Saudiya Arabistoni o'zining qattiqqo'l adliya tizimini isloh qilishga intilmoqda, ammo qatl hukmi va dissidentlarga nisbatan keskin munosabat davom etayotgan bir paytda islohotlar qanday amalga oshishi savol ostida.
Qirollikda sud tizimining asosini shariat qonunlari tashkil etadi.
So'nggi oylarda bu tizimni yumshatish va uni boshqa Yaqin Sharqdagi mamlakatlar tizimlariga yaqinlashtirish harakati boshlangan.
Bu sa'y-harakatlar ayollarning ajralish huquqlari va sudyalarning jinoiy jazolarni belgilash vakolatlari kabi nozik masalalarni o’z ichiga oladi.
O'tgan yili valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon tomonidan e'lon qilingan chora-tadbirlar, jumladan, birinchi yozma jinoyat kodeksi Saudiya Arabistonining dunyoga ochilish va ekstremistik imijini yumshatish yo’lidagi qadamlari ekani aytilmoqda.
Hatto tanqidchilar ham o'zgarishlarni olqishlamoqda. Ularga ko’ra, Saudiya sudlarining qanday qaror chiqarishini nihoyat ba’zi hollarda oldindan taxmin qilish mumkin bo’ladi.
Ammo so'z erkinligiga qo’yilgan cheklovlar yengillashishi yoki huquq-tartibot tizimining hukumat muxoliflariga nisbatan munosabatini o’zgartirishi bo’yicha umidlar yo'q.
Islohotlar davom etayotganiga qaramay, mart oyida "terrorizm" bilan bog'liq jinoyatlar uchun bir kunda 81 kishi ommaviy qatl etilgan.
"Mashhur" tizim
Saudiya Arabistoni Vazirlar Mahkamasi yaqinda ikkita yangi qonunni tasdiqladi. Ulardan biri dalillarning qabul qilinishiga oid; bu masalani qanday hal qilish avval sudyalar ixtiyorida edi.
Ikkinchisi - oila qonuni iyun oyida kuchga kiradi. Shu paytgacha erkaklar hukmronligi an’ana bo’lgan tizimda endi ajrashgan ayollarning aliment undirish va farzandlarini vasiylik ostiga olish huquqlari kengaytirilmoqda.
Mart oyida yangi qonunni e'lon qilar ekan, shahzoda Muhammad bu qonun ayollar huquqlari va "oila barqarorligi" uchun "katta sifatli sakrash" bo’lishini aytdi.
“Islohotlar qisman qirollikka sarmoya kiritmoqchi boʻlgan xorijiy firmalarga qaratilganga oʻxshaydi”, - deydi Saudiyaning Inson huquqlari boʻyicha Yevropa tashkiloti vitse-prezidenti Adil al-Said.
“Kapital egalari huquqiy jihati bilan mashhur boʻlgan bu mamlakatga sarmoya kiritishdan qoʻrqadi; shu bois bu qonunlar imijni oʻzgartirishga qaratilgan”, - deydi u.
Yangi, hali e'lon qilinmagan jinoyat kodeksi keskin o'zgarishlarni va’da qilmoqda.
Shariat bo'yicha faqat dindan qaytish, o'g'irlik, qo'zg'olon, qurolli talonchilik, zino, spirtli ichimliklar ichish va tuhmat kabi jinoyatlarga aniq jazolar belgilangan. Boshqa ishlarda qanday jazo tayinlash sudyalar ixtiyoriga havola qilingan.
Jorj Vashington universiteti tadqiqotchisi Neytan Braunning aytishicha, jinoiy kodeks joriy qilinsa, “davlat sudyalardan o‘zlarining shariat bo‘yicha tayyorgarligiga emas, balki davlat tomonidan tasdiqlangan huquqiy qoidalarga tayanishlarini kutadi”.
“Natijada Saudiya Arabistoni ham mintaqadagi aksariyat davlatlar kabi fuqarolik huquqi tizimiga o’tadi”, - deydi Saudiya Arabistonidagi islohotlarni oʻrgangan Braun.
AQShda yashovchi huquqshunos va hukumat tanqidchisi Abdulla Alaudning aytishicha, natija ijobiy bo'lishi kerak, chunki yangi qoidalar "sudyalarni avvalgi erkinlikdan mahrum qiladi”.
Ammo sud tizimining monarxiya tomonidan qattiqroq tartibga solinishi boshqa "kattaroq muammoni tug'diradi: sud mustaqilligining yo'qolishi", deya qo'shimcha qiladi u.
Qirol Saudiya Arabistoni sud tizimining rahbari bo'lib, yakuniy apellyatsiya sudi vazifasini bajaradi.
Alaudning otasi, taniqli ulamo Salmon al-Avda 2017-yildan beri qamoqda. Qatar izolyatsiya ostiga olingan paytda “Twitter”da Saudiya Arabistoni siyosatiga zid post yozgani uchun undan shunday qasos olingani aytiladi.
Sobiq valiahd shahzoda, zo'ravon ekstremizmga qarshi kurashdagi sa'y-harakatlari uchun G'arbda hurmatga sazovor bo'lgan Muhammad bin Nayif ham vorislik maqomidan chetlatgan.
Shahzoda Nayif 2020-yil mart oyida hibsga olingani haqidagi xabarlardan beri omma oldida ko‘rinish bermagan. Uning hibsga olingani hech qachon rasman tasdiqlanmagan.
Qoshiqchidan qolgan tamg’a
Amalga oshirilayotgan adliya islohotlari hukumat muxoliflari uchun biror o’zgarish yasaydimi?
"Mening fikrimcha, bularning barchasi derazalarni bezashdan boshqa narsa emas", - deydi Britaniyada istiqomat qiluvchi va surgunlar tomonidan asos solingan muxolifatdagi Milliy Assambleya partiyasi matbuot kotibi Madavi al-Rashid.
"Bu islohotlar (shahzoda Muhammadni) islohotchi sifatida ko'rsatishdan tashqari, yana nimani anglatishini tushunish juda qiyin", - deya qo’shimcha qiladi u.
Saudiya Arabistonida adolat va huquqiy islohotlarga oid har qanday bayonotlarga 2018-yilda qirollikning Istanbul konsulligida tanqidchi va sharhlovchi Jamol Qoshiqchining o‘ldirilgani voqeasi soya soladi.
AQSh razvedka xizmati xulosasiga ko’ra, shahzoda Muhammadning o'zi Qoshiqchini qo'lga olish yoki o'ldirish bo'yicha operatsiya o’tkazishni "ma'qullagan", ammo Saudiya rasmiylari buni inkor etadi.
O’tgan hafta Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an Ar-Riyodga tashrif buyurib, shahzoda Muhammad bilan ko’rishdi. Bundan oldin Turkiya hukumati o’zaro aloqalarni qayta tiklash uchun Qoshiqchi ishi bo‘yicha 26 gumonlanuvchi ustidan sirtdan boshlangan sud jarayonini Saudiya Arabistoniga o‘tkazdi.
Turkiyaning qarori faollar va Qoshiqchi qallig’ining noroziligiga sabab bo'ldi. Ularga ko’ra, Saudiya sudlari adolatli sud jarayonini o'tkaza olmaydi.
Facebook Forum