Xalqaro huquq tashkilotlari Qirg’izistonda qamoqda saqlanayotgan jurnalist Azimjon Asqarovning zudlik bilan ozod etilishini talab qilmoqda. 68 yoshli Asqarov to'qqiz yildan buyon qamoqda. BMT unga nisbatan ayblov asossizligini ta’kidlagan, huquq himoyachilari uning ishini siyosiy deb hisoblashadi.
Azimjon Asqarov 2010-yil O’shda yuz bergan, qurbonlarning aksariyati o’zbeklar bo’lgan etnik to’qnashuvlarga aloqador deb topilgan edi. Bir umrlik qamoq jazosiga hukm qilingan jurnalist salomatligi keskin yomonlashgani xabar qilinmoqda. Sakkiz xalqaro huquq tashkiloti uni zudlik bilan ozodlikka chiqarishni talab qilmoqda.
Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar bo’yicha yuqori martabali mulozimi Federiko Mogerini nomiga yo’llangan bayonot 7-iyul kuni Qirg’izistonda kutilayotgan Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi arafasida e’lon qilindi.
Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi, Hyuman Rayts Votch (Human Rigths Watch), Xalqaro Amnistiya va yana bir necha huquq tashkilotlari hamkorlikda tarqatgan bayonotda Azimjon Asqarov adolatsiz sud hukmi bois to'qqiz yildan buyon qamoqdaligi, salomatligi keskin yomonlashgani, zudlik bilan tibbiy muolajaga muhtojligi aytiladi.
Bayonotda Asqarov ishi 2016-yili BMT Inson huquqlari qo’mitasi tomonidan ko’rib chiqilgani va mahkama adolatsiz deb topilgani ham ta’kidlangan.
BMT Asqarov ishni taftish qilishi ortidan Qirg’iziston hukumatiga jurnalistni 2016-yilning mart oyiga qadar ozodlikka chiqarish talabini qo’ygan edi. Bu talabdan so’ng Asqarovning ishi Qirg’iziston Oliy sudida qayta ko’rib chiqildi, ammo mahkama yana avvalgi hukmni, bir umrlik qamoq muddatini o’z kuchida qoldirdi.
2019-yilda Yevroparlamentning Yevropa Ittifoqi va Qirg’iziston o’rtasidagi hamkorlik yuzasidan qabul qilgan rezolyutsiyasida ham Azimjon Asqarovga doir alohida band ajratilgan.
Unda ta’kidlanishicha, Yevroparlament Asqarovga nisbatan adolatsiz hukmdan norozi, Qirg’iziston hukumati jurnalistni zudlik bilan qamoqdan ozod qilishi, oqlashi, unga yetkazilgan zararni qoplashi kerak.
Federika Mogeriniga murojaat qilgan huquq tashkilotlariYevropa Ittifoqining martabali rasmiysidan Asqarovni ozodlikka chiqarish, shoshilinch tibbiy muolaja ko’rsatish, uni oilasi bilan uchinchi mamlakatga olib chiqish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishga chaqiradi.
Tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi 7-iyul kuni Bishkekda o’tadi. Unda mintaqadan vazirlar, jumladan O’zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov ham ishtirok etishi kutilmoqda.
O’zbeklar zich yashaydigan Qirg’iziston janubida yuzaga chiqqan etnik to’qnashuvlar paytida Toshkent betaraflik maqomini olgan, marhum prezident Karimov to’qnashuvlar uchinchi tomonning fitnasi ekanligi haqida bayonot bilan chiqqan edi.
Huquq himoyachisi sifatida faoliyat yuritgan Azimjon Asqarov O’shdagi o’zbek faollaridan biri ham edi. U etnik to’qnashuvlar paytida qirg’iz millatiga mansub militsioner o’limiga aloqadorlikda aybdor topilib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan.
Bu ziddiyatda 500 dan oshiq qirg’izistonlik halok bo’lgan - qurbonlarning 70 foizdan oshig’ini o’zbeklar, 30 foizga yaqinini qirg’izlar tashkil qilgan. To’qnashuv paytida taxminan 100 ming qirg’izistonlik o’zbek O’zbekistonga qochib o'tgan edi.
Etnik ziddiyat tinchishi ortidan Qirg’iziston hukumati to’qnashuvlarga doir mahkama boshladi. Asosan o’zbeklar aybdor topilgan bu mahkamada o’nlab o’zbek faollari turli muddatlarga qamoq jazosiga hukm qilindi, ayrimlari qochqinlikka tutildi.
Azimjon Asqarovning ishi qiynoqlar qo’llangani, adolatsiz mahkama o’tkazilgani bilan xalqaro tashkilotlar diqqatiga tushdi.
Facebook Forum