Breaking News

Chechenistonda mustaqil jurnalistlarga toqat yo'q


Checheniston rahbari Ramzan Qodirov
Checheniston rahbari Ramzan Qodirov

Prezident Ramzan Qodirov Chechenistonda mustaqil jurnalistikaga toqat yo’qligini ochiq aytmoqda. Koronavirus yuzasidan tanqidlardan g’azablangan Qodirov o’tgan oy Rossiyadagi oz sonli mustaqil nashrdan biri, “Novaya Gazeta” va uning muxbiri Yelena Milashinaga tahdid qildi.

“Agar biz jinoyat sodir etishimizni va jinoyatchiga aylanishimizni xohlasangiz, shunchaki ayting. Kimdir bu yukni, mas’uliyatni o’z zimmasiga oladi, qonunga muvofiq jazolanadi, qamoqda o’tiradi va ozod qilinadi”, deyiladi Qodirovning ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan bayonotida.

Bu birinchi tahdid emas. Fevral oyida Yelena Milashina Grozniyda kaltaklangan edi. “Novaya Gazeta”ning olti muxbiri, jumladan Anna Politkovskaya, jurnalistik faoliyati tufayli o’ldirilgan.

Qodirovning navbatdagi tahdidi keskin qoralandi. AQSh Xelsinki komissiyasi, Yevropa Ittifoqi va Yevropa Kengashi hamda xalqaro inson huquqlari tashkilotlari Kremldan chora ko’rishni, “Novaya Gazeta” va Milashinani himoya qilishni talab qilishdi.

Moskvadan javob shuki, Qodirov qilgan tahdid “g’ayrioddiy narsa emas”.

“Bu voqeada taqiqlangan yoki noqonuniy biror narsa bo’lgani yo’q”, - deydi Kreml so’zlovchisi Dmitriy Peskov.

Uning aytishicha, Qodirovning bayonotiga javob berishga ham, Milashinani himoya ostiga olishga ham zarurat yo’q.

“Roskomnadzor” agentligi gazetaga maqolani olib tashlashni buyurgan, tahririyat buyruqni bajargan.

Mediaga qarshi zo’ravonlik tarixi

Kreml vaziyatga “g’ayrioddiy nasa emas” deya baho bergani haqiqatga yaqin.

18 yoshida rus armiyasiga qarshi kurashgan Ramzan Qodirov avtonom respublikani 13 yildan beri boshqaradi. Boshidanoq uning hukumati jurnalistlar va huquq himoyachilarini ta’qib qilgan. Uning tanqidchilariga hujumlar, jamoat oldida izza qilish va hatto o’ldirish hollari bo’lgan.

2015-yilda chechenistonlik bloger Adam Dikayev Qodirovni “Mening eng yaqin do’stim Prezident Putin” qo’shig’i ostida sportzalda shug’ullanayotgani uchun tanqid qilgan. Bir necha kun o’tib, Dikayevning yarim yalang’och holatda gaplari uchun uzr so’ragan videosi tarqalgan edi.

Oradan besh yil o’tib ham Checheniston aholisi ijtimoiy media kanallarda rahbariyatni kamdan-kam hollarda muhokama qiladi. Respublikaga ish yuzasidan safar qiladigan oz sonli jurnalistlar zo’ravonlikka yo’liqishi mumkin.

Fevralda Yelena Milashina va advokat Marina Dubrovina poytaxt Grozniyda kaltaklangan. Ular Qodirovning qarindoshlari va unga yaqin odamlarning hashamatli turmushi haqida videolar tayyorlagan blogerning sudga berilgani haqida reportaj tayyorlash uchun borgan edi. Milashina hujumchilar o’z harakatlarini videoga tushirgaganini aytadi.

Jurnalistlar himoyasi

“Novaya Gazeta”ning maxsus loyihalar bo’limini boshqaruvchi Yelena Milashina Chechenistonda gomoseksuallar o’g’irlanishi, qiynoqqa solinishi va o'ldirilishi haqida surishtiruv o’tkazgan. Maqola chop etilganidan keyin uning hayotiga tahdidlar bo’lgach, Rossiyani bir necha oyga tark etgan.

“Jurnalistga qarshi ekstremal chora ko’rilganda, u o’ldirilganda, uning ishini davom ettiradigan boshqasi egallaydi. Hukumatlarning loqaydligi fonida jurnalistlar uchun yagona himoya ishni davom ettirishdir. Faqat shu bizni himoya qiladi”, - deydi u.

AQShning “Jasoratli ayol” xalqaro mukofoti bilan taqdirlangan Milashina Rossiya hukumatidan uni Qodirovdan himoya qilishni kutmaydi.

“Qodirov Kreml nuqtai nazaridan samarali ishlayapti. Checheniston aholisi rahbarlardan qo’rqishi ularga ma’qul. Qodirovga keng vakolatlar berilgan. Mahalliy xavfsizlik kuchlari haddidan oshsa ham jazolanmaydi”, - deydi jurnalist.

“1,5 million aholi yashaydigan, o’z ovoziga ega bo’lmagan region haqida axborot uzatishni to’xtatishim mumkinmi? Bunday qila olmayman”.

“Novaya Gazeta” bosh muharriri Dmitriy Muratov:

“Checheniston Rossiya Federatsiyaning hududi. Biz esa federal mediamiz va butun Rossiya bo’ylab faoliyat yuritamiz. Tabiiyki, Chechenistonni yoritishda davom etamiz”.

"Novaya Gazeta" bosh muharriri Dmitriy Muratov
"Novaya Gazeta" bosh muharriri Dmitriy Muratov

Shafqatsiz populist

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 2007-yilda Ramzan Qodirovni Checheniston rahbari etib tayinlagan. Ikki shafqatsiz urushni boshdan kechirgan mintaqa uning boshqaruvi ostida nisbatan barqaror bo’lsa-da, xalqaro tashkilotlar Qodirovni inson huquqlarini qo’pol ravishda toptayotganlikda ayblaydi.

Qodirov G’arb ommaviy axborot vositalariga kamdan-kam intervyu beradi. “Ozod Yevropa/Ozodlik” xalqaro radiosi sobiq muxbiri Gregori Fayfer undan 2009-yilda suhbat olgan edi.

“Intervyuni yozayotganimizda huquq himoyachisi Natalya Estemirova o’ldirilganiga bir oy ham to’lmagan edi. Suhbat g’aroyib bir muhitga o’tgan. Ancha soat kutdik, so’ng soat 2 ertalabga belgilandi. Shaxsiy hayvonot bog’i joylashgan katta bir qarorgohda o’tdi”, - deya eslaydi Fayfer.

“Saroyga kirib borganimizda Qodirov bilyard o’ynayotgan edi. Shumtaka bolalarga o’xshab goh qichqirib, goh qo’shiq aytardi. Umuman olganda, o’zini tutishi g’alati, biroz aqldan ozgan yoki hissiyotlari to’lib toshadigan odamdek ko’rindi bizga”, - deydi sobiq muxbir.

Fayferga ko’ra, Qodirov barchadan unga sodiq bo’lishni talab qiladi, lekin o’z xalqi uchun kuyinib ham gapiradi. Saroyda yashishini esa xavfsizlik bilan izohlagan.

“Qodirov ochiqchasiga shafqatsiz, g’ayriinsoniy, ammo shu bilan birga populist lider. Qodirov “Chechen urushida g’alaba qildi”, u Moskvadan pul oladi, aslida Putinga sodiqligi evaziga haqiqiy mustaqillikka erishgan, degan gap-so’zlar ko’p. Bu qisman to’g’ri. Putin uchun bu muammo emas, chunki aynan shuni istaydi”, - deydi Fayfer.

Biroq Chechenistonda inson huquqlari toptalgan sari xalqaro hamjamiyatning Qodirovga e’tibori oshmoqda.

2013-yildan beri AQSh Moliya vazirligi Magnitskiy qonuni doirasida Qodirov va yana 11 kishiga sanksiya qo’ygan. Qonun inson huquqlarini toptagan shaxslarning xorijdagi mulkini muzlatadi, AQShga kirishini va bu davlat bilan biznes qilishini taqiqlaydi.

Kongress, shuningdek, Qodirov bilan aloqada bo’lgan Yaqin Sharq davlatlarini ham sanksiya ehtimoli haqida ogohlantirmoqda.

Putinga signal yuboryapmiz, deydi kongressmen Tom Malinovskiy:

“Agar shu odam [Qodirov] bilan yonma-yon harakat qilsangiz, undan foydalansangiz, unga sherik hisoblanasiz”.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG