Afg'onistonni boshqarayotgan Tolibon mamlakat chegaralari bo'ylab maxsus qurolli bo'linmalarni shakllantirmoqda. Bu kuchlar, Kobulga ko'ra, chegara hududlarida barqarorlikni ta’minlaydi.
Afg‘oniston Mudofaa vazirligi mamlakat shimoli, shimoli-sharqi va g‘arbidagi chegara viloyatlarida maxsus bo'linmalar tashkil etilganini ma’lum qildi.
Rasmiy ma'lumotlarda qayd etilishicha, Tojikiston, Xitoy va Pokiston bilan chegaradosh bo‘lgan Badaxshon viloyatidagi bo'linma ochilishida Tolibon armiyasi shtab boshlig‘i Qori Fasihuddin Fitrat ishtirok etgan.
Chegaraga qancha harbiy safarbar etilgani ma’lum emas. Ammo 14-fevral kuni Qori Fitrat o‘z "Tvitter" sahifasida mamlakatning Tojikiston va O‘zbekiston bilan chegara hududiga 10 ming askar yuborildi, deya ma’lum qilgan.
Shu yilning 10-yanvar kuni Tojikiston rahbari Emomali Rahmon Kollektiv xavfsizlik shartnomasi (KXShT) tashkilotining onlayn yig‘ilishida Afg‘oniston atrofida xavfsizlik kamari yaratishga undab, toliblar chegarada maxsus lagerlar ochganini aytgan edi.
“Tojikiston razvedka xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Afg‘onistonning shimoli-sharqiy viloyatlarida, KXShTning janubiy chegaralari bilan chegaradosh mintaqalarda lagerlar va terrorchilar tayyorlash markazlari soni 40 dan oshgan. U yerdagi jangchilar soni esa 6 ming nafardan ortiq”, – degan edi Rahmon.
11-fevral kungi bayonotida Tolibon uning bu gaplarini inkor etgan.
“Biz Tojikiston prezidentining Afg‘onistonning Tojikiston bilan chegaradosh hududlarda buzg‘unchilik faoliyati uchun bir qancha lagerlar tashkil etilgani haqidagi bayonotini qat’iyan rad etamiz. Afg‘oniston Islom Amirligi barcha qo‘shni davlatlarni ishontirib aytadiki, chegaralarimiz xavfsiz va hech bir davlatga, shu jumladan Tojikistonga ham hech narsa tahdid solmaydi”, – deya yozgan edi Tolibon muvaqqat hukumati axborot va madaniyat vazirining ikkinchi o‘rinbosari Bilol Karimiy o‘z "Tvitter" sahifasida.
Ammo oradan bir oy o‘tib, shimoliy chegaralarda lagerlar tashkillashtirlgani e'lon qilindi.
Tolibon Axborot vaziri o‘rinbosari va harakatning bosh matbuot kotibi Zabihulla Mujohidning "Ozodlik" radiosiga bildirishicha:
“Qo‘shimcha harbiy kuchlarning joylashtirish muayyan xavfsizlik ehtiyojlariga javobdir. Bu boshqa hech bir davlat uchun tahdid emas. Aslida bu mintaqadagi xavfsizlik manfaatiga xizmat qiladi. Biz barcha qo‘shnilarimizni Afg‘oniston xavfsizligini qo‘llash o‘z mamlakatlarida ham xavfsizlikni mustahkamlashiga ishontirmoqchimiz. Tolibon hech kimga Afg‘onistondan qo‘shnilarga zarar yetkazish uchun foydalanishiga hech qachon yo‘l qo‘ymaydi”.
Tojikiston rahbariyati hozircha munosabat bildirmagan. "Xovar" milliy axborot agentligida mamlakat qurolli kuchlaridagi ismi ochiqlanmagan manbaga tayanib e’lon qilingan materialda aytilishicha, “Tojikiston Afg‘oniston bilan chegaradagi har qanday vaziyatga tayyor”.
Tojikiston shimoldan Afg‘oniston bilan eng uzun va murakkab chegaraga ega mamlakat. Afg‘onistonning shimoli-sharqidagi Badaxshon, Tahor, Qunduz va Balx viloyatlari bilan oradagi chegaraning umumiy uzunligi 1344,15 kilometr bo‘lib, undan 1135,3 kilometri daryo, 189,85 kilometri quruqlik va 19 kilometri ko‘ldir.
Tojikistonlik ayrim tahlilchilar fikricha, Tolibon, uning tarafdorlari yoki ularga xayrixoh bo‘lganlar tomonidan Tojikiston davlati va aholisiga nisbatan real xavf mavjud.
“Rasmiy Dushanbe toliblarga nisbatan muntazam keskin tanqidiy chiqishlar qilib kelayotgan va shu pozitsiyada turgan kam davlatlardan biri. Bu narsa toliblarga yoqmaydi. Boshqa tarafdan Tojikiston toliblarga qarshi turgan hozirgi paytdagi yagona ichki kuchlar – Ahmad Mas’ud yetakchiligidagi Panjsherda yig‘ilgan milliy qarshilik kuchlarini qo‘llab-quvvatlashi ma’lum. Ana shu ikki omil toliblar va rasmiy Dushanbeni qarama-qarshi qo‘yadi. Bularning hammasi ma’lum darajadagi xavfni keltirib chiqaradi. Ammo Tojikistonni harbiy-texnik jihatdan Kreml qo‘llashi, Rossiyaning o‘z hududidan tashqaridagi eng yirik harbiy bazasi – 201 diviziya aynan Tojikistonda ekanligi yuqoridagi xavfni bartaraf etadi”, – deydi kuzatuvchi Ravshan Soliyev.
Siyosiy sharhlovchi Abdullo Rahnamo:
“Tolibon Amudaryoning bu tarafiga kelmaslikka va’da bergan, deb aldanmaslik kerak. Ha, ular bir guruh bo‘lib kelmasligi mumkin, lekin ular va ularning mafkurasi, ularning ta’siri, ularning tojikcha varianti juda yaqin kelgan va kelishga harakat qiladi. Matbuotda, ijtimoiy fazoda, muhitda buni anglash mumkin".
Rahnamo fikricha, Tolibon va ISHID kabi terroristik va ekstremistik guruhlar ta’siriga tushib qolayotgan fuqarolar davlat va jamiyat uchun katta xavf-xatar tug‘dirishi mumkin. Tahlilchi harbiy qurol-yarog‘ni takomillashtirish bilan birga masalaning bu tarafiga ham e’tibor qaratish kerakligiga ishora qiladi.
Hozirda asosan ijtimoiy tarmoqlarda o'tirgan tarafdorlar bir kun kelib ko'chaga chiqadi, faollashadi, deya ogohlantiradi sharhlovchi.
"O‘sha payt universitetlarga, fanga, g‘oyalarga, ziyolilarga va milliy qadriyatlarga va demokratik erkinliklarga joy bo‘lmaydi. Aynan shu loqaydlik, beparvolik, e’tiborsizlik davlat va millatga eng katta xiyonat bo‘lib chiqishi mumkin”.
Facebook Forum