AQSh qo'shinlari Afg'onistonni butunlay tark etganidan olti oy o'tib, Kongress a'zolari bu mamlakatga insonparvarlik yordamini muhokama qilar ekan, qarshilik kuchli. Bir guruh qonunchilar Afg'oniston iqtisodiyoti qulagani xalqni ezmoqda, unga madad zarur, deydi. Ikkinchi guruh esa Afg'onistonga ko'maklashish Tolibonni quvvatlashdir, deya hatto insonpavarlik yordamini uzatmaslikka undamoqda.
Amerika u yerda bo'lgan davrda, qariyb 20 yil mobaynida, Afg'oniston iqtisodiyotining yarmidan ko'pi donor davlatlardan kelgan mablag'ga tayanar edi.
2021-yilning avgustida Tolibon hokimiyatni egallagach, Vashington bu davlatga atalgan 9,4 milliard dollarni muzlatib qo'ydi.
"Biz hozir qay vijdon bilan milliardlab dollarni Afg'onistonga uzatamiz?" - deya so'raydi demokrat senator Kris Merfi.
"Pulni Tolibonni chetlab o'tadigan tarzda berdik ham deylik, lekin undan baribir toliblar ham foyda ko'radi. Bu esa bizga umuman ma'qul emas", - deydi Merfi Kongressda kechgan muhokamada.
BMT esa Afg'onistonda odamlar ochlikdan nobud bo'lmasligining oldini olish uchun kamida 4,4 milliard dollar zarur, deya xalqaro hamjamiyatni insonparvar bo'lishga chaqirmoqda.
BMT Oziq-ovqat dasturiga ko'ra, afg'onlarning 2 foizigina bu qish yetarlicha yegulikka ega.
"Olti oy oldin ham Afg'oniston juda qashshoq mamlakat edi", - deydi Deyvid Miliband, Xalqaro ko'mak qo'mitasi rahbari.
"Bugun Afg'oniston ocharchilik domida. Va buning asosiy sababi, afsuski, bu davlatga nisbatan olib borilayotgan xalqaro iqtisodiy siyosat. Afg'onistonga moliya oqimi to'xtatilishi davlat sektorini ham, xususiy sektorni ham ishdan chiqargan".
Miliband deydiki, afg'onlar oilasini boqish uchun o'z organlarini sotmoqda. Afg'on puli misli ko'rilmagan darajada qadrsizlanib, tirikchilik yanada og'irlashgan.
Amerikaning yetakchi senatorlari afg'on xalqi aziyat chekayotganini va buning ortidagi omillardan biri G'arb qo'l uzatmayotgani ekanini tan oladi.
Biroq ular nazarida Tolibon hamon o'ta repressiv kuch va bu kabi harakat boshqaruvda ekan, Afg'onistonda gumanitar ko'mak yuborish befoyda.
"Tolibon bu yordamni o'z manfaatlari uchun qo'llashi mumkin", -deydi respublikachi senator Todd Yang. "Eng yomoni bu gumanitar madad aholiga bormay, Tolibon va uning terrorchi hamkorlariga ketishi bo'ladi".
Xalqaro tashkilotlar toliblar bilan kelishish qiyin ekanini e'tirof etadi. Biroq, ularga ko'ra, Vashington ko'makning muayyan yo'nalishlarga sarflanmasligini ta'minlashi mumkin. Masalan, chetdan kelgan mablag' harbiy sohaga aslo sarflanmasligi shart.
Xalqaro bo'hronlarni o'rganadigan guruh, Belgiyada asoslangan tashkilot , Afg'onistonga ko'maklashish uchun dunyo ahli toliblar bilan muloqot qilishga majburligini eslatadi.
Amerika istayotgan inklyuziv hukumat Afg'onistonda yaqin orada yuzaga kelmaydi, deydi ekspertlar, ammo aholi hozir madadga muhtoj.
Mutaxassislar Amerika hukumatiga Jahon banki va boshqa moliyaviy institutlar orqali Afg'oniston xususiy sektorini quvvatlab, afg'onlarning maoshini bevosita to'laydigan sistema yaratishni tavsiya qilmoqda. Hukumatga mablag' berilmasin, ammo aholining hayotini sal bo'lsa-da yengillashtiradigan yo'llar bor, deydi insonparvarlik tashkilotlari vakillari.
Demokrat senator Jin Shahin deydiki, Amerika afg'onlarning achchiq taqdiriga ko'z yuma olmaydi.
"Odamlar ocharchilikdan nobud bo'lishiga yo'l qo'ymasligimiz kerak", - deydi Shahin.
Bayden ma'muriyati o'tgan oy Afg'onistonga 308 million dollarlik gumanitar yordam berishini ma'lum qilgan.
Facebook Forum