Breaking News

Qirgʻiziston sudi Azimjon Asqarovga belgilangan hukmni o'zgarishsiz qoldirdi


Qirg'izistonda umrbod qamoq jazosini o'tayotgan Azimjon Asqarov
Qirg'izistonda umrbod qamoq jazosini o'tayotgan Azimjon Asqarov

Umrbod ozodlikdan mahrum qilingan inson huquqlari himoyachisi Azimjon Asqarovga chiqarilgan hukm oʻz kuchida qoldirildi.

Qirgʻizistonning Chuy viloyat sudi 30-iyul kuni 2010-yildagi millatlararo nizolar ortidan umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan Azimjon Asqarovni ozod qilish iltimosini qanoatlantirmadi.

Asqarovning advokati Valeryan Vahitov suddan huquq himoyachisini ozod qilishni iltimos qilgan, biroq prokurorlar umrbod qamoq hukmi bilan sudlanganlar ishini qayta koʻrib boʻlmasligini bildirgan.

“Sudlangan Azimjon Asqarovning iltimosi hamda Jazoni ijro qilish xizmatinin 21-tuzatish muassasasi taklifi qanoatlantirilmasin. Ajrimdan norozi tomon kassatsiya tartibida Oliy sudga shikoyat qilishga haqli”, deyiladi sud ajrimida.

Sakkiz xalqaro huquqni himoya qilish tashkiloti, xususan, Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat boʻyicha vakili Federika Mogerini Azimjon Asqarovni ozod etishni so'rab Qirg'iziston rahbariyatiga maktub yoʻllagan edi.

Mogerini Qirgʻizistonga qilgan safari vaqtida Asqarov ishi muhokama qilinganini aytgan, ammo bu haqda batafsil maʼlumot berilmagan.

2016-yili BMTning Inson huquqlari boʻyicha qoʻmitasi Azimjon Asqarovni Qirgʻiziston adliya va siyosiy tizimidagi adolatsizlik qurboni deb hisoblab, Qirgʻiziston hukumatiga Asqarov ishini qayta koʻrib chiqish va ozod qilish maslahatini bergan. Oʻsha vaqtda ham ish qayta koʻrilgan, ammo Chuy viloyat sudi Azimjon Asqarovga tayinlangan hukmni o'zgarishsiz qoldirgan.

30-iyulda oʻtgan sud jarayonida Britaniya, Germaniya, Shveysariya elchixonalari hamda "Human Rights Watch" xalqaro tashkiloti va BMTning inson huquqlari boʻyicha qoʻmitasi vakillari ishtirok etdi.

Asqarov ishi

Millati oʻzbek boʻlgan Azimjon Asqarov Qirgʻizistonning Jalolobod viloyatida “Vozdux” huquqni himoya qilish tashkilotini boshqarib kelgan. U militsiya tarafidan amalga oshirilgan qiynoqlar boʻyicha surishtiruvlari ortidan tanilgan. Fuqaro huquqlarini himoya qilib, xalqaro matbuotga maqolalar yozib turgan.

Uni 2010-yilning 15-iyunida Qirgʻiziston janubidagi millatlararo qonli toʻqnashuvlar vaqtida qoʻlga olishgan. Asqarovga “Оmmaviy tartibsizliklarni uyushtirish”, “Millatlararo nizo qoʻzg'ash” va “Odam oʻldirishda ishtirok etish” moddalari boʻyicha ayb qoʻyilgan. Sud 2010-yilning soʻngida Azimjon Asqarovni umrbod ozodlikdan mahrum qilish boʻyicha hukm chiqargan. Huquq himoyachisi oʻziga qoʻyilgan ayblarni tan olmagan.

Asqarov o'zining aslida huquq himoyachisi sifatida maʼlumot toʻplagani uchun nishonga olinganini aytadi.

Azimjon Asqarov 2015-yili AQSh Davlat departamenti tomonidan inson huquqlari himoyachilariga atalgan nufuzli mukofot bilan taqdirlangan. Bu esa Qirgʻiziston rasmiylari tomonining noroziligiga sabab boʻlgan edi.

Qirgʻizistonning hozirgi prezidenti Sooronbay Jeenbekov esa hozirgacha Asqarov ishi boʻyicha jamoatchilik oldida oʻz munosabatini bildirmagan.

Azimjon Asqarovning rafiqasi bilan suhbat
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:34 0:00

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG