Qirg'izistonning Chuy viloyat sudi o'zbek huquq faoli, 2010-yilda janubdagi qirg'in ketidan umrbor qamalgan Azimjon Asqarovning ishini qayta ko'rib chiqib, avvalgi hukmni o'z kuchida qoldirdi.
Militsiyaga qarshi jinoyatda, xususan militsiya xodimi Miktibek Sulaymonovning o'limida, "millatlaro nizo" qo'zg'atishda ayblangan Asqarov qamoqda qoladi.
"Sud kollegiyasi Asqarovning uni bir necha marta qiynoqqa solganlari to'g'risidagi so'zlariga shubha bildiradi, chunki uch davlat ruhshunosi Asqarovning "yolg'onchilikka moyil" ekani hqida xulosa chiqargan", deyiladi sud hukmida.
Azimjon Asqarov muddatsiz ochlik e'lon qilgan. Huquq faollari, Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasi va boshqa xalqaro tashkilotlar qarordan norozi va unga qo'yilgan ayblovlarni bekor qilib, uni ozod etishga da'vat etmoqda.