar olib ketmaganini aytadi.
15-avgustda vatanni tark etgan G'ani Afg'oniston xalqini xavf ichiga tashlab ketganlikda, eng zarur damlarda vaziyatni boshqarishdan bosh tortganlikda qoralanadi.
"Biroq o'sha kuni tongda men buni hech tasavvur qilmagan edim", - deydi u, "Bi-Bi-Si" radiosi bilan suhbatda.
Amerika matbuoti bilan intervyuda sobiq prezident Hamid Karzay deydiki, G'ani qo'rqoqlik qilib, faqat o'z xavfsizligini o'ylab, Tolibon bilan muzokaralarga ham zarba bergan. Aks holda, biror murosaga kelish mumkin edi, deydi Karzay. Boshqaruvda hech kim qolmagach, deydi u, Tolibon keldi, kimdir hukumatni qo'lga olishi kerak edi.
G'aniga ko'ra esa ketmaganida Kobul vayron qilinishi mumkin edi. Tolbonning o'zaro kelisha olmaydigan ikki to'dasi poytaxtga yaqinlashayotgan edi, deydi sobiq prezident.
Biroq Tolibon shaharga qarshiliksiz va jiddiy muammolarsiz kirib kelgan, chunki ungacha Afg'onistonning aksariyat qismi allaqachon uning nazoratiga o'tgan edi. Hukumat kuchlari yo taslim bo'layotgan yo qochayotgan edi.
Tolibon strategik inshootlarni egallar ekan, xalq orasida qo'rqinch kuchli edi. AQSh 20 yil quvvatlagan siyosim tizim ishonchni oqlamadi, odamlarni himoya qila olmadi, degan norozilik hissi avj olgan.
AQSh maxsus inspektori Jon Sopko G'ani qancha mablag' bilan ketganini tekshirmoqda.
Karzay va undan keyin Ashraf boshqargan tizim qanchalik yulg'ich bo'lgani, milliardlab dollarga teng boylik o'marilgani, chuqur korrupsiya hollari haqida qator hisobotlar chiqqan.
Vashington Afg'onistonni tiklash uchun 146 milliard dollar ajratgan, ammo AQSh qo'shinlari kirganidan deyarli 20 yil o'tib ham mamlakatda qashshoqlik ko'lami 54 foiz edi.
Uyushgan jinoyat va korrupsiyani o'rganuvchi tashkilot tahlilicha, Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko dunyoning eng korrupsioner lideridir. Ikkinchi o'rinda G'ani, uchinchi o'rinda Suriya rahbari Bashar al-Asad, to'rtinchi o'rinda Turkiya rahbari Rajab Toyyib Erdog'an. Undan keyingi o'rinda esa Avstriya kansleri Sebastiyan Kurts.
G'ani hikoya qilishicha, milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchi Hamdulla Mohib prezidentga uni hech kim himoya qilmasligini aytgan. "Ikki daqiqada qaror qilshim kerak edi", - deydi G'ani. Vertolyotga chiqqanida qayerga yo'l olishi noma'lum bo'lgan.
G'ani Afg'onistonning bugungi ahvolida Amerikani va uning Tolibon bilan 2020-yilda imzolagan bitimini ayblaydi. Bu kelishuvga asosan hukumat 5 ming tolibni qamoqdan chiqarishga majbur bo'lgan, deydi G'ani. Bu odamlar esa harakatga qayta qo'shilib, uni yanada kuchlantirgan.
Facebook Forum