Qirg‘iziston Oliy Sudi Azimjon Asqarov ishini ko‘rib chiqish jarayoni yakunlab, unga belgilangan umrbod qamoq jazosini bekor qildi hamda qayta ko'rib yangi hukm chiqarish uchun ishni Chuy viloyat sudiga jo‘natdi. Ungacha Asqarov qamoqda saqlanadi.
Oliy Sud o‘z qarorida Asqarovga nisbatan Jalolobod viloyat sudi va Oliy Sud chiqargan umbrbod qamoq jazosi to‘g‘risidagi avvalgi hukmni bekor qildi, lekin birinchi sud instansiyasi bo‘lgan Bozorqo‘rg‘on tuman sudining ayni hukmini o‘z kuchida qoldirdi. Endi Chuy viloyat sudi bu hukm qanchalik adolatli bo‘lganini ko‘rib chiqishi lozim bo‘ladi.
Kuzatuvchilarga ko‘ra, Bozorqo‘rg‘on tumani Jalolobodga yaqin bo‘lgani uchun bu shaharda Asqarov ishi qayta ko‘rib chiqiladigan bo‘lsa, norozilar sud jarayoniga halaqit berishlari mumkin. Shuning uchun ish Jalolobod va Bozorqo‘rg‘ondan qariyb 700 kilometr narida bo‘lgan Chuy viloyat sudiga jo‘natilmoqda.
"Amnesty International" sud hukmidan norozi bo'ldi. Tashkilotning Markaziy Osiyo bo‘yicha maslahatchisi Tatyana Chernovil Oliy Sud BMT Inson huquqlari qo‘mitasi tavsiyasi asosida Asqarovni sud zalidan ozodlikka chiqarishi kerak edi, deb fikr bildirdi.
Asqarov 2010-yil Qirg'iziston janubida etnik to'qnashuvlarning yuz berishiga hissa qo'shganlikda aybdor deb topilgan edi.
2010-yil mahalliy o'zbek va qirg'iz aholi o'rtasida kelib chiqqan to'qnashuvda yuzlab odam halok bo'lgan, yuz minglab odam o'z uyini tashlab qochgan edi.
Oliy sud Azimjon Asqarov ishi bo'yicha "yangi vaziyatlar" yuzaga chiqqani uchun uni qayta ko'rib chiqishga qaror qilgan.
Sud davom etayotgan payt Oliy Sud binosini va sud binosi joylashgan ko‘chani 200 militsiya xodimi nazorat qilgan.
Sudda Azimjon Asqarovning o‘zi qatnashmadi. "Ozodlik" xabariga ko'ra, uning manfaatlarini sudda advokatlar Valerian Vaxitov, Nurbek Toktakunov va jamoatchi himoyachi To‘laykan Ismailova himoya qilgan.
Asqarov ustidan da'vo qo'zg'agan va uni jinoyatchi deb biluvchi jabrlanuvchi tomon Asqarov ozod qilinadigan bo‘lsa, norozilik namoyishlari o‘tkazishi haqida ogohlantirgan.
BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi ekspertlari joriy yil 20-aprelda Asqarov ishini ko‘rib chiqib, Qirg‘iziston hukumatini huquq faolini qamoqdan ozod etishga chaqirgan edi.
Qo‘mita qarorida Asqarovning soxta ayblovlar bilan qamalganiga ishonilishi qayd etiladi. BMT ekspertlariga ko‘ra, Asqarovga 2010 va 2011-yilda o‘tgan sudlarda o‘zini himoya qilish uchun imkoniyat berilmagan; sudlarda faqat ayblov tomonining guvohlari, asosan, militsiya xodimlari ishtirok etgan.
Asqarovning himoya tomoni guvohlariga esa bunday imkoniyat berilmagan, Asqarov advokatlarining xavfsizligi ta’minlanmagan.
Azimjon Asqarovga o‘tgan yili AQSh Davlat departamentining “Inson huquqlari faoli” mukofoti topshirilgan edi. Shundan so‘ng Bishkek hukumati norozilik sifatida Vashington bilan imzolangan o‘zaro hamkorlik shartnomasini bekor qilgan.