AQSh demokrat senatori Jin Shahin Prezident Jo Baydenga murojaat qilib, Afg'oniston xalqi chekayotgan azob-uqubatlarga ko'z yummaslikka, zudlik bilan yordam berish uchun chora ko'rishga undagan. Uning taklifiga ko'ra, bu masala bilan shug'ullanish uchun mas'ullar tayinlangan va ularning birlamchi maqsadi xotin-qizlarga madad ko'rsatish bo'ladi.
Ayollar afg'on jamiyatining yarmi, biroq bugungi boshqaruvda ularni ko'rmaysiz. Tolibon olti oy oldin hokimiyatga kelganidan beri xotin-qizlar uchun sharoit bag'oyat cheklanib, ularning bilim olishi, ishlashi, sayohat qilishi, faollik ko'rsata olishi yo'lida keskin to'siqlar qo'yilgan.
"Mamlakat bu insonlarsiz qanday rivojlanadi? Ayollar ishlamasa, tirikchilik va iqtisodga ulkan zarar yetadi. Amerika 20 yil davomida afg'on ayollarini quvvatladi, ularga imkoniyatlar tomon yo'l ochishda yordamlashdi. Har bir jabhada xotin-qizlar roli sezilishi lozim", - deydi senator Shahin, "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.
"Ayollarning hissasini pisand qilmay, ularni jamoatchilikdan uzoqlashtirish kaltabinlikdir".
Shahin deydiki, oldingi prezident Donald Tramp paytida Tolibon bilan muzokaralarda xotin-qizlar manfaatlari yetarlicha himoya qilinmagan, bu borada keskin shartlar qo'yilmagan.
"Natijada mana Tolibon bugun nima xohlasa, shuni qilmoqda, ayollarni ezmoqda", - deydi senator.
Biroq vaziyatni yaxshilash uchun Amerika nima qila oladi? Hukumatlar bevosita aloqada emas. Vashington Kobuldagi rahbarlarga g'anim sifatida qaraydi. Tolibon ham AQSh tavsiyalariga quloq solmayapti.
"Biz yo'llarini qidirayapmiz. Oq uyni dadilroq harakat qilishga undayapmiz. Afg'on ayollarining dardini eshitayapmiz. Afg'on faollarining ovozi balandroq va kengroq yangrashiga yordamlashayapmiz", - deydi senator.
Demokratga ko'ra, Kongress Afg'onistonga insonparvarlik ko'magi yetkazish borasida yakdil.
"Ocharchilikka qarshi kurashish lozim, biz qarab turmaymiz", - deydi Shahin.
Biroq demokratlar va respublikachilar orasida Afg'onistonda har qanday yordam Tolibonga kuch beradi, degan xavotir ham hukmron.
Afg'onistonning muzlatilgan mablag'ining bir qismi 2001-yilning 11-sentabrida jabr ko'rganlar uchun sarflanayotgani keskin qarshilikka sabab bo'lmoqda.
Senator Shahin Vashington har qanday ko'mak va mablag' Tolibon foydasiga ketmasligini ta'minlash kerak deb hisoblaydi.
"Madad xalqqa bo'ladi, Tolibonga emas".
Buning uchun esa, deydi u, Amerika insonparvarlik tashkilotlari va faol afg'onlar bilan yaqindan ishlashi lozim. Senator muallimlar, tibbiy xodimlar va favqulodda ishlarni qiladigan odamlarning maoshlarini to'lashda ko'maklashish tarafdori.
Lekin Tolibon qizlarni o'qitmasa, ayollarni ishdan olsa, AQSh bu sohaga moliya ajratishi uning manfaatlari uchun xizmat qilmaydi, deydi Shahin.
Vashington shunday yo'nalishlarda Tolibonga konkret shartlar qo'yishi kutilmoqda.
Shahin nazarida qo'shni Pokiston terroristlarni quvvatlashda davom etmoqda, uning hududida ekstremist guruhlar hamon faol. Ularning Afg'onistonga ta'siri katta, deydi senator, shu bois Bayden ma'muriyati ularga nisbatan chora ko'rishi kerak.
Islomobod Amerika va boshqa davlatlarni Tolibonni Afg'onistonning yangi hukumati sifatida tan oling, deya undamoqda.
"AQSh va xalqaro hamjamiyat Tolibonni tan olmasligi kerak", - deydi senator Shahin.
"Tolibon huquqbuzar kuch bo'lib qolar ekan, xotin-qizlarni jamiyat faoliyatidan uzoqlashtirib, ularning erkinligini cheklar ekan, ozchilikdagi elatlar va diniy guruhlarning haq-huquqlarini poymol etar ekan, korrupsiya va repressiya avjida ekan, bu boshqaruvni aslo tan olmaslik lozim".
Facebook Forum