Tolibon Afg’onistonda hokimiyatni qo'lga olganiga yarim yil bo'ldi. Bu vaqt yuzasidan xulosa qilayotgan mahalliy o’zbeklar xalqaro jamoatchilikni, xususan O’zbekiston hukumatini toliblarga umid bog'lamaslikka chaqirmoqda.
“Amerika Ovozi” bilan suhbatda bu o'zbek faollar deydiki, Toshkent muvaqqat hukumat deb ataydigan Tolibon inklyuziv hukumat tuzmaydi. Bu harakat Afg'onistondagi barcha elatlar va siyosiy kuchlar bilan hisoblashish niyatida emas, deydi ular.
Ashraf G’ani hukumatida ishlagan, ayni paytda xavfsizlik sabab o’z ismini sir saqlashni lozim topayotgan o'zbek suhbatdoshga ko’ra, toliblarning hokimiyatni egallashishi afg’on xalqi uchun fojia va o’tgan oylar buni yanada oydinlashtirgan.
“Tolibon qudratga kelganidan keyingi olti oy Afg’onistonni mutlaqo o’zgartirdi. Bu nafaqat siyosatda, balki iqtisodda, ijtimoiy hayotda, har bir jabhada keskin, afsuski hammasi salbiy, orqaga qaytish. Ayniqsa, so’ngi 20 yil ichida mamlakat bu sohalarda ancha rivojlana boshlaganini nazarda tutsak. Ya’ni bu rivojlanish nafaqat siyosiy maydonda, tuzumda, balki iqtisodda, moliyada, xavfsizlik, so’z erkinligi, inson haqlari, xususan ayollar haqlari bilan bog’liq vaziyatda ham ko’zga tashlanayotgan edi. Baxtga qarshi, toliblar qudratga qaytdi, bu yutuqlar shiddatli tarzda yo’q qilindi. Ayni paytda siyosiy maydonda Tolibondan boshqa biror kuch yo’q, faoliyat qilishi ham imkonsiz. Fuqarolik, xususan ayollar haqlari bilan bog’liq harakatlar to’silgan, qizlarning o’qishiga taqiq qo’yildi. Iqtisod mutlaqo izdan chiqdi. Aholi mamlakatdan qochish harakatida. Bular Tolibon boshqaruvi ostidagi hayot, kelajak o’ta mavhum”, - deydi sobiq mulozim.
Tolibon hukumati hozirgacha biror davlat tomonidan tan olinmagan. Xalqaro hamjamiyat, jumladan Afg’onistonga qo’shi bo’lgan Markaziy Osiyo davlatlari ham toliblarni mamlakatdagi barcha qatlamlar, etnik, siyosiy guruhlar, ayollar ham jalb qilingan inklyuziv hukumat shakllantirishga undab keladi.
Ammo toliblar tan olinish uchun qo'yilgan bu shartni chetga surib, mamlakatda islomiy amirlik tartibi va shariat qoidalari etish bilan band, deydi o'zbeklar, e’tiroz bildirganlar keskin jazolanmoqda.
“Biz ko’rayotganimiz Toliblar qudratni hech bilan bo’lishmoqchi emas, aksincha o’zlari bilan bir qatorda turgan, janglarda qatnashgan safdoshlarini to’plashyapti. Shariat millat ajratmaydi deyishadi, lekin iqtidorda turganlarning deyarli hammasi pushtunlar. Umuman, Tolibon dunyo jamoatchiligi istayotgan hukumat shakllantirishiga menda ishonch yo’q. Ular mamlakatda o’zlari ma’qul topgan keskin tartiblarni o’rnatishmoqda. Bunday sharoitda mamlakatdagi boshqa etnik guruhlar, jumladan mamlakatdagi millionlab o’zbeklar manfaatini hisobga oluvchi ittifoq shakllanishi haqida o’ylash ham o’rinsiz”, - deydi sobiq mulozim.
Uning ta’kidlashicha, Tolibon nazorati ostidagi Afg’onistonda vaziyatning qanday rivojlanishi, xususan pushtunlardan boshqa etnik guruhlarning mamlakat boshqaruvida ishtirok etish-etmasligi ham qo’shni davlatlar, jumladan O’zbekiston siyosatiga bog'liq.
“Ammo biz O’zbekiston hukumati Tolibonga nisbatan biror talab surayotganiga guvoh emasmiz, albatta inklyuziv hukumat lozimligi haqidagi umumiy gaplardan tashqari. Haqiqatda esa O’zbekiston shimoldagi millionlab o’zbek aholisi taqdiri, madaniyati, tili yuzasidan biror jiddiy qiziqish bildirmadi, hatto vazirlari Afg’onistonga kelib, toliblar bilan bir nechta uchrashuvlar o’tkazib ketishganda ham”.
Mirziyoyev ma'muriyati Tolibon bilan hamkorlik qilar ekan, Afg'onistondagi o'zbek aholi manfaatlariga befarq emasligini qayd etib keladi. Toshkent toliblar ularning haq-huquqlarini poymol etmaslik haqida bergan so'zlariga ishonadi.
Lekin "Amerika Ovozi" bilan gaplashgan o'zbek faollar nazarida real vaziyat diplomatik uchrashuvlar va bayonotlar mazmunidan yiroq. Qo'shni davlatlar, xususan O'zbekiston, jamoatchilik dardiga ham quloq tutishi zarur.
Facebook Forum