Breaking News

Bayden Afg’onistonning muzlatilgan mablag’larini taqsimlashni buyurdi


Prezident Jo Bayden Afg’onistonning 7 milliard dollarga teng muzlatilgan mablag’larini gumanitar loyihalar uchun hamda 2001-yil 11-sentabr terror xurujlaridan jabr ko’rgan oilalarga taqsimlash to'g'risida farmon chiqardi.

Ushbu pullar o’tgan yili Tolibon hokimiyatni qo’lga olganidan keyin AQSh banklarida muzlatilgan edi.

Farmonga ko’ra, 3,5 milliard dollar ocharchilik bilan yuzlashayotgan afg’on xalqiga ko’mak ko’rsatish uchun sarflanadi. Yana 3,5 milliard dollar esa AQShda 20 yil oldingi terror xurujlaridan ziyon ko’rganlarga kompensatsiya berishga yo’naltiriladi.

11-sentabr teraktlarida halok bo’lganlarning oilalari Tolibondan moliyaviy kompensatsiya olish uchun AQSh sudlariga yillardan buyon murojaat qiladi. Afg’oniston markaziy banki aktivlari muzlatilgandan keyin bu harakatlar yanada kuchaygan.

Tolibon mablag’ni Afg’onistonga qaytarishni talab qilib kelmoqda. Kongress a’zolari ham Oq uyni mablag’ni BMT agentliklari orqali Afg’onistonga uzatib, iqtisodiy krizisning oldini olishga undan kelayotgan edi.

BMTga ko’ra, mamlakatda 23 million odam ocharchilik bilan yashamoqda. Avvalgi hukumat byudjetining qariyb 80 foizi xalqaro donorlar hisobidan moliyalanar edi. Hozirda ko'mak to'xtab qolgan. Hech bir davlat Tolibonni tan olgani yo'q.

Yanvar oyida AQSh Afg’onistonga 308 million dollarlik ko’mak va koronavairusga qarshi qo’shimcha vaksinalar jo’natgan. 2021-yilning oktabridan buyon AQSh jami 782 million dollar yordam bergan.

Tolibon mablag’ning bir qismini AQSh ushlab qolishi haqidagi qarorni qoralamoqda. Toliblarning Doxadagi idorasi matbuot kotibi Muhammad Naimning “Twitter” sahifasida yozishicha:

“AQSh muzlatib qo’ygan afg’on xalqi pullarining o’g’irlanishi ham ma’naviy, insoniy tubanlikning eng quyi nuqtasidir. Mag’lubiyat va g’alaba insoniyat tarixining bir qismi, ammo mamlakat va uning xalqi uchun eng katta mag’lubiyat bu uning ham harbiy, ham ma’naviy jihatdan yutqazishidir”.

Afg’onistonning muzlatilgan mablag’alari 9 milliard dollardan oshiq. Shuning 7 milliard dollari AQShda, qolgani esa Germaniya, Birlashgan Arab Amirliklari, Shveysariya va Qatar banklarida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG