Breaking News

Tolibon: Hukumatimizda butun jamiyat o'z ifodasini topgan


Tolibon askari, Kobul, Afg'oniston, 2022-yil, 20-fevral
Tolibon askari, Kobul, Afg'oniston, 2022-yil, 20-fevral

Afg‘onistonning Tolibon hukumati Kobulda faqat erkaklardan iborat “bir etnik elat hukmronlik qiladi” degan AQShning yangi tanqidiga nisbatan o’z e’tirozini bildirdi.

Tolibon so‘zlovchisi Zabihulloh Mujohid “Amerika Ovozi” bilan suhbatda AQShning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Tom Uestning tanqidiy so‘zlariga munosabat bildirib, “Bu noto‘g‘ri va biz buni rad etamiz”, dedi.

“Hukumatimizda jamiyatimiz va qadriyatlarimiz doirasidagi barcha talablar inobatga olingan”, - dedi Mujohid.

Uest shanba kuni Germaniyada boʻlib oʻtgan xalqaro xavfsizlik konferensiyasida nutq soʻzlaganida, Tolibon yetakchilari bilan ayollarning taʼlim olish va ishlash huquqlarini hurmat qilish boʻyicha uchrashuvlari samarali boʻlganini, ammo barcha guruhlarni o’zida namoyon etuvchi hukumat tuzish masalasida siljish yo’q ekanini aytgan edi.

"Ushbu hukumatda birorta ham ayol rahbarlik lavozimida ishlamaydi. Unda asosan bir millat hukmronlik qiladi. Menimcha, bu hukumatning yuqori bo'g'inlarida o'ta bilimli mutaxassislar yetishmaydi", - dedi Uest.

Tolibon Afg'onistondagi ko'pchilikni tashkil etuvchi pushtun millatiga mansub bo'lib, ularning muvaqqat Vazirlar Mahkamasi asosan guruhning yuqori martabali rahbarlaridan, jumladan, uzoq vaqt AQSh va Birlashgan Millatlar Tashkilotining terrorizm bilan bog'liq sanksiyalari ostida bo’lgan shaxslardan iborat.

Islomiy guruh avgust oyida hokimiyatni G‘arb tomonidan qo‘llab-quvvatlangan hukumatdan qaytarib oldi hamda AQSh NATO bo‘yicha ittifoqchilari bilan birgalikda 20 yillik urush ortidan barcha qo‘shinlarini olib chiqib ketdi.

Tolibon tezda Afg'oniston Islom Amirligi deb nomlanuvchi muvaqqat hukumatni o'rnatdi, biroq xalqaro hamjamiyat ularni mamlakatning qonuniy hukmdorlari sifatida hali tan olgani yo'q.

Qonuniylik masalasini ko'rib chiqishdan oldin, xorijiy hukumatlar mamlakatda barcha afg'on etnik guruhlarini ifodalovchi, inson huquqlari, jumladan, ayollarning ta'lim va mehnat huquqlarini hurmat qiladigan va terrorchilarning mamlakatdan boshpana sifatida foydalanishiga yo'l qo'ymaydigan inklyuziv hukumat bo’lishini istamoqda.

Ayollar uchun cheklovlar

Tolibon 1996-yildan 2001-yilgacha hukumatni boshqarganida ayollarning ta'lim olishi va ishlashini taqiqlagan edi. Olti oy oldin hokimiyatga qaytganidan beri qattiqqo'l guruh ayollarga doim hijobda yurish va uzoq safarlarga mahram erkak qarindoshisiz chiqmaslik kabi talablarni qo’ydi.

Sog'liqni saqlash va ta'lim bo'limlari xodimlaridan tashqari, aksariyat davlat sektorida ishlaydigan ayollarga o'z vazifalarini tiklashga ruxsat berilmagan.

Dushanba kuni Tolibonning Ezgulikni targ'ib qilish va yomonlikning oldini olish vazirligi ayol davlat xizmatchilari ish vaqtida to'liq yopiladigan hijob yoki ro'mol kiymasa, ishdan bo'shatilishini e'lon qildi.

Tolibon ayol-qiz talabalar uchun xususiy va davlat universitetlarini ochgan hamda mart oyi oxirida barcha maktab yoshidagi qizlarni maktabga qaytarishga va'da bergan. Ular bu kechikishni moliyaviy cheklovlar va talaba qizlarning islom shariatiga muvofiq darslarni qayta boshlashini ta'minlash uchun zarur bo'lgan tayyorgarlik bilan izohladi.

Tolibon yetakchilari o‘tgan hafta Qatarga tashrif buyruib, xorijiy hukumat vakillari, jumladan, Fors ko‘rfazi hamkorlik kengashining olti davlati diplomatlari bilan bir qator masalalar, jumladan, ularning hukumatini diplomatik tan olish, iqtisodiy hamda gumanitar yordam yuzasidan navbatdagi uchrashuvlarni o’tkazdi.

Uchrashuvlardan keyin Fors ko‘rfazi hamkorlik kengashi e’lon qilgan bayonotda Tolibon "asosiy erkinliklar va huquqlarni, jumladan, ayollarning mehnat va ta'lim olish huquqini hurmat qiladigan" milliy yarashuv rejasini ishlab chiqishi zarurligi ta’kidlanadi.

Afg'oniston bilan uzun chegaraga ega va Tolibon bilan an'anaviy yaqin aloqalarni saqlab saqlab kelgan Pokiston ham, agar xalqaro hamjamiyatda o’z o’rnini topishni istasa, Tolibon siyosiy inklyuzivlikni ta'minlashi va inson huquqlarini hurmat qilishi kerak, deya bayonot berdi.

Biroq Pokistonning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Moid Yusuf Germaniyadagi konferensiyada G‘arb bilan bir qatorda nutq so‘zlar ekan, Afg‘onistondan yuz o’girish ko‘p yillik urushlar va tabiiy ofatlardan vayron bo‘lgan mamlakatda insonparvarlik holatini yanada yomonlashtirishini qayd etdi.

"Biz 35 million afg'onni ba’zilarga yoqmaydigan 30 ta tolibni deb jazolay olmaymiz. Shu bilan birga, Pokiston inklyuzivlik, inson huquqlari ta’minlanishi va Afg'oniston zaminidan terrorizm yo'q bo’lishi tarafdori", - dedi Yusuf.

Yusuf Tolibon hokimiyatga qaytganidan beri Islomobodning Kobul bilan aloqalarini himoya qilib, Afg‘onistonda o‘nlab yillar davom etgan mojarolar Pokistonning milliy xavfsizligi va iqtisodiy manfaatlariga putur yetkazganini, jumladan, millionlab qochoq afg’onlarni Pokiston joy berganini qayd etadi.

"Boshqalar Tolibon bilan qachon va qanday muosabat boshlashni kutish imkoniyatiga egadir. Lekin Pokiston Afg'onistondagi beqarorlikka dosh bera olmaydi. Bizda ular bilan aloqa o’rnatishdan boshqa ilojimiz yo'q va biz dunyoga ham pragmatik bo'lishni maslahat beramiz. Keling, oldinga siljish, Tolibonni rag'batlantirish va barchamiz xohlagan natijalarga erishish yo'lini topaylik", - dedi Yusuf.

O’qish va ishdan ayrilgan afg’on ayollari umidni boy bermagan
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:07 0:00

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG