Bundan 20 yil oldin Checheniston poytaxti Grozniyda ro’y bergan voqealar bugun Ukrainaning Mariupol shahrida ham takrorlanmoqda. Har ikki joy yer bilan yakson qilingan. Yevropadagi chechen qochqinlar haligacha Rossiyaning “uzun qo’llaridan” qo’rqib yashaydi. Ikki qonli urushdan so’ng Shimoliy Kavkazdagi respublikani o’n minglab odam tark etgan edi.
Chechenlarning yirik jamoasi Avstriyada, xususan Vena shimoli-sharqida yashaydi. Erkaklari asosan soqchi va qo’riqchi, ayollari esa uyda bola tarbiyasi bilan band. “AFP” axborot agentligi bilan gaplashgan o’nlab chechenlar Ramzan Qodirovning nishoniga aylanishi xavfi doim mavjud, deya qo’rquv bilan gapiradi.
Checheniston rahbariga sodiq shaxslar, "qodirovchilar" uning xorijdagi dushmanlarini “ovlashda” ayblanadi. Ba’zilar vataniga jo’natilishidan, u yerda qiynoqqa solinishi va o’ldirilishidan qo’rqadi. Bu xavotirlar asossiz emas, deydi huquq faollari.
Ukrainadagi urushdan oldin, Boston marafonida sodir etilgan terakt va Fransiyada o’qituvchining dahshatli ravishda o’ldirilishi ketidan Yevropadan Rossiyaga chechenlarni ekstraditsiya qilish tezlashgan edi. Deportatsiyalar haligacha to’xtagani yo’q.
“Tarixni qayta yozishmoqda”
Zorbek Nazuyev 18 yildan buyon Avstriyada yashaydi. U Checheniston qisqa muddat mustaqillikka erishgan 1994-1996 yillarda isyonchilar safida ruslarga qarshi jang qilgan. So’ng farzandlari bilan Yevropaga qochgan.
Yaqinda Avstriya prokuraturasidan kelgan xatda Nazuyev terrorizm va qotillikda ayblanadi. Hujjatga ko’ra, prokuratura uning 1995-yilda tinch aholini qirg’in qilishda ishtirok etgani haqida razvedka ma’lumotlariga ega.
Nazuyev “begunoh insonlarni o’ldirganini” inkor etib, u va boshqa chechen jangchilari “o’zimizni rus bosqinchilaridan himoya qilganmiz xolos”, deydi.
“Ular tarixni qayta yozishmoqda”, - deydi “AFP” bilan gaplashgan chechenlardan biri.
Nazuyev taxminicha, unga qo’yilgan ayblovlar va ehtimoliy ekstraditsiya uning qarindoshlaridan biri Suriyada “Islomiy davlat” safida jang qilgani bilan bog’liq bo’lishi mumkin.
Avstriya rasmiylari Nazuyev ishini “AFP” bilan muhokama qilishdan bosh tortgan.
Rossiya bilan kelishuv
Sudlangan gumondorlar va Interpol qidiruviga berilgan shaxslarni qaytarishni yengillashtirish uchun 2006-yilda Rossiya va Avstriya kelishuv imzolagan. Shundan beri Yevropa Ittifoqidan yuzlab chechenlar chiqarib yuborilgan.
Ekstraditsiya bo’yicha rasmiy statistika mavjud emas, biroq Yevropa Kengashi 2017-yilgi hisobotida ba’zi davlatlar “chet eldagi siyosiy raqiblarini ta’qib qilish uchun” Interpol tizimini suiiste’mol qilayotganini qoralagan edi.
Qator jihodchilik hujumlarida chechenlar ishtirok etganidan so’ng Yevropa davlatlarida chechen muhojirlarga nisbatan munosabat salbiylashgan.
“Xavfsizlik xizmatlari keyingi hujumlarning oldini olishga shayligi shubhasiz”, - deydi Parij Nanter universitetida postsovet davlatlar bo’yicha ekspert Anna le Xero.
Darhaqiqat, 2020-yilning oktabrida fransiyalik o’qituvchi Samuel Petining chechen muhojir tomonidan o’ldirilganidan so’ng Avstriya o’z hududidagi chechen mahallalarda ekstremizmning oldini olishga qaratilgan maxsus guruh tuzgan.
Fransiyadagi qotillikdan bir oy o’tib, Venada jihodchi deb tasvirlangan shaxs to’rt kishini o’ldirgan. 2021-yilning dekabrida Avstriya Moskva bilan “samarali hamkorlik” bo’yicha maqtanib, 10 kishini Rossiyaga deportatsiya qildi. Rossiyaning yana to’rt fuqarosi hibsda, ular ham vataniga jo’natiladi.
Avstriya Ichki ishlar vazirligiga ko’ra, Ukrainadagi urush tufayli Rossiya bilan tijoriy reyslar to’xtatilganiga qaramasdan deportatsiyalar davom etyapti.
Grozniyda qiynoq
“Rossiyaga qaytgandan ko’ra, shu yerda o’zimni o’ldirganim ma’qul”, - deydi Nazuyev. U Chechenistonisdan qochishdan oldin elektr toki bilan qiynoqqa solinganini ta’kidlaydi.
Moskva Yevropa hukumatlarini vataniga qaytarilgan chechenlarga nisbatan adolatli munosabatda bo’linadi, deya ishontirib kelmoqda.
Biroq bir necha kishi o’lgani, bedarak yo’qolgani, qiyonoqqa solingani haqida ma’lumotlar bor. Huquq faollari deydiki, ayrimlarga “soxta” ayblovlar qo’yilgan.
Rossiyada man etilgan “Memorial” huquq tashkiloti yaqinda Fransiyani 20 yoshli Daud Muradovning o’limiga ko’z yumganlikda tanqid qildi. U 2020-yilning dekabrida Rossiyaga topshirilgan edi. 2021-yil oxirida u Grozniyga ko’chirilgani va qiynoqqa solingani da’vo qilinadi.
“Memorial” ma’lumotiga ko’ra, qarindoshlariga Muradovning o’limi haqida xabar berilgan, lekin uning jasadi ham, autopsiya natijalari ham topshirilmagan.
Venada o’ldirilgan
Xorijdagi chechenlar ekstraditsiyadan ko’ra ko’proq Ramzan Qodirovning “jallodlaridan” qo’rqishadi. 2009-yilda Venada Qodirovning raqiblaridan biri otib o’ldirilgan. Avstriya sudlari bu ishda Checheniston rahbarining qo’li borligini qayd etgan.
Marhumning advokati Nadya Lorenzning “AFP” agentligiga aytishicha, Avstriya sudlari va Grozniy o’rtasidagi yozishmalar qotillarga uning mijozi qayerda yashashini aniqlab olishga imkon bergan.
O’limidan bir necha kun oldin, to’rt farzandning otasi Umar Israilov ko’chada uni kuzatishayotganini aytib, Avstriya politsiyasidan uni himoya qilishni so’ragan. Ushbu voqea Qodirovning qotillik tarmog’i qanday faoliyat olib borishiga e’tibor qaratdi. Uni o’ldirishni Qodirov buyurgan, deydi prokurorlar.
Israilovning xotini so’zlariga ko’ra, chechen rahbari uning eriga ikki bor qo’ng’iroq qilib, darhol Rossiyaga qaytishni talab qilgan. Ammo Qodirovning roli to’liq oshkor etilmadi, chunki Venaning tergovda yordam so’rab qilgan murojaatlariga Moskva javob bermadi.
Chechen faoli Roza Dunayevaning aytishicha, 2020-yilning iyulida Vena va Fransiyadagi, shuningdek, 2011-yilda Istanbuldagi o’xshash qotilliklar uchun ham “qodirovchilar” javobgar.
Ta’qib
“OAV bizni jinoyatchilik va diniy ekstremizmga aloqador deb tasvirlaydi. Vaholanki, aksar chechenlar qo’rquvda va siyosatga aralashishni aslo istamaydi”, - deydi Dunayeva.
Masalan, dzyudo bo’yicha chempion Shamil Borchashvili o’tgan yili Tokio olimpiadasida bronzani qo’lga kiritdi. 19 yoshli Zelimxon Kazan (ismi o’zgartirilgan) Avstriyada tug’ilgan va hech qachon Chechenistonda bo’lmagan. U dasturlash bo’yicha tahsil olmoqda va allaqachon ikkita startapga asos slogan.
“Ishlayman va menga kerak bo’lgan hamma narsam bor, lekin o’zimni 100 foiz xavfsiz his etmayman”, - deydi u.
O’smirning Rossiyaga aloqador hujjatlari yo’q. Avstriyada fuqarolik to’g’risidagi qonunlar juda qat’iy ekan, u tug’ilgan mamlakatida ham fuqarolik ololmaydi. Politsiya uni har oy 3-4 marta to’xtatib, hujjatlarini tekshiradi.
“Ba’zida so’kishadi, meni zo’ravonlikka gijgishlash uchun”, - deydi Kazan.
“AFP” bilan gaplashgan chechen muhojirlarning hammasi o’zini Avstriya politsiyasi tomonidan nishonga olinayotgandek his etishini, hatto kichik bir to’qnashuv ham deportatsiya bilan tugashi mumkinligini aytadi.
2021-yilning yozida Avstriya politsiyasi xodimlari bir chechenni kaltaklayotgani kameraga yozib olingan va ular aybdor deb topilgan.
"Miyasini yuvadi"
Roza Dunayeva ijtimoiy tarmoqlarda anchagina folloverga ega Ramzan Qodirovning Yevropada tug’ilgan yosh chechenlarga nisbatan ta’siri kuchayib borishidan xavotirda.
“Ularni agar o’ldirmasa, “miyasini yuvadi” va G’arbga qarshi qayrashga harakat qiladi”, - deydi u.
Xorijdagi chechen muhojirlar, shuningdek, kokain savdosi yoshlar hayotini barbod qilayotgani, ular mafiya klanlari uchun oson o’lja ekanini aytadi. Ayollar esa “katta akalari” tomonidan erkinliklari cheklanayotganidan shikoyat qiladi.
Avstriyada kamsitishlardan g’azablangan ayrim chechenlar Qodirovning tuzog’iga tushadi.
“Rejim Yevropada ta’lim olgan va o’z vataniga qaytgan yosh chechenlar uchun yaxshi martaba va kelajak va’da qiladi. Chechenistonning jangovar mifologiyasiga singib ketgan ba’zilar uchun geylarga tashviqot ham jozibali bo’lishi mumkin”, - deydi ekspert Anna le Xero.
Qodirov Rossiya kuchlari tomonida jang qilish uchun Ukrainaga 1000 nafar harbiyni jo’natgani xabar qilinmoqda. Bir qancha manbalarga ko’ra, Ukraina tomonida kurashayotgan chechenlar ham yo'q emas.
Urushdan qochgan millionlab insonlar qatorida bir chechen ayol va uning o’g’li ham bor. Ular Ruminiyada hibsga olingan va ekstraditsiya qilinishi kutilmoqda.
Sud ayolni “Rossiya Federatsiyasiga qarshi qurolli guruhga a’zolikda” aybdor deb topgan. Uning apellyatsiya shikoyati rad etilgan.
Rossiya yangi urush boshlagan bo’lsa-da, chechenlarga nisbatan “ovni” to’xtatgani yo’q.
“AFP” ma’lumotlaridan foydalanildi
Facebook Forum