Breaking News

Jurnalistlar koalitsiyasi: Azimjon Asqarov ozod qilinsin


Umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan qirg'izistonlik jurnalist va huquq faoli Azimjon Asqarov
Umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan qirg'izistonlik jurnalist va huquq faoli Azimjon Asqarov

Dunyoning yetakchi nashrlari asos solgan “One Free Press Coalition” tashkiloti zudlik bilan ozod etishni yoki adolatli sud qarori chiqarishni talab qilib har oyda 10 jurnalist roʻyxatini eʼlon qiladi. Koalitsiyaning may oyi uchun tayyorlangan roʻyxatida qirg'izistonlik jurnalist Azimjon Asqarov nomi birinchi raqam ostida qayd etildi.

Koalitsiya jurnalist ishiga adolatli yondashishni, xususan, COVID-19 pandemiyasi xavfini inobatga olib, uni zudlik bilan ozod etishni soʻramoqda.

Millati oʻzbek jurnalist Qirgʻiziston janubida 2010-yildagi millatlararo nizolardan keyin umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan edi.

Jurnalist va huquq himoyachisi boʻlgan Azimjon Asqarov iyun voqealari vaqtida Jalolobod viloyatining Bozorqoʻrgʻon tumanida yashagan militsiya xodimi Miktibek Sulaymanovni oʻldirishda ayblangan. Bundan tashqari unga qarshi ommaviy janjal asnosida ommaviy tartibsizliklarni uyushtirish hamda millatlararo nizo qoʻzgʻash ayblari qoʻyilgan.

Asqarov qoʻlga olingandan keyin oʻziga qarshi bir necha kun qiynoq qo'llangani haqida advokatiga aytib berganidan soʻng u himoyalanish huquqidan mahrum qilingan.

“Azimjon Asqarovning ishi 2010-yil iyun voqealari boʻyicha olib borilgan sud jarayonlari qonunni oyoq osti qilib, adolatsizlik bilan oʻtganini koʻrsatib beruvchi yorqin bir namuna”, -deydi qirgʻizistonlik huquq faoli va jurnalist Abdumoʻmin Mamaraimov “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

Uning fikricha, Asqarov inson haqlari himoyachisi boʻlib turib, oʻzi yashagan tumandagi barcha sud, tergov organlaridagi, prokuraturadagi xodimlarning hammasi bilan, tuman hokimi bilan shaxsan tanish boʻlgan. Ular bir-birlarini yaxshi bilgan.

“Shunga qaramay u odamni bilib turib, u odamning avval ularning faoliyatiga qarshi olib borgan ishlari, tanqidlari, ularning qonunsizliklarini oshkor qilib, ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilib yurgani uchun oʻch olish maqsadida amalga oshirilgan sud bu. Tergov-sud mana shu ruhda oʻtdi”, - deydi u.

Javobsiz qolayotgan xalqaro tavsiyalar

Yaqinda Xalqaro huquqni himoya qiluvchi "Amnesty International", "Civil Rights Defenders", "Front Line Defenders", "Human Rights Watch" hamda Inson haqlari uchun xalqaro hamkor tashkilotlar Qirgʻiziston Prezidenti Sooronbay Jeenbekovga Azimjon Asqarovni ozod qilishni so'rab murojaat qilishdi.

Murojaat mualliflari Asqarov 68 yoshda ekanini, uzoq yillar davomida yurak hamda oʻpka kasaliklaridan jabrlanib, “tegishli hamda yetarli shaklda davolana olmayotganini” taʼkidlaydi. Ularga ko'ra, Asqarov koronavirus yuqtirish xavfi yuqori bo'lgan toifaga mansub.

Yevropa Ittifoqining Xavfsizlik siyosati boʻyicha oliy vakili Federika Mogerini 2019-yili Qirgʻizistonga qilgan safari vaqtida Asqarovning ishi “muhokama bosqichida” ekanini bildirgan, ammo soʻzlashuvlar haqida batafsil maʼlumot oshkor qilmagan edi.

2017-yili Qirgʻizistonning oʻsha vaqtdagi prezidenti Almazbek Atambayev Bryusselda Yevropa davlatlarining yetakchilari bilan boʻlgan uchrashuvda Azimjon Asqarov masalasida oʻz fikrini aytgan. “Ozodlik” radiosining Bryusseldagi muxbiri Rikard Jozviakga ko'ra, Almazbek Atambayev bu yig'inda Asqarov ozod qilinmasligini aytgan.

Almazbek Atambayevning prezidentligi davrida rasmiylar Asqarovning aybdor ekaniga ishonishgan. Uning AQSh Davlat departamenti tarafidan mukofotlanishi xalqaro janjalga sabab bo'lgan. Oʻsha vaqtda davlatlar orasidagi hamkorlik boʻyicha ikki tomonlama bazaviy bitim bekor qilingan.

Shuncha yildan beri BMTdan boshlab, barcha inson huquqini himoya qilish tashkilotlari Azimjon Asqarovni ozod qilishni talab qilib kelganiga qaramay, natija boʻlmayapti.

“Chunki agar Asqarov nohaq qamalgan deb, chiqarib yuborilsa, hokimiyat oʻsha paytda qilgan barcha adolatsizliklarini boʻyniga olishi kerak boʻladi va albatta buning ortidan juda koʻp odamlar javob berishiga toʻgʻri kelib qoladi”, - deydi Abdumoʻmin Mamaraimov.

Jurnalistning qoʻshimcha qilishicha, u oʻn yildan beri davom etayotgan mazkur ishda adolat qaror topishidan hali umidvor.

“Men bugungi hokimiyat, koʻplab siyosatchilar vaziyatni toʻgʻri tushunib, toʻgʻri baholay oladigan odamlar deb umid qilaman. Bunday odamlar avval ham boʻlgan, faqat bu haqda aytishdan oʻzini tiyib kelgan. Ayrim siyosatchilarni hisobga olmaganda. Masalan, sobiq bosh prokuror Qubatbek Baybolov Azimjon akaning aybsiz ekanini, uning yuqoridan qilingan talablar natijasida qamalganini ochiq aytgan. Menimcha, shunday siyosatchilar hozir ham bor. Ular ham vaqti kelib oʻz soʻzlarini aytsa kerak va hokimiyatning mazkur ishni ijobiy hal qilishdan boshqa imkoni qolmaydi deb oʻylayman”, - deb qoʻshimcha qiladi jurnalist va huquq faoli Mamaraimov.

Azimjon Asqarovning turmush oʻrtogʻi Xadicha Asqarova ham Qirgʻizistonning yuqori lavozimdagi rasmiylariga ko'plab murojaatlar yoʻllab keladi. U oxirgi murojaatini Prezident Sooronbay Jeenbekovga yoʻllab, turmush oʻrtogʻi noqonuniy hukm qilingani va BMTning inson huquqlari Qoʻmitasining qarorini eslatib, prezidentdan sudyalarni qonun ustuvorligiga amal qilishga chaqirishni chaqirgan.

Huquq himoyachisi osteoxondrozdan aziyat chekayotgani, boʻgʻin ogʻriqlari azob berayotgani va unga biror bir dori taʼsir qilmayotganini aytgan Xadicha Asqarova oʻz murojaatlariga hech qanday javob olmaganini ham qoʻshimcha qilib oʻtdi.

1-may kuni Qirgʻiziston parlamenti deputatlari ikkinchi va uchinchi oʻqishda Ulugʻ vatan urushida qozonilgan gʻalabaning 75 yilligi va Aprel inqilobining 10 yilligi munosabati bilan amnistiya toʻgʻrisidagi qonun loyihasini qabul qildi.

Ammo Asqarovning advokati Valeryan Vaxitov mijozining ishi mazkur amnistiyaga tushmasligini bildirdi.

“Amnistiya boʻyicha qonun loyihasida 60 yoshdan katta erkaklar va 55 yoshdan katta ayollarni, I va II guruh nogironligi boʻlgan imkoniyati cheklangan shaxslarni, voyaga yetmagan yoki nogiron farzandlari boʻlgan oilaning yagona boquvchisini qamoqdan ozod qilish koʻzda tutilgan. Ammo umrbod ozodlikdan mahrum qilingan shaxslarga amnistiya qoʻllanilmaydi”, - deydi advokat.

Aprel oyida Qirgʻiziston Oliy sudi Asqarovning ishini koʻrib chiqib, uning taqdiriga bogʻliq masalani uzil-kesil hal qilishi kerak edi. Ammo sud mamlakatdagi koronavirus pandemiyasi sababli qoldirilgan.

Advokat Valeryan Vaxitovning aytishicha, mazkur sud ishi 11-mayda koʻrib chiqilishi kutilmoqda.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG