Breaking News

Tolibonning keskin talablari ostida media qashshoqlashgan


Afg'oniston telekanallari o'tgan 20 yilda ancha ildamlagan edi, biroq so'nggi olti oy media uchun juda og'ir davr bo'ldi
Afg'oniston telekanallari o'tgan 20 yilda ancha ildamlagan edi, biroq so'nggi olti oy media uchun juda og'ir davr bo'ldi

Amerika himoyasi ostida barq urgan afg'on matbuoti bugun bag'oyat zaiflashgan, tele va radio efir ozaygan. 2021-yilning avgust oyidan beri mamlakatni boshqarayotgan Tolibon ommaviy axborot vositalari va jurnalistlarga keskin shartlar qo'ygan.

20 yil mobaynida Afg'onistonda milliy media bozor shakllanib, kanallar rang-baranglashgan edi. Tolibon kelishi bilan ular to'xtadi.

"Islomiy amirlik kanalimizdan seriallarni chiqarib tashladi", - deydi "1Tv" prodyuseri Hadi Sagar.

Hozir faqat Erondan maxsus tanlangan seriallar beriladi.

“Bu seriallar islomiy. Ayollar o'ralgan. Tolibonga ko'ra, odamlar shunday narsalarni ko'rishi kerak", - deydi Hadi.

Tolo TV, Kobul, Afg'oniston, 11-sentabr, 2018
Tolo TV, Kobul, Afg'oniston, 11-sentabr, 2018

Endi biror kanalda musiqiy dasturlarni ham ko'rmaysiz. Ko'ngilochar programmalar qattiq tekshiruvdan o'tadi. Ular hozir deyarli yaratilmayapti.

"1TV" kanalida oldin studiyalar va montajxonalar ko'p edi. Hozirgi shart shuki, ular islomiy mavzulardagi programmalar ishlashi kerak. Boshqa biror yo'nalishga ruxsat yo'q. Aholiga faqat diniy kontent berish lozim.

Yangiliklarni yoritishga kelganda, hukumat nimani ber desa, shu taqdim etiladi. Jurnalistlar mustaqil faoliyat yurita olmaydi. Oldinlari hukumat bemalol tanqid qilinar, savolga tutilar edi. Hozir esa muxbirlar va muharrirlar har bir so'zini qo'rqib gapiradi.

Ayol jurnalist bo'lsangiz, undan ham qiyin.

"Oldin joylarga borib, axborot yig'ar edik, lavhalar berar edik. Hozir esa hatto davlat idoralariga kira olmaymiz, ayollar uchun ular yopiq", - deydi radio muxbir Faxriya Radfar.

Ayollar efirda ko'rinmasin, deydi Tolibon. Minglab xotin-qizlar ishsiz, imkoniyatsiz.
Ayollar efirda ko'rinmasin, deydi Tolibon. Minglab xotin-qizlar ishsiz, imkoniyatsiz.

Tolibon hukmronligi ostida ayollar ekranda deyarli ko'rinmaydi.

"Sochimiz ko'rinmasligi shart. Oldin boshimizni yopar edik, keskin shartlar yo'q edi. Hozir esa ko'rinishimiz butkul o'zgargan. Telekanallarda xotin-qizlar tamoman yopinib chiqishga majbur", - deydi diktor Sana Apollo.

Ayrim radiolar va telekanallar hamon musiqa bera oladi, ammo aksariyatida cheklangan.

Chet el dasturlarini toliblar nazorat qila olmaydi, shu bois u yerda ro'molsiz ayollarnni ko'rish mumkin. Lekin ular ham yaqinda afg'on efiridan olinishi kutilmoqda.

Eng katta fojia, deydi jurnalistlar, minglab iste'dodlar vatanni tark etdi. Mahoratli va tajribali muxbirlar, prodyuserlar va muharrirlar toliblar tahdididan qochdi. Mediaga xorijdan yordam to'xtagan.

Telekanallarda mablag' yo'q, buning ustiga esa tinimsiz cheklovlar. O'tgan yarim yilda 300 dan oshiq media tashkilot yopilgan. Axborot vositalarida mehnat qilgan minglab afg'onlar hozir ishsiz, aksariyati xotin-qizlar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG